Ilm-fan sohasida innovatsion loyihalar - taraqqiyot omili

16:12 10 Mart 2023 Jamiyat
947 0

Foto: Xalq so‘zi

Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi davrda va qaysi jamiyatda yangiliklarga intilish, ilm-fan, kashfiyotlarga eʼtibor qaratilgan boʻlsa, oʻsha davr va oʻsha jamiyatda taraqqiyot, yuksalish kuzatilgan. Bu tajribaga amal qilayotgan davlatlar bugungi kunda rivojlanish yoʻlidan sobitqadamlik bilan bormoqda. Xuddi shunday, mamlakatimizda ham ota-bobolarimizning azaliy anʼanalariga suyangan holda farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasiga, ilm-fan rivojiga yuksak ahamiyat qaratilmoqdaki, bularning barchasi Yangi Oʻzbekistonimizning dunyo hamjamiyatidagi oʻrni va nufuzi oshib borishiga asos yaratyapti.

Davlatimiz rahbarining «2022-2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori esa sohada mavjud ayrim muammolarga uzil-kesil barham berishda dasturilamal boʻlmoqda. Zotan, ushbu qarorda oliy taʼlim muassasalarida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarida grant loyihalarining ulushi pastligi, ularning tijoratlashtirish jamgʻarmalariga mablagʻ ajratilmayotgani, ilmiy loyihalar boʻyicha patentlar olinmagan, xalqaro nashrlarda ilmiy maqolalar chop etilmagani, ilmiy kadrlarni tayyorlash jarayoni past darajada tashkil qilingani, tarmoqlarga xizmat koʻrsatish sohasi yetarli rivojlanmagani koʻrsatib oʻtilgan. Shuning barobarida 2022-2023-yillarda ilmiy tashkilotlar tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish va joriy etish loyihalarini amalga oshirish, oliy taʼlim muassasalari uchun «drayver» innovatsion loyihalar hamda OTM huzurida tashkil etiladigan, ilmiy hajmdor mahsulotlar (tovar va xizmatlar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion korxonalar tuzish aniq-ravshan belgilab qoʻyilgan.

Ayni chogʻda oliy taʼlim muassasalarida ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirishga yoʻnaltirilgan biznes inkubatorlarni tashkil etish, aholining keng qatlamlarida, shu jumladan, ayollar va yoshlar oʻrtasida ilmiy va startap gʻoyalarini roʻyobga chiqarish koʻnikmalarini shakllantirish, “InnoWeek” innovatsion gʻoyalar haftaligi doirasida oliy taʼlim, ilmiy tadqiqot muassasalari hamda tarmoq korxonalari oʻrtasida imzolangan shartnomalar asosida yaratilgan tayyor mahsulot va xizmatlarni namoyish etishga alohida eʼtibor qaratish, taʼlimning barcha bosqichida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlikni rivojlantirish, hududlardagi iqtidor egalarini «Akademik harakatchanlik» va «Boʻlajak olim» dasturlari orqali jalb qilish, ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining “Veb of science” va “Springer Nature” xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazasidan erkin foydalanishini taʼminlash kabi muhim vazifalar keltirilgan.

Andijon davlat pedagogika institida mazkur yoʻnalishlar boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ilmiy hajmdor mahsulotlar (tovar va xizmatlar) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi innovatsion akademik korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Bunday korxonalar ishlab chiqarish yoki xizmat koʻrsatish jarayonlarida resurslarni maqbullashtirgan holda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada talab yuqori boʻlgan hamda istiqbolli innovatsiyalarni keng joriy etish imkonini beradi. Shu bilan birga ixtisoslashgan bu turdagi korxonalarni tashkil etishning afzalliklari talaygina. Xususan, institutda mavjud yuqori ilmiy-innovatsion salohiyatdan foydalangan holda yuqori texnologiyaga asoslangan pullik xizmatlar koʻrsatish, bu orqali esa nobyudjet mablagʻlar jalb qilish imkoniyati paydo boʻladi. Olim va mutaxassislar uchun qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Hozirgi kunda institutda “Edu servis«MCHJ shaklidagi innovatsion korxona ishlab turibdi.

Bundan tashqari institutdagi mavjud 11 kafedra tarkibida 22 ta ilmiy-amaliy toʻgarak tashkil etilgan va ularga turli fan yoʻnalishlariga qiziqqan talabalar jalb etilgan. Oliygohimiz qoshida tuzilgan «Iqtidorli talabalarning ilmiy jamiyati» esa talabalarning intellektual salohiyatini oshirish, chuqur bilim olishi va qobiliyatlarini rivojlantirish, malakali professor-oʻqituvchilarning iqtidorli talabalar bilan individual ishlashini taʼminlash, turli ilmiy tanlovlar va koʻrgazmalar tashkil etish kabi maqsadlar yoʻlida tashabbuskor boʻlmoqda. Ushbu ilmiy jamiyatga axborot texnologiyalari oʻqituvchisi Maftuna Abdunabiyeva rahbarlik qilyapti.

Darvoqe, institutning tashabbuskor, yosh pedagoglaridan yana biri Kumushoy Oʻrinboyeva tashabbusi bilan «Ixtirochilar va ratsionalizatorlar jamiyati» tuzildi. 150 dan ziyod talabalarni qamrab olgan bu jamiyat aʼzolari tomonidan yaratilgan fizika va astronomiya yoʻnalishidagi qurilmalar, «aqlli» elektr uskunalari, oʻquv-laboratoriyalar maketlari, ITga oid innovatsion loyihalar koʻrgazmalarda muvaffaqiyatli namoyish etilmoqda.

Bilimga asoslangan iqtisodiyot – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining asoslaridan biri. Shu nuqtai nazardan Andijon davlat pedagogika institutida ham sohaga oid qonun hujjatalari ijrosiga - taʼlim sifati va ilm-fan sohasidagi innovatsion loyihalarni amaliyotga joriy etishga jiddiy yondashilyapti. Bu esa kelajakda, albatta, oʻz samarasini koʻrsatadi.

Behzodbek SIROJIDDINOV,

Andijon davlat pedagogika instituti

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?