Iftorlik – savobi ulugʻ amal, ammo dabdababozlik emas

06:26 08 Aprel 2022 Jamiyat
1171 0

Foto: Халқ сўзи

Muborak Ramazon oyi oʻzining shukuh va fayzi bilan davom etmoqda. Imon-eʼtiqodli har bir yurtdoshimiz tilu dilida shukronalik bilan ushbu tabarruk oyning savobi samarasidan bahramand boʻlishga bel bogʻlagan.

Ramazon oyini Alloh xossatan ummati muhammadiya uchun alohida barakotli, fazilatli qilib qoʻygan. Ramazonning xususiyati, fazilati, barakasi juda ham koʻp va beqiyos. Avvalo, Ramazon Qurʼon oyi deyiladi. Chunki Qurʼoni karim ushbu oyda nozil boʻlgan. Xatmu Qurʼon va tarovehlar ado etiladigan, jinu shaytonlarning eng yomonlari zanjirband qilinadigan, rahmat, magʻfirat, doʻzaxdan ozod boʻlish, duolar qabul boʻladigan, xayr-saxovat amallari bajariladigan va koʻplab fazilatlar oyi ekanligi oyati karima va hadisi shariflarda bayon qilingan.

Mana shu ulugʻ ayyom kunlari oʻzini musulmonman degan kishi borki, insonparvarlik, doʻstlik va hamjihatlik kabi olijanob tuygʻularga asoslangan islom dini mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlari holidan xabar olishga, ehtiyojmandlarga muruvvat qoʻlini choʻzishga, bir-biriga oʻzaro mehr-oqibat koʻrsatishga oshiqmoqda.

Bu oy roʻza tutish bilan bir qatorda bagʻrikenglik, birdamlik, tinchlik-osoyishtalikka sabab boʻluvchi mehr-muruvvat oyi hamdir. Imom Termiziy rivoyatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni bu oyda mehr-muruvvat koʻrsatishga chorlab: “Ehsonlarning afzali Ramazon oyida qilinganidir”, deya marhamat etganlari keltirilgan.

Salmon Forsiy roziyallohu anhu rivoyat qilingan Ramazon oyining fazilatlarini batafsil bayon qilguvchi hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam, jumladan, bunday dedilar: “…Bu oyda moʻminning rizqi ziyoda boʻladi. Kimki u oyda birorta roʻzadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechiriladi va doʻzaxdan ozod boʻladi. Shuningdek, unga ham roʻzadorning savobidan hech qancha kam boʻlmagan savob beriladi». Shunda biz: “Ey Rasululloh! Biz hammamiz ham roʻzadorga iftorlik qilib bera olmaymizku”, dedik. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): «Alloh taolo bu savobni roʻzadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki boʻlmasa bir hoʻplam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga beradi. Kimki roʻzadorning qornini toʻygʻazsa, Alloh qiyomatda unga havzi kavsaridan bir qultum suv ichiradi, natijada u to jannatga kirgunicha chanqamaydi. Ramazon – avvali rahmat, oʻrtasi magʻfirat, oxiri doʻzaxdan ozod qilish oyidir. Kimki u oyda xodimlarning ogʻirini yengil qilsa, Alloh uning gunohlarini kechiradi hamda doʻzaxdan ozod qiladi», dedilar».

Demak, kimki birorta roʻzadorga iftorlik qilib bersa, uning gunohlari kechirilar ekan va oʻziga ham roʻzadorniki bilan teng savob yozilar ekan. Bu rivoyatdan boxabar yurtdoshlarimiz muborak oyda imkon qadar roʻzadorlarga iftorlik berishga harakat qiladi.

Astoydil, xolis savob uchun qilingan bagʻrikenglik, saxovatpeshalik chindanda eʼtirofga loyiq. Atrofdagilarga koʻz-koʻzlash, oʻzini koʻrsatish, shuning ketidan qandaydir manfaatga erishish maqsadida saxovat koʻrsatish esa kibr va manmanlik belgisidir. Afsuski, mohi Ramazonda amalga oshirilayotgan ayrim tadbirlarda ana shu illat koʻrinib qolayotir.

Yuqorida zikr etganimiz hadisi sharifda roʻzadorga iftor qilib berishning savobi aytilishi bilan bir qatorda bunga moddiy imkoniyati boʻlmaganlarga Alloh taolo bu savobni roʻzadorga bir qultum sut yoki bitta xurmo yoki boʻlmasa bir hoʻplam suv bilan iftorlik qilib bergan kishiga ham berilishi aytib oʻtilgan.

Ramazon — taqvo oyi, Ramazon — mehr-muruvvat va saxovat oyidir. Albatta, bu saxovat oʻz oʻrnida qilingani maʼqul. Mehrga, eʼtiborga, moddiy taʼminotga muhtojlar bir chetda qolib, qorni toʻqlar, boy-badavlat kishilarni iftorlikka chaqirishdan ne naf? Ustiga-ustak bunday marosimlarda isrofgarlik juda avjiga chiqadi.

Taassufki, iftorlik berishda ham «kimoʻzar»ga tushmoqdamiz. Qolaversa, bugun bu ehson tadbirni uyida emas, restoranlarda katta jamoatni yigʻib, oʻta dabdabali dasturxon atrofida oʻtkazish ham tobora urf boʻlib bormoqda. Aslida kishi oʻzi istiqomat qiladigan xonadonga yaqinlari, qoʻni-qoʻshnilar va muhtojlarni taklif etib, kamtarona qilgan iftorlik har tomonlama maqbuldir. Unda silai rahm, qoʻshnining haqqi va muhtojlarga koʻmak hosil boʻladi, riyo, manmanlik va isrofdan uzoqlik boʻladi. Zero, Alloh taolo Qurʼoni Karimda shunday marhamat qilgan:

“Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U zot isrof qiluvchilarni sevmas” (Aʼrof surasi, 31-oyat).

Yana bir mulohaza. Aslida iftorlik faqat toʻp-toʻp odam chaqirib, ziyofat berish emas. Balki ehtiyojmand insonlarga oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilib berish, davolanishga imkoniyati yoʻq bemorlarga dori-darmon ulashish, ehtiyojlari uchun ularning qoʻliga ozmi-koʻpmi, mablagʻ berish ham eng aʼlo iftorlikdir.

Bu tabarruk oyning mohiyatiyu qimmatini anglab, oʻtkazayotgan tadbirlarimizda, bajarayotgan amallarimizda, avvalo, Yaratgan roziligini maqsad qilsakkina, murodga yetishgan boʻlamiz. Alloh taolo ato etgan barcha neʼmatlar uchun shukrona aytib, bir-birimizga faqat va faqat yaxshilikni ilinsak, ezgu amallar yoʻlida saʼy-harakat qilsak, har bir kuni yillarga teng bebaho oyning savobiga erishishimiz mumkin, inshaalloh.

Zayniddin ESHONQULOV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakili.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер