Investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi Yoshlar agentligiga oʻtkaziladi

16:46 28 Iyun 2024 Siyosat
324 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan yoshlar siyosatiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilinishicha, bugungi kunda IT sohasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlar – frilanserlar 50 mingdan oshdi. Bunday yoshlarimiz yiliga ellik, yuz, hatto ikki yuz ming dollargacha eksport qilmoqda.

Lekin, bizda ularni boshini qovushtiradigan, muammolarini eshitib, huquqlarini himoya qiladigan tizim yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi.

Qoʻshilgan qiymat yaratib, uni eksport qilayotgan bunday yoshlar uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochib berish zarurligi taʼkidlangan.

Endilikda:

  • IT sohasida oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarga IT park rezidenti maqomi beriladi;
  • ular uch yil muddatga barcha soliqlardan ozod qilinadi;
  • IT park tomonidan IT kompaniyalardagi kabi tibbiyot, sport va ofisdan foydalanishi uchun ularga “ijtimoiy karta” beriladi;
  • yoshlarni ushbu sohaga jalb qilish boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.

Yigʻilishda qayd etilishicha, yoshlarni katta daromad keltiradigan kasblarga oʻrgatish, yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan loyihalarni koʻpaytirish boʻyicha ham katta oʻzgarishlar boʻladi. Buning uchun har yili 100 million dollar ajratiladi.

Shuningdek, Investitsiya vazirligi huzuridagi Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi Yoshlar agentligiga oʻtkaziladi. Eng koʻp ish oʻrni yaratgan, fidoyi yosh tadbirkorlar jamgʻarma kengashiga kiradi va jamgʻarma rahbarini ham ushbu yoshlarni oʻzi saylaydi.

Jamgʻarma, yoshlarning eng yaxshi 500 ta loyihasini tanlab oladi va ularga “biznes paket” qilib beradi, loyihani tayyor biznesga aylanib, daromad keltirishgacha barcha jarayonida koʻmaklashadi, bozorini topadi. Bundan tashqari, jamgʻarma hokimlar bilan birgalikda 14 ta tumanni tanlab, “toʻrtinchi sanoat” kasblariga oʻqitish markazi ochadi va toʻliq jihozlab beradi.

Qoʻshimcha qilinishicha, ushbu markazlar yosh tadbirkorlarga 1-yil imtiyozli davr bilan 10-yilga ijaraga beriladi. Markazlarning oʻquv dasturlari xalqaro standartlarga moslashtiriladi.

Jamgʻarma Surxondaryo tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan Yoshlar sanoat zonasida sanoat binolari quradi. Bu joylar “sanoat ipotekasi” asosida yuqori qiymat yaratadigan loyihalar uchun yoshlarga 7-yilda boʻlib toʻlash sharti bilan beriladi. Bunda yoshlardan birinchi yil uchun toʻlov undirilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер