Ilm egallaydigan, kitob oʻqiydigan zamon keldi

00:12 08 May 2021 Madaniyat
1775 0

Oʻzbek va qoraqalpoq adabiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshgan adib, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq yozuvchisi Toʻlepbergen Qaipbergenov hayot boʻlganda 7-may kuni 92 yoshga toʻlgan boʻlar edi.

Poytaxtimizdagi Toshkent davlat agrar universitetida taniqli yozuvchi tavallud sanasi munosabati bilan adabiy kecha tashkil etildi.

Unda agrar universiteti rektori Botirjon Sulaymonov, oliy bilim yurti dotsenti Sayyora Xolmirzayeva, Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti dotsenti, yozuvchi Habib Siddiq, Qoraqalpogʻiston qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar instituti katta oʻqituvchisi, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Sholpan Kunnazarova, adibning farzandlari, yosh ijodkorlar va talabalar ishtirok etdi, deb xabar berdi “Dunyo” AA.

Adibning hayoti va ijodi bilan bogʻliq xotiralar yodga olindi.

Botirjon Sulaymonov davlatimiz rahbari rahnamoligida oʻzbek adabiyoti obroʻsini oshirish, yozuvchi va shoirlar, ijod ahlini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni alohida taʼkidladi.

— Barchamizga maʼlumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bundan roppa-rosa bir yil avval Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida barpo etilgan Adiblar xiyoboniga tashrif buyurib, “Adabiyot xalqning yuragi, elning maʼnaviyatini koʻrsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yoʻl topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning taʼsirchan kuchidan foydalanish kerak. Ajdodlarimiz merosini oʻrganish, buyuk madaniyatimizga munosib buyuk adabiyot yaratish uchun hamma sharoitlarni yaratamiz”, degan edilar, — deb qayd etdi universitet rektori.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Adiblar xiyobonini adabiyot, maʼrifat va madaniyat maskaniga aylantirish va har bir adib uchun oʻrnatilgan haykal muayyan bir oliy oʻquv yurtiga biriktirilib, bu yerda ochiq darslar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish vazifalari belgilandi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida Toshkent davlat agrar universiteti va uning Nukus, Termiz, Andijon filiallari qoraqalpoq elining asl farzandi, atoqli adib Toʻlepbergen Qaipbergenov adabiy merosini yoshlar orasida targʻib etishga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.

Universitetda va uning filiallarida adib hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzeylar tashkil etildi. Ularda yozuvchining fotosuratlari, ijodiga mansub kitoblar, boshqa ashyolar joy olgan. 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab universitet va uning filiallari talabalari uchun Toʻlepbergen Qaipbergenov nomidagi maxsus stipendiya joriy etildi.

Joriy yil 1 — 7-may kunlari Toʻlepbergen Qaipbergenov ijodi haftaligi oʻtkazildi. Tadbir doirasida turli tanlovlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi.

Bugun oʻtkazilgan adabiy kecha nihoyasida Toʻlepbergen Qaipbergenov stipendiantlariga guvohnomalar topshirildi. Haftalik doirasida oʻtkazilgan tanlov gʻoliblari taqdirlandi.

Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonidagi Toʻlepbergen Qaipbergenov haykali poyi gulga burkandi.

Darhaqiqat, adabiyot yoshlarni ezgu maqsadlar sari birlashtiradigan taʼsirchan kuchga ega. Bugungi tadbir yoshlarning maʼnaviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish barobarida ularda kitob oʻqishga qiziqish, bebaho merosimiz bilan faxrlanish tuygʻularini shaklantirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер