Insonning shaxsiy hayoti daxlsizligi — muqaddas tushuncha

11:11 21 Dekabr 2023 Jamiyat
335 0

Bugungi kunda mamlakatimizda inson shaʼni, qadr-qimmati va qonuniy huquq hamda erkinliklarini taʼminlash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Avvalo, bu Bosh qonunimizda mustahkamlab qoʻyildi.

Eʼtiborlisi shundaki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlatning majburiyatlari uch martaga ortgan boʻlsa, insonning huquq va erkinliklari uch yarim baravarga ortdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni chinakam inson qadrini ulugʻlaydigan bosh hujjatga aylandi, desak, ayni haqiqat. Jumladan, unda insonning shaxsiy hayoti daxlsizligi muqaddas tushuncha sifatida bayon etildi.

Shu oʻrinda Bosh qomusimizning 31- va 47-moddalarida mustahkamlab qoʻyilgan konstitutsiyaviy normalarga toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, ularda har bir fuqaro, har bir oila oʻzining shaxsiy hayoti va oilaviy sirini himoya qilishi, oʻz mulkiga ega boʻlishi va uning daxlsizligiga oʻzga shaxslarning tajovuzidan xavotirsiz hayot kechirishi mustahkamlab qoʻyildi.

Maʼlumki, keyingi yillarda telekommunikatsiya tarmoqlari va axborot texnologiyalarining rivojlangani sari axborot va maʼlumotlarni uzatish, tarqatish jarayonlari osonlashdi va xalq ichida ommaviylashdi. Yaqin kunlargacha ijtimoiy tarmoq va internet saytlarida shaxsning shaxsiy va oilaviy siriga oid maʼlumotlari, ming afsuski, uning roziligisiz olinishi, tarqatilishiga guvoh boʻldik. Natijada koʻpchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻz shaxsiy hayotiga, shaxsiga oid maʼlumotlarning tarqalishiga oid huquqbuzarlikdan jabr koʻrdilar.

Bunday sharoitda fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari, yozishmalari va biometrik maʼlumotlarini saqlash va tarqatilishida tashqi taʼsirlardan himoya zarurati yuzaga keldi. Shu nuqtayi nazardan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda daxlsizlik huquqi sifatida shaxsiy, oilaviy sir va maʼlumotlarning noqonuniy toʻplanishi va tarqalib ketishi cheklandi.

Shuningdek, yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar, pochta, elektron xabarlar sir saqlanishi huquqi berildi. Bu huquqning cheklanishiga esa faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi belgilab qoʻyildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bilan har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarni himoya qilish, shuningdek, notoʻgʻri maʼlumotlarning tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga ham ega boʻldi.

Yana bir muhim jihat — hech kimning uy-joyiga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emasligi ham konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlandi, uy-joyga kirishga, shuningdek, unda olib qoʻyishni, koʻzdan kechirishni oʻtkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyilishi belgilab qoʻyildi. Ayniqsa, uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladigan boʻldi.

Eng muhimi, shaxsiy hayot daxlsizligi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyildi.

Sir emaski, bir necha yillar avval jamiyatimizda oʻtkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bogʻliq muammo dolzarblik kasb etgandi. Bunga oqilona yechim sifatida hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi hamda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanishi ham yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 47-moddasida konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlab qoʻyildi.

Umuman olganda, inson qadri ulugʻlangan jamiyat va xalqparvar davlat deganlari oʻzi aslida shu boʻladi. Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamizni yil davomida har kuni oʻqishimiz, anglashimiz va keng jamoatchilik ichida targʻibotini kuchaytirishimiz kerak. Chunki oldimizga qoʻygan ezgu maqsadlarga erishishimiz uchun, avvalo, xalqimizning huquqiy ongi va madaniyati yuksak boʻlishiga erishishimiz talab etiladi.

Davron MIRAZOV,

Jamoat xavfsizligi universiteti Jinoiy huquqiy fanlar kafedrasi boshligʻi, yu.f.d., professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?