Ikkita viloyatda oʻzbekistonlik sportchilarga uylarning kalitlari topshirildi

14:48 15 Sentyabr 2021 Sport
473 0

Samarqand shahrida Tokioda boʻlib oʻtgan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari gʻoliblari va ishtirokchilarini taqdirlash tadbiri boʻlib oʻtdi. Unda viloyat hokimi E.Turdimov qatnashib, barcha Olimpiyachilarimizni erishilgan muvaffaqiyat bilan qutlab oʻtdi.

“Hammamiz musobaqani katta hayajon va qiziqish bilan kuzatib bordik. Shuni alohida mamnuniyat bilan aytib oʻtmoqchimanki, Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritish va unda ishtirok etishning oʻzi bir sharafdir. Shunday ekan, unda ishtirok etgan barcha sportchilarimizga va ularning ustoz, murabbiylariga alohida minnatdorchilik bildiraman”, – dedi viloyat hokimi.

Erishilgan har bir natijadan soʻng, ayniqsa, davlatimiz bayrogʻi yuksaklikka koʻtarilib, madhiyamiz baralla yangraganda barchalarimizning qalblarimiz gʻurur va iftixorga toʻldi.

Taʼkidlash joiz, Samarqanddan Olimpiada oʻyinlarida 10 nafar, Paralimpiya oʻyinlarida esa 4 nafar sportchilari ishtirok etib, qator medallarga sazovor boʻlishdi. Paralimpiya chempioni Husniddin Norbekovga Samarqand shahridan uch xonali, Paralimpiya oʻyinlari kumush medal sohibi Parvina Samandarova hamda dzyudo boʻyicha Olimpiya oʻyinlari bronza medali sovrindori Davlat Bobonovga esa ikki xonali uyning kaliti topshirildi.

Xorazmlik paralimpiyachilar ham viloyat hokimi tomonidan uy bilan taqdirlanishdi.

XVI Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan sportchilarni oʻz viloyatlarida tantanali kutib olish marosimlari davom etmoqda. Ana shunday tadbirlardan navbatdagisi Xorazmda boʻlib oʻtdi. Unda sportchilari va ularning murabbiylari, ota-onalari, sportchi yoshlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Farxod Ermanov Paralimpiya oʻyinlari gʻoliblarini erishgan ulkan gʻalabalari bilan yana bir bor muborakbod etib, sportchilarning murabbiylari va ota-onalariga samimiy minnatdorchilik bildirdi.

XVI Paralimpiya oʻyinlarida bogʻotlik paradzyudochi Uchqun Quronboyev oltin, shovotlik Roʻza Qoʻziyeva para pauerlifting boʻyicha kumush, bogʻotlik paradzyudochi Nafisa Sharipboyeva bronza medalni qoʻlga kiritdi.

Viloyat hokimi Paralimpiya oʻyinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni munosib taqdirladi. Paradzyudochi Uchqun Quronboyev va uning murabbiyi Alfiya Ibragimovalarning har biriga ikki xonali, pauerliftingchi Roʻza Qoʻziyeva va paradzyudochi Nafisa Sharipboyevalarga esa bir xonali uylar tantanali ravishda topshirildi.

Sportchi va murabbiylar, ota-onalar soʻzga chiqib, davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat uchun minnatdorlik bildirdilar, 2024-yilda Parijda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlarida bundan ham yuqori natijalarni qoʻlga kiritishga vaʼda berdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?