Ilm — insonlarni ezgulik yoʻlida birlashtiruvchi, yoshlarni eng toʻgʻri yoʻlga boshlovchi katta kuchdir

20:56 07 Iyun 2023 Jamiyat
629 0

Davlatimiz rahbarining “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari oʻrtasida taʼlim jarayoni hamda tarmoq tashkilotlari bilan ishlab chiqarish amaliyoti uzviyligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi, desak, ayni haqiqat.

Mazkur hujjatga muvofiq, professional taʼlim muassasalarini metodik va ilmiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash yuzasidan ularga oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va doktorantlarini biriktirish hamda bu borada tizimli ishlarni tashkil qilish maqsadida respublika boʻylab oliy taʼlim muassasalari tomonidan professional taʼlim muassasalariga metodik va ilmiy jihatdan yordam koʻrsatish boʻyicha chora-tadbirlar rejasining ishlab chiqilgani nihoyatda ahamiyatlidir.

Qarorning ijrosi yuzasidan respublikadagi oliy taʼlim muassasalari rektorlari va filiallar direktorlariga uch kun muddatda professional taʼlim muassasalariga oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va doktorantlari roʻyxat asosida biriktirildi hamda bir hafta muddatda professional taʼlim muassasalariga biriktirilgan professor-oʻqituvchilar va doktorantlarga ularning vazifalari tushuntirildi, boshqa hududlarda joylashgan professional taʼlim muassasalariga biriktirilgan (yuborilgan) professor-oʻqituvchilarga oliy taʼlim muassasasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda xizmat safari xarajatlari qoplandi.

Shu bilan birga, professional taʼlim muassasalariga biriktirilgan professor-oʻqituvchilarning oʻquv yuklamalari 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab 15 foizga qisqartirildi va biriktirilgan professional taʼlim muassasalarida metodik va ilmiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashda faol ishtirok etgan professor-oʻqituvchilarni oliy taʼlim muassasasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ragʻbatlantirish choralari koʻrilgan boʻlib, bu ham oʻz navbatida tizimli ishlarning amalga oshirilayotganining samarasi oʻlaroq namoyon boʻlmoqda.

Oʻz navbatida, professional taʼlim muassasalari rahbarlarining ish faoliyati ham oliy taʼlim muassasalari tomonidan professional taʼlim muassasalariga biriktirilgan professor-oʻqituvchilar va doktorantlarning faoliyatiga muvofiqlashtirilgani hamda professional taʼlim muassasalari tomonidan oliy taʼlim muassasalarining tegishli mutaxassislariga oʻzlariga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻladigan barcha shart-sharoitlar yaratib berilgani Yangi Oʻzbekistonimizda ilmga qaratilayotgan eʼtiborning yaqqol misollaridan biridir.

Urganch davlat pedagogika institutida bu borada bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Dastlab, institut rahbariyati va professor-oʻqituvchilari Xiva, Yangibozor, Xonqa va Hazorasp pedagogika kollejlariga tashrif buyurib, ularning ish faoliyati bilan yaqindan tanishib, oʻquv-meʼyoriy hujjatlari va moddiy-texnika bazasini hamda xorijiy tillarni, xususan, ingliz tilini oʻrganishga boʻlgan talabni puxta oʻrganib chiqqan boʻlsalar, keyinchalik Xiva va Xonqa pedagogika kollejlari ingliz tili kurslarini oʻqitish uchun tanlab olindi.

Bugungi kunda Xiva pedagogika kolleji va Xonqa pedagogika kollejlarida yangi pedagogik texnologiyalardan foydalangan holda pedagog kadrlar uchun oʻquv-seminarlar va mahorat darslari tashkil etilmoqda. Kollejlarda mavjud boʻlgan Maktabgacha taʼlim tashkiloti yordamchi tarbiyachisi, Musiqa rahbari, Kutubxonashunoslik, Maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi va Jismoniy tarbiya yoʻnalishlari bilan Urganch davlat pedagogika instituti yoʻnalishlari bir-biri bilan uzviy bogʻliqdir.

Xususan, ingliz tili fani boʻyicha oʻqituvchilarga dars jarayonlarini tashkil etishning eng samarali usullar va metodlari hamda darslarda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish boʻyicha metodik yordam koʻrsatilmoqda, ingliz tili fani oʻqituvchilarining darslari tahlil qilinib, yutuq va kamchiliklari boʻyicha ularga uslubiy koʻrsatmalar berilmoqda, oʻquv mashgʻulotlarini samarali va mazmunli oʻtkazish boʻyicha uslubiy ishlanmalar tayyorlashga koʻmaklashilmoqda.

Alohida taʼkidlash lozimki, professional taʼlim muassasalari oʻqituvchilarini ilmiy faoliyatga jalb qilish oʻziga xos ahamiyatga ega. Hech birimizga sir emaski, professional taʼlim muassasasi oʻqituvchilari orasida ilmiy izlanishlar olib boradigan, ilmiy loyihalarda mualliflik qilib, ilmiy materiallar tayyorlashda ishtirok qiladiganlari juda kamchilikni tashkil qiladi.

Aynan xorijiy til bilimlari bilan qurollangan ilmsevarlarning bu borada imkoniyatlari yanada kengroqdir. Urganch davlat pedagogika instituti professor-oʻqituvchilari tomonidan ikkala kollejda ham innovatsion taʼlim texnologiyalari va oliy taʼlimning ilgʻor tajribalarini amaliyotga joriy etish boʻyicha seminar-treninglar oʻtkazish keng yoʻlga qoʻyilgan va bunda asosiy eʼtibor xorijiy tillarni, xususan, ingliz tilini mukammal oʻzlashtirishga qaratilmoqda.

Professional taʼlim muassasalari bitiruvchilarini mutaxassisligi boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga yoʻnaltirish ham juda muhim masala boʻlib, oʻquvchilarga darsdan tashqari vaqtlarida maʼruzalar tashkil etish hamda kasbiy faoliyati boʻyicha psixologik tayyorgarlikni shakllantirish uchun amaliy yordam koʻrsatish dolzarblik kasb etadi hamda bu borada taʼkidlash lozimki, kollej bitiruvchilarini, xususan ingliz tili kursi bitiruvchilarini, Urganch davlat pedagogika institutining Xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili yoʻnalishiga jalb qilish ishlari ham yoʻlga qoʻyilgan.

Albatta, hamkorlik doirasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etish ham ustuvor vazifalardan biri boʻlib, biz, avvalo, maʼnan yetuk shaxslarni tarbiyalashimiz lozimki, Vatan kelajagi aynan maʼnaviyati yuksak, aqli teran, ilmi yetuk, yurtiga sodiq yoshlar qoʻlidadir. Bu borada yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, umumxalq bayramlari va muhim sanalarni yuqori saviyada nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etishga koʻmaklashish borasida ham kollejlarda qilinayotgan tadbirlar koʻzni quvontiradi.

Kollejlarda yana bir dolzarb masala bugungi kunda yoshlarning toʻrtinchi hokimiyat deya yuritiluvchi ommaviy axborot vositalari bilan ishlash va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirishga koʻmaklashish borasidagi tizimli ishlar amalga oshirilmoqdaki, bunda ham keng axborotdan toʻgʻri va unumli foydalanishlarida jahon tillaridan biri hisoblanadigan ingliz tilining oʻziga xos oʻrni bor, albatta. Ayniqsa, hozirgi globallashuv jarayoni va shiddat bilan oʻzgarib borayotgan bir davrda, axborotlar oqimi va maʼnaviy boʻhronlar zamonida yoshlarning ongida maʼnaviy boʻshliq paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik, ularning turli yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishining oldini olish har qachongidan ham muhim masaladir.

Shuni ham qoʻshimcha sifatida aytib oʻtishim lozimki, ingliz tili kurslari bilan bir qatorda, kollejlarda amalga oshiriladigan ishlar doirasida professional taʼlim muassasasida ilmiy tadqiqot va tajriba sinov amaliyotlarini olib borish va eng muhim masalalardan biri – ularga ilmiy izlanishlarni olib borish boʻyicha motivatsiyalar berish, maqola va tezislar yozish boʻyicha maslahatli uchrashuvlar tashkil qilish ham muhimdir.

Albatta, pedagoglik sharafli ish, biroq, ilm nuri bilan sugʻorilgan nihollarning mevasi nihoyatda totli boʻlishi aniq va ertangi kun egalarining ilmiy izlanishlari Vatanning porloq kelajagi, dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatorida turishi uchun zaruriy omildir. Albatta, bu borada oʻquvchilar bilan davra suhbatlari, tadbirlar va seminarlar tashkil etish, taʼlim muassasalarining imkoniyatlaridan foydalangan holda shaxsiy tajribani oshirib borish, oʻquvchilarni oʻz ustida ishlash, umumiy va kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirib borishga koʻmaklashish ham zaruriy shartlardan biridir.

Albatta, ilm — taʼlim muassasalarini, insonlarni ezgulik yoʻlida birlashtiruvchi, Uchinchi Renassans bunyodkori boʻlgan yoshlarni eng toʻgʻri yoʻlga boshlovchi juda katta kuchdir!

Jumanazar YARMETOV,

Urganch davlat pedagogika instituti rektori vazifasini bajaruvchi,

fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?