Iqlim oʻzgarishining oldini olish uchun nimalar qilish kerak?

16:36 04 Oktyabr 2023 Jamiyat
789 0

Bugun jahon hamjamiyati insoniyat oldida turgan eng muhim boʻlgan muammolardan biri etib, global iqlim oʻzgarishi ekanligini tan olmoqda. Hozirgi kunga kelib, dunyo miqyosida har bir davlat ham iqtisodiy, ham ijtimoiy rivojlanishi uchun oʻzidagi bor imkoniyatlarini toʻliq ishga solmoqda.

Bunday globallashuv sharoitida dunyoda sanoat shiddat bilan oʻsib boryapti. Ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi sohalari rivojlanyapti. Ushbu sohalarning barchasini shiddat bilan rivojlantirish uchun bugungi kunga kelib insonlar tomonidan tabiat inʼom etgan tabiiy resurslardan meʼyoridan ortiq va samarasiz foydalanish yuzaga kelmoqda.

Natijada yer sharining turli qismlarida iqlim oʻzgarishlar yuz beryapti. Ayrim hududlarda tabiiy ofatlar va suv toshqinlari yuzaga kelayotgan boʻlsa, ayrimlarida suvsizlik, qurgʻoqchilik va choʻllanish vujudga kelmoqda. Bu orqali soʻnggi vaqtlarda ayrim mintaqalarda surunkali qum va chang boʻronlari yuzaga kelishi kuzatilyapti. Achinarlisi, bunday holatlar bizning mintaqamizda ham roʻy berayotir.

Aytish joizki, mamlakatimizda iqlim oʻzgarishlariga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan bir qancha omillar mavjud. Yaʼni, soʻnggi yillarda mamlakatda sanoat 4 barobarga oshishi hamda avtomobil, temir yoʻl va aviatransporti qatnovi keskin koʻpayishi tufayli dvigatellardan atmosferaga chiqayotgan is gazlari miqdori sezilarli darajada koʻpaydi.

Atmosferani ifloslanishi oqibatida koʻrish va toza havodan nafas olish imkoni sezilarli darajada pasayib bormoqda. Respublikada atmosfera havosining chang bilan ifloslanishi nafaqat tabiiy xususiyatlar, yaʼni quruq iqlim, qumloq va qumloq tuproqlar, balki antropogen ifloslanish — avtomobillar chiqindilari, sanoat, qurilish, issiqlik elektr stansiyalari) bilan ham bogʻliq. Demak, iqlim oʻzgarishi va choʻllanishning avj olishi oʻrtasidagi bogʻliqlikni hisobga olgan holda, iqlim inqirozini qoʻzgʻatuvchi issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga erishish lozim.

Shu bilan birga hududimizda suv resurslaridan nooqilona va samarasiz foydalanish oqibatida choʻllanishlar oshib boryapti. Qishloq xoʻjalik sohasida oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish uchun suvdan keragidan ortiq foydalanilmoqda. Misol uchun, 1 kilogramm kartoshka yetishtirish uchun 500 litrdan ortiq suv sarflanyapti.

Tabiiy savol tugʻiladi: 1 litr suvni narxi oʻrtacha 5 ming soʻmni tashkil etsa, mahsulot uchun sarflanayotgan resurslarimiz tan narxi 500 marotaba koʻp boʻlayotganini nahotki sezmayapmiz. Bu borada aqlli qishloq xoʻjalik texnologiyalarini sohaga joriy etish, eng oqilona yechimdir. Yaʼni tomchilatib, yomgʻirlatib va ildiz ostilatib sugʻorish texnologiyalaridan foydalanish kerak.

Jazirama kunlarda hammamiz global isish haqida koʻp oʻylaymiz, kelajak haqida qaygʻuramiz. Biroq ob-havoning soʻnggi davrlardagi bunday injiqliklarini umumiy qilib “iqlim oʻzgarishi” deb atash toʻgʻri boʻladi. Zero, ob-havo nafaqat yozgi kunlarda, balki qishda ham oʻz injiqliklarini koʻrsatmoqda.

Xoʻsh, nima sababdan iqlim oʻzgarishi muammosi yildan-yilga dolzarblashib bormoqda? Iqlim oʻzgarishining oldini olish uchun nimalar qilish kerak?

Birinchidan, koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadga muvofiq. Boisi tabiiy drenaj hisoblangan koʻp yillik daraxtlarning ekilishi hududdagi mikroiqlimni yumshatishga sabab boʻladi. Ayniqsa, shahar va avtomobil yoʻllari chetida yashil hududlarni kengaytirish zararli moddalar miqdorini kamayishiga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, suvdan oqilona foydalanishga alohida ahamiyat berish lozim. Chunki tomchilab sugʻorishni tashkil etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish ham oʻz navbatida iqlim oʻzgarishlariga moslashish uchun muhim omildir.

Uchinchidan, issiqxona gazlarini kamaytirish kerak. Buning uchun birinchi navbatda ishlab chiqarish korxonalari, IES va boshqa atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqaruvchi tashkilotlarda ekologik toza texnologiyalarni joriy etish orqali atmosferaga tashlanayotgan issiqxona gazlari miqdorini kamaytirish lozim.

Albatta, soʻnggi yillarda ekologik kun tartibi Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylantirilib, atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikni saqlash, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish hamda qattiq maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish yoʻnalishlarida konsepsiya va strategiyalar qabul qilindi.

Iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq ortib borayotgan global tahdidlarning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi 2018-yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi — Parij bitimini ratifikatsiya qilgani bu borada ayni muddao boʻldi. Ushbu bitimning asosiy maqsadi — sayyoramizda global isishni industrial rivojlanish davridagi oʻrtacha haroratga nisbatan Selsiy shkalasi boʻyicha 2 S-ga saqlab turish hamda haroratning 1,5 S-gacha oʻsishini cheklashga erishishdir.

Navroʻzbek YUSUPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Oʻzbekiston Ekologik partiya fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер