Isitish tizimida yangicha loyiha o‘z samarasini bermoqda

19:16 18 May 2023 Iqtisodiyot
774 0

Arxiv foto

Respublikamizda mavjud inshootlarni kuz-qish mavsumida issiqlik manbai bilan ta’minlash kunning muhim vazifalaridan biriga aylandi. Uzoq yillar davomida hosil bo‘lgan muammoning ijobiy yechimini ta’minlash vaqti keldi. Zero, qayd etilishicha, hozirda mamlakatimizdagi 15 mingta ijtimoiy soha ob’yektida isitish tizimlari ta’mirtalab holatda. Bu esa  issiqlik energiyasining 35 foizi yo‘qotilishi va issiqlik harorati me’yorga nisbatan 2 baravar pastlab ketishiga sabab bo‘lmoqda. Vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishning imkoni bormi?

Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida bundan uch yil muqaddam shu kabi savollarga javob izlab isitish tizimini xususiy sheriklik asosida yangilash va boshqarish bo‘yicha tajribaga qo‘l urildi. Ya’ni,  “Issiqlik ta’minoti” isitish klasteri tomonidan Turkiya texnologiyasini joriy etishga kirishildi.  Ayni paytda hududdagi 69 ta ob’yekt yangi loyiha asosida isitilmoqda. Aytish joiz, an’anaviy usulda ushbu maskanlarni isitish uchun mavsumda 5,3 mlrd. so‘mlik yonilg‘i sarflangan bo‘lsa bugungi kunga kelib  bu ko‘rsatkich 3,2 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Demak, 2,1 mlrd. so‘mni iqtisod qilishga erishilyapti.

- Yangi loyihaning avzallik jihatlari ko‘p ekan,-deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh muhandisi Iftixor Mo‘minov. –Masalan, avvallari bir mavsumda 600 tonna ko‘mir sarflagan bo‘lsak, endilikda 400 tonna  kifoya qilmoqda. Qolaversa, oldinlari ayni qishning qahratonida qozonxonalarda bosimning ortishi natijasida nosozlik yuzaga kelar, bu esa binolarning ma’lum vaqt sovuqda qolishiga olib kelardi. Tavsiya etilgan qozonxonalar kompyuterlashtirilgan bo‘lib, avtomatik tarzda boshqariladi. Bu esa me’yoriy talablarni joriy etishda qo‘l kelmoqda va shuning uchun nosozliklar yuzaga kelmayapti. Eng muhimi, o‘tgan yilning qish faslidagi anomal sovuq sharoitida ham kasalxonalarimizdagi xonalarda 25-28 daraja issiqlikni ta’minlay oldik.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yangi loyiha asosida bir tonna ko‘mir bilan 4 ming 600 kv. metr joyni bemalol isitish mumkin. An’anaviy usulda buning uchun  3 tonna ko‘mir sarflangan. Agar tumandagi barcha ob’yektlar shu tarzda isitiladigan bo‘lsa yiliga 121,5 mlrd so‘m mablag‘ va 143,7 ming tonna ko‘mirni iqtisod qilinishiga erishiladi.   Eng muhimi, xonalarda zaruriy issiqlik me’yorini ta’minlash imkoni yuzaga keladi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер