Inson organizmi koronavirusga qarshi qanday kurashishi maʼlum boʻldi. Bu kasallikni davolashda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin

Foto: EPA
Avstraliyalik olimlarning aytishlaricha, ular inson immun tizimi koronavirus bilan qanday kurashishini aniqlashga muvaffaq boʻlishgan.
Ularning seshanba kuni NatureMedicine jurnalida chop qilingan izlanishlari natijalariga koʻra, yangi virusli infeksiyani yengishning mexanizmi oddiy tumov bilan kurashnikidan deyarli farq qilmaydi.
Bu xulosa koronavirus vaksinasini ishlab chiqishga yordam berishi mumkin.
Bugunga kelib dunyo boʻylab koronavirusni 190 mingdan oshiq yuqtirgan, 7 yarim ming odam esa undan vafot etgan.
“Bu ixtironing ahamiyati shundaki, biz birinchi marta immun tizimimiz yangi koronavirus bilan qanday kurashishi borasida toʻliq maʼlumotga ega boʻldik“, — deydi tadqiqot mualliflaridan biri, professor Katrin Kedzirska.
Koʻplab mutaxassislar Melburn shahridagi Piter Doyerti nomli infeksiyalar va immunitet institutida oʻtkazilgan bu tadqiqotga juda yaxshi baho berdilar.
Olimlar nimani aniqlashdi?
Covid-19ni yuqtirgan odamlarning aksariyati sogʻayib ketgani inson immun tizimi bu virusga yaxshi dosh bera olishiga yaqqol misol boʻlgan.
Lekin, bu kurash aynan qanday yuz beradi? Avstraliyalik olimlar bu kurashda ishtirok etadigan immun hujayralarining toʻrtta turini aniqlashdi.
Tadqiqotda oʻtmishda sogʻligʻidan shikoyat qilmagan va koronavirusni oson kechirgan koʻngillilar ishtirok etishdi.
Masalan, Avstraliyadagi kasalxonalardan biriga tushgan uhanlik 47 yoshli ayol 14 kun ichida sogʻayib ketgan.
Bi-bi-si bilan intervyuda professor Kedzirska bu bemorning immun tizimidagi reaksiyalarni toʻliq tarzda oʻrganib chiqishganini aytdi.
Tuzalishni boshlashidan uch kun avval ayolning qonida muayyan hujayralar koʻzga tashlana boshlagan.
Kedzirskaning aytishicha, tahminan shunga oʻxshash bosqichda oddiy grip bilan ogʻrigan bemorlar qonida ham xuddi shu hujayralar paydo boʻladi.
“Bizni bu natijalar juda quvontirdi. Biz infeksiyani yuqtirgan bemorlarning klinik sogʻayish jarayonida immun hujayralari paydo boʻlishini qayd qilishga muvaffaq boʻldik“, — dedi professor Kedzirska.
Uning bildirishicha, bu natijalarga erishish uchun oʻndan ortiq olimlar toʻrt hafta davomida kunu tun qon analizlarini olib turganlar.
Bu koronavirusga qarshi kurashga qanday yordam berishi mumkin?
“Immun hujayralari qachon ishga tushishini bilib olganingizdan keyin bemor sogʻayishning qaysi bosqichida ekanini aniqlashingiz imkoni boʻladi“, — deya tushuntiradi Suinbern texnologik universiteti dekani, professor Bryus Tompson.
Oʻz navbatida, Avstraliya Sogʻliqni saqlash vaziri taʼkidlashicha, olimlarning bu kashfiyoti vaksina va bu infeksiyani davolash uchun ehtimoliy dorilarni ishlab chiqarishni tezlashtirishi mumkin.
Katrin Kedzirska esa endi yangi vazifani olimlar guruhi oldiga qoʻygan: nega eng ogʻir hollarda immun tizimi kasallik manbaiga kuchsiz reaksiya qilishini aniqlash.
“Bu, oʻz navbatida, mazkur virusdan oʻlganlar yoki undan ogʻir kasallanganlar boshqa bemorlardan nimasi bilan farq qilishlarini aniqlashga imkon beradi, va shu yoʻl yordamida biz ularning hayotini saqlab qolish usullarini tushunishimiz mumkin boʻladi“, — deydi professor Kedzirska.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring