Imkoniyati cheklangan kishi ham boshqalar uchun imkoniyat yarata oladi

16:12 06 Noyabr 2025 Jamiyat
315 0

Gʻijduvon tumanining “Zarangari” mahallasida 9799 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 265 nafar nogironligi boʻlgan fuqaro bor. Ulardan biri — Shahlo Nasullayeva.

Mahalla ijtimoiy xodimi Feruza Samadovaning bildirishicha, yoshligidan nogironligi boʻlgan bu hamyurtimiz uyda taʼlim olgan. Soʻngra tikuvchilikni oʻrgangan.

— Mahalla “yettiligi”ning qoʻllab-quvvatlashi bilan unga tikuv mashinasi olib berildi, — deydi F. Samadova. — Keyin esa elektron yuritmali aravacha ajratildi. Shahlo Nasullayeva endi koʻchada bemalol sayr qilishi, qarindoshlari, qoʻni-qoʻshnilar bilan uchrashib, koʻngil chigilini yozishi mumkin. Biz ayni paytda u bilan “mini loyiha” ustida ishlayapmiz. Gap shundaki, matonati va mehnatsevarligi bilan boshqalarga ibrat boʻlayotgan bu mahalladoshimiz hududdagi ehtiyojmand oila farzandlariga ham tikuvchilik sir-asrorlarini oʻrgatish niyatida.

Ha, imkoniyati cheklangan kishi ham boshqalar uchun imkoniyat yarata oladi. Faqat odamda qatʼiyat, ishonch boʻlsa, bas. Darvoqe, mahallada shu yilning oʻtgan davrida Shahloga oʻxshagan 15 nafar fuqaro ijtimoiy xodimning saʼy-harakati tufayli reabilitatsiya tayanch vositalari va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlandi.

Istam IBROHIMOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер