Ish bilgan odam hayotini goʻzallashtiradi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Shoʻrchi tumanidagi Joyilma mahallasida Otabek Mahmudov noyob parrandalarni parvarishlab kelmoqda. Bugun uning xoʻjaligida qirgʻovul, tovus, brama zotli tovuq singari besh turdan ziyod jonivorlar bor. Eʼtiborlisi, ular faqat ishqibozlik uchun koʻpaytirilmaydi, yaxshigina daromad manbaiga ham aylantirilgan.
— Asl kasbim ustachilik, uylar quramiz, binolarni taʼmirlaymiz, — deydi O. Mahmudov. — Boʻsh vaqtlarimiz ham boʻladi. Qishloq joyda tomorqada ekin-tekin ekish odatiy hol. Deyarli hamma yerda ishlashga imkon topiladi. Men shularga qoʻshimcha sifatida kamyob parrandalarni boqaman. Bunday jonivorlarni parvarishlash orqali nafaqat estetik, balki yaxshigina iqtisodiy foyda ham olish mumkin. Masalan, tovuslar birinchi navbatda oʻz goʻzalligi bilan odamni maftun etadi. Ishqibozlari ham koʻp. Uning parhezbop goʻshti esa shirin taʼmi va sogʻliq uchun foydaliligi bilan ajralib turadi. Tovuslar uzoq umr koʻruvchi qushlar hisoblanadi, 50-yil yashashi mumkin. Ozuqa isteʼmolida injiq emas. Ratsionini makkajoʻxori, suli, bugʻdoy, guruch, hasharotlar lichinkalari, oʻtlar, mevalar va sabzavotlar tashkil qiladi. Makiyon tovuslar yiliga 2-marta polapon ochib chiqsa-da, yil davomida tuxum qoʻyishdan toʻxtamaydi. Tuxumlari oʻrtacha inkubatsiya davri — 27-30 kun. Inkubatsiya uchun faqat yangi, qoʻyilganiga 10 kundan oshmagan tuxumlardan foydalaniladi. Tovus tuxumlarini tovuq yoki oʻrdak ostiga bosib chiqarish uchun qoʻyish mumkin. Biz ularning bir dona tuxumini 80-90 ming soʻmdan, joʻjasini esa 200-250 ming soʻmdan sotayapmiz.

Qirgʻovul, yaʼni tustovuq haqida gap ketganda xayolimizda ov bilan bogʻliq hodisalar gavdalanadi. Biroq uni uy sharoitida ham koʻpaytirish mumkin ekan. Goʻshti parhezlik xususiyatlari tufayli koʻpchilikka manzur boʻladi. Otabek Mahmudovning aytishicha, bu parrandaning uy sharoitida parvarishlash uchun eng maqbul zoti ov qirgʻovuli ekan:
— Shu turdagi parrandalarni parvarishlash uchun ikki asosiy sharoit — maydon va maxsus kataklar talab etiladi. Har bir qirgʻovul uchun eng kamida 2 kv.m maydon ajratiladi. Qirgʻovullar guruh qilib saqlanganda maydon hajmi kamida 5 kv.m ni tashkil etishi kerak. Maxsus jihozlangan kataklarni issiq qilib qurish shart emas, chunki ular sovuq havoda qiynalmay yashay olishadi. Koʻpayish mavsumi mart oyidan iyulgacha. Oʻrta hisobda bir makiyoni shu davrda 50 taga, hatto 100 tagacha tuxum beradi. Makiyon qirgʻovullar tuxum bosishda sabrsiz. Bostirilgan 50 ta tuxumdan atigi 10-15 ta joʻja ochib chiqishi mumkin. Shu bois ularning tuxumlarini oʻrdak, kurka yoki tovuqlarga bostirgan maʼqul.

Turli jonivorlar parvarishlashni daromad manbaiga aylantirgan qahramonimiz noyob moʻynali quyonlarni koʻpaytirishni ham maqsad qilgan. Bu borada dastlabki qadamlarni tashladi. Eng muhimi, turmush oʻrtogʻi bilan biror muammo boʻlsa birgalikda yechim topishadi. Zero, ish bilgan odam oʻz hayotini goʻzallashtiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring