Ilon Mask aqldan ozdimi? Milliarder XAMASni qirib tashlashni taklif qildi

10:29 14 Yanvar 2025 Dunyo
162 0

Saylangan prezident Donald Trampning yaqin ittifoqchisi, Amerikalik milliarder Ilon Mask Gʻazo sektori boʻyicha keskin bayonot bilan chiqdi. Bu haqida “Israel National News” nashri xabar berdi.

Milliarder oʻzining “X” ijtimoiy tarmogʻiga yuklagan videosida Isroil va XAMAS oʻrtasidagi urushni muhokama qilgan.

Mask oʻz murojaatida Isroilning raqiblarini erkin faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻymaslik hamda ularni tezroq zararsizlantirish kerakligini taʼkidlagan.

“Qiyin ishni qilish kerak, yaʼni XAMASni yoʻq qilish lozim. Gʻazoda yoki boshqa joyda nafratni oʻrgatayotgan har bir kishi toʻxtatilishi shart. Bolalarni Amerikadan nafratlanishga oʻrgatishlarini hazm qilib boʻlmaydi”, — deydi milliarder.

Mask Falastinning XAMAS harakati haqida gapirar ekan “Ular amerikaliklarni ham oʻldirmoqchi” degan fikrni ilgari surgan.

“XAMAS Isroilda hammani oʻldirishni istasa, bunga shunchaki qarab turish mumkin emas. Bu odamlar yo oʻldirilishi yoki qamoqqa olinishi kerak. Yoʻqsa ular koʻproq isroilliklarni oʻldirishga harakat qilishadi. Ular amerikaliklarni ham oʻldirmoqchi”, — deb qoʻshimcha qiladi u.

Eslatib oʻtamiz, bir necha kun oldin Ilon Maskning shaxsiy biografi Set Abramson dunyoning eng boy odami aqlini yoʻqotib qoʻyishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

“Men Maskning biografiman. Soʻnggi ikki yil davomida uning onlayn xatti-harakatlarini kuzatib bordim. Men uning aqldan ozishi mumkinligiga ishonaman. Maskning ruhiy holati butun dunyo boʻylab yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin”, — degandi biograf.

Maʼlumki, Ilon Mask AQSHning saylangan prezidenti Donald Trampning prezidentlik saylovoldi kampaniyasi tarafdorlaridan biri sifatida yaqin ittifoqchisiga aylangan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?