Ikki milliard aholining suv taʼminoti xavf ostida

17:50 24 Aprel 2025 Ilm-fan
271 0

Illyustrativ foto

Soʻnggi yillarda Himolay va Hindukush togʻ tizmalarida xavotirli tendensiya kuzatilmoqda — qor sathi 23-yillik eng past darajaga yetdi, bu esa qor erishi natijasida hosil boʻlgan suvga qaram ikki milliardga yaqin odamni xavf ostiga qoʻymoqda.

Ushbu hodisa yaqinda Togʻli hududlarni kompleks rivojlantirish xalqaro markazi (ICIMOD) tomonidan eʼlon qilingan hisobotda qayd etilgan. Afgʻonistondan Myanmagacha choʻzilgan Hindukush va Himolay togʻlari mintaqa aholisi uchun eng yirik chuchuk suv manbalari boʻlib, bu togʻlardagi qor erishi anʼanaviy ravishda suv resurslarini toʻldirishda muhim rol oʻynaydi. Biroq tadqiqotchilarning maʼlumotlariga koʻra, joriy yilda qor qoplamining mavsumiy qisqarishi meʼyordan 23,6 foizga kam boʻldi, bu soʻnggi yigirma yil ichidagi eng past koʻrsatkichdir. Ularning fikricha, ushbu tendensiya jiddiy xavotir uygʻotadi, chunki ketma-ket uchinchi yildan buyon kuzatilmoqda.

ICIMOD hisobotida daryolar sathi keskin pasayishi, yer osti suvlariga qaramlik oshishi va qurgʻoqchilik xavfining ortishi bilan duch kelish ehtimoli, buning aholi suv taʼminoti uchun jiddiy oqibatlari haqida ogohlantirilgan.

Mintaqaning koʻplab mamlakatlari, jumladan, Afgʻoniston, Hindiston, Nepal va Pokiston allaqachon qurgʻoqchilik boshlanganini eʼlon qilgan. Ekspertlarning ogohlantirishicha, bunday oʻzgarishlar suv taʼminoti xavfidan tashqari, issiqlik toʻlqinlari tobora koʻproq va shiddatli tus olayotgan bir paytda qishloq xoʻjaligini ham xavf ostiga qoʻyishi mumkin.

Shuningdek, hisobotda Xitoy va Myanmani suv bilan taʼminlaydigan Mekong va Saluin daryolari havzalarida qor qoplamining yoʻqolishi qayd etilgan. Ushbu daryolar, hozirgi maʼlumotlarga koʻra, oʻzining qor qoplamidan qariyb yarmini yoʻqotgan, bu esa mazkur suv resurslariga qaram boʻlgan millionlab odamlarning ahvolini sezilarli darajada yomonlashtiradi.

Togʻli hududlarni kompleks rivojlantirish xalqaro markazi mintaqa mamlakatlari hukumatlarini suv resurslarini boshqarishning yanada samarali strategiyalarini ishlab chiqish, erta ogohlantirish tizimlarini takomillashtirish va oʻzgaruvchan iqlim sharoitlariga oqilona javob berish uchun davlatlar oʻrtasida yanada yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga chaqirdi.

ICIMOD bosh direktori Pema Gyamsoning taʼkidlashicha, uglerod chiqindilari allaqachon mintaqa iqlimida ortga qaytarilmas oʻzgarishlarga olib kelib, qor qoplamida takroriy anomaliyalarni keltirib chiqargan. Uning soʻzlariga koʻra, bu uzoq muddatli istiqbolda ekologiya sohasidagi siyosatni qayta koʻrib chiqish va oʻzgaruvchan sharoitlarga moslashishni talab qiladi.

BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti ham iqlim ofatlari haqida gap ketganda Osiyo dunyodagi eng zaif mintaqaga aylanganini taʼkidlamoqda. Yaqinda olingan maʼlumotlar ham soʻnggi olti yil ichida qitʼadagi muzliklarning chekinishi kuzatuvlar tarixida eng tez boʻlganini tasdiqlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер