Ilgʻor tajriba, zamonaviy texnologiya, fidoyi mehnat sharofati

12:59 27 Oktyabr 2025 Jamiyat
180 0

Namangan viloyatida davlatga paxta sotish boʻyicha yillik shartnomaviy reja ortigʻi bilan bajarildi. Qabul punktlariga 214,2 ming tonnadan ziyod qimmatli sanoat xomashyosi yetkazib berildi. Albatta, bu raqam zamirida fidoyi dehqonlar, qishloq xoʻjaligi sohasi xodimlarining samarali mehnati turibdi.

Viloyatda 2025-yil paxta hosili uchun 48,9 ming gektar maydonda gʻoʻza parvarishlanib, har gektar maydondan oʻrtacha 44 sentnerdan hosil koʻtarildi. Bunda 28 ming gektar maydonga xorijiy serhosil chigit navlari ekilgani yaxshi samara berganini alohida taʼkidlash lozim. Ilgʻor fermer xoʻjaliklarida hosildorlik koʻrsatkichi 70-80 sentnergacha yetkazildi. Terim mavsumi oldidan 70 ta yangi paxta terish mashinalari sotib olinib, ularning umumiy soni 170 taga yetkazilgani ishda yuksak unumdorlikni taʼminladi. Ayni omil hisobiga hosilning 79 ming tonnasi yoki 40 foizi “poʻlat etak”larda tezkorlik bilan saranjomlandi.

Paxtachilik viloyat iqtisodiyotida oʻziga hos oʻrin tutadi. Sohada koʻzlangan maqsadga erishilishi eng avvalo, sanoatida toʻqimachilik yetakchilik qilayotgan hudud uchun mustahkam xomashyo manbai, degani. Ayni paytda ixtisoslashtirilgan korxonalarda yangi hosilni qayta ishlash tadbirlari jadal boshlab yuborildi. Shuning barobarida dalalarda kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratish yumushlariga ham astoydil kirishilgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?