Ilm bilan qurollangan xalq hech qachon magʻlub boʻlmaydi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va koʻp millatli xalqimizga yoʻllagan Murojaatnomasi mamlakatimiz tarixidagi muhim voqea boʻldi. Unda oʻtgan toʻqqiz yillik mehnatlarning samaralari ham, kelajakdagi ulkan maqsadlar ham aks etdi. Bu hujjat nafaqat siyosiy va iqtisodiy dastur, balki jamiyatni rivojlantirishning ilmiy modeli sifatida ham alohida ahamiyatga ega. Shu yurt fuqarosi va Fargʻona davlat universiteti rektori sifatida men bu Murojaatnomani taʼlim sohasining yangi bosqichi deb baholayman, chunki unda ilm-fan, taʼlim va innovatsiyalar yurt taraqqiyotining asosiy dvigateli sifatida belgilangan.
Murojaatnomada taʼkidlangan iqtisodiy yutuqlar tasodifiy emas. Yalpi ichki mahsulotning 145 milliard dollarga yetishi, eksportning 33,4 milliard dollarga oshishi va xorijiy investitsiyalarning 43,1 milliard dollarga erishishi ilmiy yondashuvning natijasidir. Bu natijalarga bozor munosabatlari, ijtimoiy himoya va qonun ustuvorligini mustahkamlash kabi islohotlar orqali erishildi. Ularning ortida statistik tahlillar, iqtisodiy modellash va texnologik innovatsiyalar turibdi. Masalan, Jahon bankining texnologik yetuklik indeksida Oʻzbekistonning TOP-10 ga kirishi taʼlim va ilmiy tadqiqotlarning bevosita hissasidir. Universitetlarimizda oʻqitilayotgan yoshlar shunday ilmiy bazaga tayanib, iqtisodiyotni 240 milliard dollarga yetkazish marralariga hissa qoʻshmoqda. Sir emaski, yuqori texnologiyalar transferi va mehnat unumdorligini oshirish taʼlim tizimida oʻrganilayotgan fanlar – iqtisodiyot, muhandislik va raqamli texnologiyalar bilan uzviy bogʻliq.
Taʼlim sohasiga alohida eʼtibor qaratilgan Murojaatnomada ilm jamiyatni jipslashtirishning asosiy vositasi deb koʻrsatildi. Joriy yilda oʻquvchi va talabalarimiz xalqaro fan olimpiadalarida 51 ta oltin, 101 ta kumush va 126 ta bronza medallarini qoʻlga kiritishi taʼlim islohotlarining ilmiy samarasidir. 2026-yilda yurtimizda ilk bor maktab oʻquvchilari oʻrtasida nufuzli xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar talabalari oʻrtasida muhandislik yoʻnalishlarida, Turkiy davlatlar texnikum oʻquvchilari oʻrtasida kasb yoʻnalishlarida xalqaro olimpiadalar oʻtkazilishi taʼkidlandi. Prezidentimiz texnikumlar va oliygohlarda xorijiy tajribalarni, masalan, Germaniya va Shveysariya dasturlarini joriy etishni belgilab berdi. Bu har bir islohot ortida ilm turganini tasdiqlaydi.
Yangi Oʻzbekistonning raqamli va texnologik rivojlanish strategiyasi taʼlim, ilm-fan va texnologiyaga asoslangan. “Raqamli startaplar” dasturining kengaytirilishi, startap gʻoyalaridan eksportgacha boʻlgan jarayonlarni qoʻllab-quvvatlash, IT xizmatlar eksportini 2030-yilga borib 5 milliard dollarga yetkazish maqsadi yosh avlodni taʼlim va ilm-fan orqali rivojlantirishga qaratilgan. Minglab iqtidorli yoshlarning IT, sunʼiy intellekt, kvant, dron va robototexnika kabi sohalardagi izlanishlari “Raqamli texnologiyalar markazi” orqali amaliyotga tatbiq etiladi. Shu bilan birga, 15 ta oliygohda sunʼiy intellekt laboratoriyalari, 4 ta data-markaz va 2 ta super kompyuterning tashkil etilishi taʼlim tizimini ilm-fan va zamonaviy texnologiyalar bilan uzviy bogʻlaydi. Fargʻona davlat universitetida sunʼiy intellekt laboratoriyasi va bioinjeneriya loyihalari boshlab yuborilgan boʻlib, bu Murojaatnomadagi “toʻrtinchi sanoat inqilobi markazi” gʻoyalariga mos keladi.
Har bir sohada ilm-fan asosiy tayanchdir. Qishloq xoʻjaligida suv tejaydigan texnologiyalar, energetikada “yashil” energiya, tibbiyotda innovatsiyalar taʼlimning ilmiy poydevoriga tayanadi. Murojaatnomada suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun 3 trillion 300 milliard soʻm ajratilishi taʼkidlangan. Bu ekologiya va gidrologiya fanlarining tadqiqotlari orqali amalga oshiriladi. Universitetlarimizdagi mutaxassislar bu jarayonlarda bevosita ishtirok etadi.
Prezidentimiz mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor kosmik sohada sunʼiy yoʻldosh va oʻzbek kosmonavtini fazoga uchirish loyihalarini taʼkidladi. “Fazogirimiz Mirzo Ulugʻbek bobomiz kashf etgan yulduzlardan xabar olib keladi”, “Bobolarimiz yulduzlar xaritasini yaratgan, biz esa bugun xalqimizni ezgu yoʻlga boshlash uchun Yoʻl xaritasi belgilab olishimiz shart” degan soʻzlar qadimiy nujum ilmini ulugʻlab, inqilobni ilm-fan va texnologiya bilan yangi bosqichga olib chiqadi. Bu tashabbuslar milliy taraqqiyotni taʼminlashda taʼlim va ilm-fanni asosiy tayanch qilib, yoshlarni innovatsiyalarga jalb etish orqali mamlakatni global miqyosda raqobatbardosh qiladi.
Prezidentimiz 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilishni taklif qildi. Mahalla tizimining “mehr-oqibat va tarbiya maskani”ga aylantirilishi taʼkidlangan. Universitetimizda turli sohalarda yetakchi olimlardan iborat targʻibot guruhlari tashkil etilgan, ular joylarda “kuchli mahalladan kuchli jamiyat sari” gʻoyasi asosida islohotlarni targʻib etadi.
Xalqaro hamkorlik va sport yutuqlari ham ilmiy yondashuvning namunasidir. Futbol jamoasining jahon chempionatiga chiqishi va shaxmatdagi gʻalabalar strategik rejalashtirish va psixologik tayyorgarlikka asoslangan. Oʻzbekiston 2026-yilda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga, 2027-yilda 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionatiga, 2029-yilda Yoshlar Osiyo oʻyinlariga mezbonlik qiladi. Universitetimizda ham sportga katta eʼtibor qaratilmoqda. Voleybol, basketbol jamoalarimiz oliy liga bellashuvlarida va “FarDU” professional futbol jamoasi Pro-ligada faoliyat yuritmoqda. Bu ham taʼlim va sport fanlarining integratsiyasini koʻrsatadi.
Prezidentimizning Murojaatnomasi – Yangi Oʻzbekistonning ilmiy manifesti. Unda har bir islohot ilm va taʼlimning qudrati bilan mustahkamlangan. Zero, ilm bilan qurollangan xalq hech qachon magʻlub boʻlmaydi – bu Murojaatnomaning asosiy gʻoyasi va bizning kelajakdagi harakatlarimizning poydevoridir.
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV, Fargʻona davlat universiteti rektori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot sovrindorlari maʼlum boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring