Inson huquqlari boʻyicha Parlament komissiyasi: maqsadi, vazifa va vakolatlari

11:33 20 Noyabr 2020 Siyosat
270 0

Mamlakatimizda Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, mazkur Parlament komissiyasi raisi Akmal Saidov Parlament komissiyasini tuzish tashabbusi va yangi tuzilmaning vakolatlari haqida muxbirimizga quyidagilarni soʻzlab berdi.

— Avvalambor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyunda qabul qilingan “Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida Oliy Majlis palatalariga inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi boʻyicha parlament komissiyasini tuzish tavsiya etilganini alohida taʼkidlash lozim.

Davlat rahbarining ushbu tavsiyasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashi 2020-yil 25-sentyabrda muhim ahamiyat kasb etadigan qoʻshma qaror qabul qildi. Qoʻshma qarorga asosan, Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasi tuzildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari Zayniddin Nizomxodjayev Parlament komissiyasi raisining oʻrinbosari etib belgilandi. Parlament komissiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari orasidan rais, rais oʻrinbosari va aʼzolardan iborat tarkibda shakllantirildi.

Bunday nufuzli tarkib kelgusi faoliyatimizning samaradorligini taʼminlashga xizmat qiladi, deb oʻylayman.

Shu oʻrinda Parlament komissiyasiga aʼzolik bilan bogʻliq ikkita omilga eʼtiboringizni qarataman.

Birinchi omil: Parlament komissiyasi aʼzolari oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi.

Ikkinchi omil: Parlament komissiyasi aʼzosi uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Senat aʼzosi sifatidagi vakolatlari muddati tugagan yoki muddatidan oldin vakolatlari tugatilgan taqdirda, Parlament komissiyasidagi oʻz faoliyatini tugatadi.

 Yangi Parlament komissiyasini tuzishdan maqsad nima?

 Har ikki palataning qoʻshma qarori bilan Inson huquqlari sohasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi boʻyicha Parlament komissiyasi Reglamenti tasdiqlandi. Reglamentda Parlament komissiyasining maqsadi, vazifa va vakolatlari belgilab berilgan.

Parlament komissiyasining asosiy maqsadi  inson huquqlari sohasida mamlakatimizning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishiga hamda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirishga koʻmaklashishdir.

Bu masʼuliyatli jarayonda:

  • inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;
  • milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uygʻunlashtirish;
  • inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirish;
  • mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻsini yana-da mustahkamlash;
  • Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi, inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi boʻyicha milliy harakat rejalari, yaʼni “yoʻl xaritalari”ni oʻz vaqtida va sifatli bajarish;
  • bu yoʻnalishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish;
  • inson huquqlari hamda manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan siyosatni amalga oshirish maqsadlari Parlament komissiyasining doimiy diqqat markazida turadi.

 Parlament komissiyasining vazifalari nimalardan iborat?

 Parlament komissiyasi zimmasiga aniq va ravshan vazifalar yuklangan. Xususan, u inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi.

Komissiya inson huquqlari masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslari tomonidan bajarilishi holatini tanqidiy oʻrganadi.

Inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalariga muvofiq milliy harakat rejalari – “yoʻl xaritalari” bajarilishini tizimli monitoring qiladi. Oʻzbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha milliy maʼruzalari loyihalari muhokamalarini oʻtkazadi.

Mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish boʻyicha milliy maʼruzalarini Birlashgan Millatlar Tashkiloti ustav organlari va qoʻmitalarida koʻrib chiqish yakunlari muhokamalarini tashkil etadi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tayyorlaydigan mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari ijro etilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi yillik axboroti Oliy Majlis palatalari tomonidan koʻrib chiqilishiga koʻmaklashadi.

BMTning inson huquqlari boʻyicha ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari tavsiyalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilish hamda bartaraf etish bilan shugʻullanadi. Qolaversa, bu yoʻnalishda qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqadi.

Bundan tashqari, Parlament komissiyasi oʻz faoliyati doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni amalga oshiradi. Shu bilan birga, inson huquqlari sohasida ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganib borish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish jarayonlarida faol ishtirok etadi.

 Parlament komissiyasi qanday huquq va vakolatlarga ega?

 Parlament komissiyasi zimmasiga yuklangan vazifalarni hal qilish uchun, jumladan:

birinchidan, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslarining inson huquqlari sohasidagi milliy harakat rejalari  “yoʻl xaritalari”, Oʻzbekistonning xalqaro majburiyatlari hamda BMT tuzilmalari tavsiyalarini bajarish boʻyicha axborotini eshitish yuzasidan Oliy Majlis palatalariga takliflar kiritish;

ikkinchidan, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslariga mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish masalalari boʻyicha parlament soʻrovini, Qonunchilik palatasi deputati va Senat aʼzosining soʻrovini yuborish yuzasidan takliflar kiritish;

uchinchidan, tegishli davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslariga mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish yuzasidan tavsiyalar taqdim etish;

toʻrtinchidan, tarkibiga davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari, ilmiy muassasalarning vakillarini hamda mutaxassis va olimlarni kiritgan holda, mamlakatimizning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish masalalarini koʻrib chiqish uchun ilmiy-ekspert va ishchi guruhlar tuzish;

beshinchidan, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslaridan inson huquqlari sohasidagi tegishli hujjatlarni, ekspertlarning xulosalarini, statistik va boshqa axborotni soʻrab olish;

oltinchidan, Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasiga inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;

yettinchidan, Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi masalalari boʻyicha mavzuga doir konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

Parlament komissiyasi, shuningdek oʻz qarorlari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga haqlidir.

Parlament komissiyasi oʻz vakolatlarini amalga oshirish uchun davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ular mansabdor shaxslari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, taʼlim maskanlari va ilmiy muassasalar vakillari hamda ekspertlar bilan hamkorlik qiladi.

 Parlament komissiyasi faoliyatini tashkil etishning oʻziga xos xususiyatlari nimalarda koʻrinadi?

— Yangi Oʻzbekistonning yangi Parlamenti talablari va andozalariga mos ravishda yangi Parlament komissiyasi faoliyatini tashkil etish jarayonlari demokratiya va ochiqlik mezonlariga tayanadi, albatta. Shu mezonlardan ayrimlarini sanab oʻtaman.

Birinchi demokratik mezon – Parlament komissiyasi majlislari, qoida tariqasida, ochiq va oshkora oʻtkaziladi. Parlament komissiyasi majlislariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalar vakillari, shuningdek BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari va masʼul xodimlari taklif etilishi mumkin.

Ikkinchi demokratik mezon – Parlament komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlar ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkaziladi.

Uchinchi demokratik mezon – Parlament komissiyasi faoliyatini samarali amalga oshirish va tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish maqsadida tegishli sohalarda nazariy va amaliy tajribaga ega mutaxassislardan ilmiy-ekspert hamda ishchi guruhlar tashkil etishi mumkin.

Toʻrtinchi demokratik mezon – Komissiya oʻz faoliyati toʻgʻrisida har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida axborot berib boradi.

Pirovardida shuni ham qayd etish joizki, Parlament komissiyasi faoliyatini tashkiliy va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlashni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti amalga oshiradi.

Rahim Sherqulov suhbatlashdi
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?