Intensiv usulda parvarishlanayotgan oʻrik gulladi, tok novdalari barg chiqardi

12:06 11 Mart 2025 Jamiyat
73 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Oltiariq tumani mirishkorlari dehqonchilikda ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalaridan foydalanib, intensiv usulda mahsulot yetishtirish borasida ham quvonarli yutuqlarga erishmoqda.

Ushbu tumanning “Qoʻrgʻoncha” mahallasida istiqomat qiluvchi Abdulhamid Raimberdiyevlar oilasida tashkil etilgan 6 sotixli issiqxonada intensiv usulda 130 tup oʻrik parvarishlanayotir. Bu yil mevaga kirishi kutilayotgan oʻrik koʻchati xorijdan keltirilgan va uning hosili toʻliq eksport qilishga moʻljallangan.

Bogʻbonning qayd etishicha, issiqxonadagi oʻrik koʻchatlari bir oy oldin plyonka bilan oʻraldi va mart oyining dastlabki haftasida oppoq boʻlib gulladi. Uzogʻi uch yilda mevaga kiradigan ushbu oʻrik navi unchalik baland oʻsmaydi, lekin juda ham serhosil boʻladi. Mahalliy navlarga qaraganda 20-30 kun erta pishishi hisobiga jahon bozoriga qimmatroq narxda sotish imkoni bor.

Shu mahallada yashovchi Vohidjon Qodirovlar oilasi tasarrufidagi issiqxonalarda “Rizamat” navli uzum allaqachon barg chiqardi. Uning hosili ham oddiy sharoitda yetishtirilgan boshqa navli uzumlarga qaraganda oʻrtacha bir oy oldin pishadi. Qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlishda bu juda muhim. Qolaversa, mirishkor oilaning uzum tagiga ekkan bodringi allaqachon pishib, mahalliy bozorlarga yetkazib berilmoqda, shu bilan birga, qoʻshni davlatlarga eksport qilinyapti. Oʻz navbatida, Fargʻona vodiysi bozorlarida uzum bargi ham xaridorgir. Oʻrtacha olti sotixli issiqxonada osh kovartagi uchun sotiladigan uzum bargidan 5-6 million soʻm qoʻshimcha daromad olinadi.

— Bugungi kunda 724 ta xonadonning 400 dan ortigʻida shu kabi zamonaviy issiqxonalar tashkil etilgan boʻlib, ertangi meva-sabzavotlar yetishtirish boʻyicha katta hayotiy tajriba shakllangan, — deydi “Qoʻrgʻoncha” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Xolmatjon Moʻminov. — Ayni paytda issiqxonalarda pishib ulgurgan bodring-pomidor, achchiq qalampir, turli koʻkatlar xaridorlarga peshma-pesh yetkazib berilmoqda.

Bu yil mahalladagi yana 50 ga yaqin xonadon tomorqasida zamonaviy mezonlar asosida ixcham, ammo katta daromad olish imkonini beruvchi issiqxonalar barpo etish maqsadida amaliy saʼy-harakatlarga kirishilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер