Insoniyat hayoti va salomatligiga xavf soluvchi besh asosiy xatar maʼlum boʻldi

17:59 10 May 2022 Dunyo
2146 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti joriy yilda insoniyat hayotiga tahdid solayotgan besh asosiy xavf reytingini eʼlon qildi.

Koʻpchilik qashshoqlik va oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi bu roʻyxatning boshida eʼtirof etilsa kerak, deb taxmin qilgandi. Chunki dunyoda mazkur muammodan aziyat chekayotgan qariyb bir milliard odam bor.

Ammo 2022-yilda insoniyat salomatligi uchun ocharchilik va kambagʻallikdan koʻra eng koʻp semizlik xavf solishi maʼlum boʻldi. Bu “fast-fud”lar borzori yanada chaqqonlashishi va shunday mahsulotlar reklamasi avj olishi bilan bogʻliq.

Ikkinchi jiddiy xatar — yolgʻizlik! Koronavirus pandemiyasi davrida yanada jiddiy tus olgan ushbu muammo koʻplab rivojlangan mamlakatlarda odamlar sogʻligi va hayotini izdan chiqarmoqda.

Sayyoramizning deyarli barcha aholisiga xos boʻlgan stress va haddan ziyod xavotir hissi reytingning 3-pogʻonasini band etdi.

Jahondagi toʻs-toʻpolonlar, achchiq ichakday choʻzilgan pandemiya, beqaror siyosiy vaziyat, iqtisodiy inqiroz va boshqa omillar bu muammoni yanada kuchaytirib yuborishi bashorat qilinyapti.

Shu sababli JSST ekspertlari 2016-yildayoq surunkali stressni XXI asrning eng xavfli epidemiyasi, deb eʼlon qilgan edi.

Odamzot hayotiga xavf tugʻdiruvchi toʻrtinchi global muammo sifatida ichak xastaliklari, jumladan, rivojlangan mamlakatlarda keng tarqalayotgan Krona kasalligi tan olindi.

Tahlillarga koʻra, ushbu dardga chalingan eng koʻp bemor Isroil davlatida qayd etilgan. Hozir bu yerda kamida 40 ming nafar kishi shunday kasallik bilan kurashyapti.

Nihoyat roʻyxatning beshinchi pogʻonasidan xotin-qizlar oʻrtasida tobora avj olayotgan ginekologik xastalik — endometrioz joy oldi.

Maʼlumotlarda keltirilishicha, u dunyo boʻyicha tugʻish yoshidagi ayollarning 10-15 foizida aniqlanmoqda. Achinarli jihati, shifokorlar hali bu kasallikka aniq tashxis qoʻyish va uni samarali davolash borasida universal usullarga ega emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?