Iqtidorni yuzaga chiqaradigan maktab

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Yoshlarning isteʼdodini rivojlantirish va ularni kasbga yoʻnaltirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Barkamol avlod” bolalar maktablarida bu borada qulay sharoit va imkoniyatlar yaratildi. Kasbiy taʼlim tizimida samarali uslublar yoʻlga qoʻyildi.
— Oʻgʻil-qizlarimizni kasbga toʻgʻri yoʻnaltirishdagi eng asosiy mezon avvalo ulardagi iqtidor va qiziqishni bilishdan iborat, — deydi Sirdaryo viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Oliya Turdiyeva. — Zero, bola borki, har birida qandaydir kasb, soha boʻyicha jimitdek boʻlsada, iqtidor mavjud. Bugungi kunda “Barkamol avlod” bolalar maktablariga kelayotgan har bir oʻquvchi ana shu tarzda, yaʼni oʻz qiziqishi va iqtidoriga mos kasblarni oʻrganishga yoʻnaltirilmoqda.
Aytish lozimki, hozirda mazkur muassasalarda bolalarga tavsiya etilayotgan kasblar bir vaqtdagidek barmoq bilan sanarli emas. Oʻquvchilarning ularga qatnovida ham oʻsish bor. Masalan, oʻtgan yilda viloyat va tuman-shaharlar “Barkamol avlod” bolalar maktablarida 7 142 nafar oʻquvchi 7 yoʻnalishdagi 276 ta toʻgarakda tahsil olgan boʻlsa, hozir 8296 nafar oʻquvchi 7 yoʻnalishdagi 294 ta toʻgarakda oʻz qobiliyatlarini rivojlantirmoqda.
Bugun “Barkamol avlod” bolalar maktablaridagi kasblar mundarijasi ancha kengaygan. Anʼanaviylari qatoriga kelajak kasblari degan zamonaviy mutaxassislik hamda hunarlar ham qoʻshilgan. Yangi yoʻnalishlar paydo boʻlgan. Masalan, oʻquvchilar texnologiya va innovatsiya yoʻnalishida robototexnika, dasturlash hamda konstruktorlikni oʻrganmoqda. Kasb-hunar va sanʼat yoʻnalishidagilar tikuvchilik, kashtachilik, yogʻoch oʻymakorligi, keramika sanʼati, milliy libos dizayni, hunarmandchilik boʻyicha amaliy koʻnikmalarga ega boʻlmoqda.
Shuningdek, oʻquvchilarning xalqaro va respublika tanlovlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, loyihalar va festivallarda ishtiroki ularga oʻz bilim va koʻnikmalarini amaliyotda sinab koʻrish imkoniyatini bermoqda. Mazkur maktablarda kasb oʻrganayotgan, turli sohalar boʻyicha isteʼdodini rivojlantirayotgan koʻplab oʻquvchilar turli nufuzli tanlovlarda yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda.
— Bolami, katta yoshdagi kishimi, har kim mehnati va iqtidoriga berilgan eʼtirofdan oʻziga boʻlgan ishonchi yanada ortadi, — deydi Oliya Turdiyeva. — Oʻquvchilarimizning turli tanlovlarda ishtirok etishi va gʻolib boʻlishi ham koʻzlagan natijaga erishishimizda katta ahamiyatga ega. Qolaversa, viloyatimizdagi bolalar maktablari taʼlim jarayonini innovatsion uslublar, interfaol texnologiyalar va amaliy mashgʻulotlar asosida tashkil etish boʻyicha ilgʻor tajribaga ega. Har bir kasb-hunar boʻyicha shu sohaning yetuk mutaxassis-pedagoglari murabbiylik qilmoqda. Ilmiy, texnik va madaniy yoʻnalishdagi loyihalarimiz yoshlarning ijodiy salohiyatini oshirib, ularning kelajak kasblariga tayyorgarlik koʻrishiga imkon yaratmoqda. Bulardan koʻzlagan asosiy maqsad, kelajak avlodni intellektual, ijodiy va kasbiy jihatdan yetuk etib tarbiyalashga munosib hissa qoʻshishdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring