Ikki qardosh xalqlar orzusi ushaldi

16:27 04 Sentyabr 2025 Jamiyat
106 0

Oʻzbek va qirgʻizlarni nafaqat koʻp asrlik doʻstlik, balki oilaviy rishtalar ham bogʻlaydi. Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning chegara hududlarida yuzlab oilalar istiqomat qiladi. Turmush oʻrtoqlardan biri qirgʻiz, ikkinchisi oʻzbek. Qardosh xalqlarning anʼanalari ham juda oʻxshash. Bitta tilda soʻzlashgan, bitta tilda yozgan. Ikki millat orasida doim qoʻshnichilik ulugʻlangan. “Hovli olma, qoʻshni ol”, “Qoʻshning tinch, sen tinch”, “Bir qizga yetti qoʻshni ota-ona”, “Gilam sotsang, qoʻshningga sot, bir chetida oʻzing oʻtirasan”, “Yaxshi qoʻshni eng yaqin qarindoshdir”, “Qoʻshni yaqin va devori past boʻlsa undan ham yaxshi boʻladi” kabi koʻplab maqollar ikki xalqning hayotiy tajribalaridan olingan. Uzoq yillar shu qoʻshnichilik rishtalariga darz ketgan boʻlsa-da, quda-andachilik, ahillik uzilmadi. Chunki Marhamatlikning yarim qarindoshi Aravonda, aravonlikning yarim jigari Marhamatda edi.

Ammo tarix gʻildiragi qardoshlarni bir-biridan uzoqlashtirsa uzoqlashtirdiki, uzoq yillar bir-biriga yaqinlashtirmadi. Tasavvur qiling, Aravonga kelin boʻlib tushgan qiz bilan ota-onasining oʻrtasi bor-yoʻgʻi 5-6 kilometr boʻlsa, ona oʻz farzandini koʻrib kelish uchun tegishli joylardan ruxsatnoma olishi kerak. Ahvol shu darajaga yetdiki, zarurat yuzasidan chegaradan oʻtmoqchi boʻlganlarga turli sunʼiy toʻsiqlar oʻylab topildi. Oʻshdan Andijonga oʻtmoqchi boʻlgan fuqaroning qoʻlida yaqinlaridan birontasining vafot etganligi haqida maʼlumotnomasi boʻlsa, unga “Doʻstlik” postidan oʻtishga ruxsat beriladi. Agar fuqaro qarindosh urugʻlarini koʻrgani yoki toʻyyu bayramlarda qatnashish uchun yoʻlga otlansa, “Madaniyat” posti orqali oʻtadi. Buning uchun avval Oʻshdan Jalolobodga oʻtib, katta-kichik shaharu qishloqlarni bosib oʻtish kerak. Yaʼni, qarindoshlar bir-birlarini koʻrish uchun 40-50 kilometr oʻrniga 200 kilometrdan ortiq yoʻl bosishiga toʻgʻri keladi. Andijonga qaytishda yana shuncha masofaga sarson-sargardon boʻladi. Buning ustida chegarada besh, olti soat, baʼzan undan ham koʻp vaqt sargʻayib oʻtirishga majbur edi.

– Oʻsha yillari nihoyatda qiyin boʻlgan, – deydi Andijon viloyat qirgʻiz milliy madaniy markazi rahbari Obidjon Nosirov. – Ikki davlat vakillari oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlariga putur yetdi. Farzand otasining dafn marosimiga, ona nabirasining nikoh toʻyiga bora olmadi. Muhimi, tinchlik boʻlsin, deya hammasiga chidadi, koʻndi...

Rasmiyatchilik qardoshlikni shunday noiloj qoldirdiki, aholi chegarani noqonuniy aylanib oʻtishga majbur boʻldi. Buning natijasida qanchadan-qancha hamyurtlarimizga chegarani buzib oʻtganligi uchun jazo qoʻllanildi. Oxir-oqibat taqdirga tan berishdan boshqa chora qolmadi. Chegaralar ochilmagunigacha jigarlar oʻrtasidagi munosabatlar ham uzildi. Ammo yangi avlodlar qardoshlik rishtalari bir kun koʻkka boʻy koʻrsatishiga umid bilan yashadi. Zero, ikki xalq et bilan tirnoqdir. Ularni chegaralar ayirmasa boshqa hech narsa ayira olmasligini yaxshi bilardi.

Qirgʻiziston va Oʻzbekiston xalqlari orzu qilgan vaqt keldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning saʼy-harakati bilan Andijon viloyatining Marhamat tumanini Oʻsh oblastining Aravon rayoni bilan bogʻlovchi “Mingtepa” (“Qorabogʻish”) posti ochildi. Endi minglab fuqarolar ota yurtiga hech qanday hadik-xavotirsiz, bemalol kelib-ketmoqda. Ularning fuqarolik masalalari ham ijobiy hal etildi.

– Chegaralar ochilmasidan avval Andijon viloyatining Asaka tumanida yashovchi otam vafot etgan edi, – deydi Qirgʻiziston Respublikasining Aravon rayonida yashovchi Yulduzxon Haydarova. – Dafn marosimiga borish uchun salkam bir kun vaqt sarflaganman. Belgilangan muddat oz boʻlgani uchun maʼrakasiga qololmagandim. Oʻshanda taqdirimdan noligan paytim boʻlgan. Shukrlar boʻlsinkim, bugun hammasi ortda qoldi. Har ikki davlat rahbarlari oʻzaro munosabatlarini tiklagach, xohlagan paytimizda qarindoshlarimizni yoʻqlash imkoni tugʻildi. Buning uchun atigi bir soat vaqt sarflayapmiz, xolos.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik va doʻstona munosabatlar yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda. Biz bunga samimiyat bilan munosabatda boʻlishimiz, doʻstligimiz va qardoshlikni qadrlashimiz kerak. Birgalikdagi saʼy-harakatlar orqali mamlakatlarimiz oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish, ularni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishni taʼminlaymiz.

Saminjon HUSANOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер