Husanov jarohat sabab 2 haftaga safdan chiqdi

18:02 01 Sentyabr 2025 Sport
1099 0

Videodan kadr

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov jarohat sabab “CAFA Nations Cup” turnirida ishtirok eta olmaydi. Bu haqda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Husanov kecha, 31-avgust kuni “Manchester Siti” safida “Brayton”ga qarshi uchrashuv paytida oʻzini noqulay his qilgan. Tekshiruvlardan soʻng futbolchining chap oyoq boldir mushagida kichik jarohat borligi aniqlangan.

“Dastlabki xulosalarga koʻra, tiklanish muddati 2 haftani tashkil etishi kutilmoqda. Shifokorlarning tavsiyasiga binoan Abduqodir “CAFA Nations Cup” turnirida ishtirok etolmasligi maʼlum boʻldi”, deyiladi OʻFA xabarida.

Maʼlumot uchun, 31-avgust kuni Angliya Premyer ligasining 3-tur bahslari yakunlandi. Turning soʻnggi oʻyinlaridan birida “Manchester Siti” Falmer shaharchasida “Brayton” klubi mehmoni boʻldi. Mazkur ahs mezbonlarning 2:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.

Oʻzbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ushbu oʻyinda asosiy tarkibda maydonga tushdi va 61-daqiqada “Brayton” hujumchisi Yakubu Mintegaga qarshi qoʻpol oʻynab, sariq kartochka oldi.

Husanov bahsning 85-daqiqasida, “Brayton”ning ikkinchi golidan oldinroq jarohat oldi va Ruben Diashga almashtirildi. Shundan soʻng uchrashuvda hisob oʻzgarmadi.

Jamoa bosh murabbiyi Gvardiola oʻyindan keyingi matbuot anjumanida Abduqodir haqda iliq fikrlar bildirdi va agar u maydonda qolganida ikkinchi golni bartaraf etishi mumkin boʻlganini aytdi.

“Ikkinchi golni juda tezkor futbolchilardan oʻtkazib yubordik. Husanov eplashi mumkin edi, chunki u ham juda tez, lekin avvalroq uni almashtirishga majbur boʻlgandim. Unda hech qanday jarohat yoʻq. Shunchaki biroz shikastlandi va mushaklarda muammo paydo boʻlgandi”, deydi Pep.

Aytish joiz, oʻzbekistonlik futbolchi maydonda harakat qilgan daqiqalarida 90 foiz uzatmalari aniq chiqdi. 6-marta raqibning hujumini toʻxtatib qoldi. Oʻzi qatnashgan yelkama-yelka duellar 7 tasida raqiblarini yutdi. “Sofascore” portali Husanovning oʻyinini 6,7 ballga baholadi. Bu “Manchester Siti” himoyachilari ichidagi eng yaxshi ball edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер