Hukumatga inson hayotiga daxldor boʻlgan muhim masalada parlament soʻrovi yuborildi

17:50 20 Noyabr 2020 Siyosat
217 0

Oliy Majlis Senatining toʻqqizinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, koʻchki xavfi mavjud togʻ va togʻoldi hududlarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy obyektlar xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi.

Aholi bilan muloqotlar, ularning murojaatlari, joylardagi oʻrganishlar, tarmoqqa oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va huquqni qoʻllash amaliyotining tahlili ushbu sohada hali ham qator tizimli muammo hamda kamchiliklar mavjudligini koʻrsatmoqda.

Mamlakatimizning gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda istiqomat qilayotgan fuqarolarni xavfsiz hududga koʻchirish yuzasidan taʼsirchan nazorat toʻliq va samarali oʻrnatilmaganligi sababli gidrometeorologik va geologik xavfli hududlardagi 602 ta xoʻjalikdan 117 tasi, ushbu xoʻjaliklarda istiqomat qilayotgan 2476 nafar fuqarodan 624 nafarini xavfsiz hududga doimiy yashash uchun koʻchirish lozimligi aniqlangan boʻlsa-da, birgina 2020-yil oʻn oy yakuniga koʻra faqatgina 9 ta xoʻjalikning 59 nafar fuqarosi doimiy yashash uchun xavfsiz hududlarga koʻchirilgan xolos. Qolgan xoʻjaliklar esa vaqtinchalik yashash uchun xavfsiz hududga koʻchirilgan. Bu degani vaqtinchalik koʻchirilgan fuqarolar xavfli hududga qaytib borib, yashashni davom ettiradi.

2019-yilda esa doimiy yashash uchun koʻchirilishi lozim boʻlgan 113 ta xoʻjalikning 569 nafar fuqarosidan 34 ta xoʻjalikning 132 nafar fuqarosi xavfsiz hududlarga koʻchirilgan xolos.

Bundan tashqari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari xavfli geologik jarayonlar kuchayishi mumkin boʻlgan joylardagi sanoat va xoʻjalik qurilishlarining loyihalarini Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati bilan kelishishi belgilangan boʻlsada, viloyat hokimliklari tomonidan 2019-2020-yillarda togʻ va togʻ oldi hududlarida tadbirkorlik faoliyati, uy-joy qurish uchun Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xulosalarisiz yuzlab yer ajratish holatlari kuzatilgan.

Bugungi kunda togʻ va togʻ oldi hududlarida Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xulosalarisiz qurilgan sanoat va xoʻjalik obyektlarining soni haqidagi aniq maʼlumotlar hech bir mutasaddi idoralarda mavjud emasligi aniqlangan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xodimlari tomonidan gidrometeorologik va geologik xavfli hududlarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy obyektlarni toshqin suvlari, sel oqimlari va koʻchki hodisalaridan muhofaza qilish maqsadida mutasaddi idora rahbarlariga kiritilgan taqdimnoma va koʻrsatmalarga yuzaki yondashish, ijrosini toʻliq taʼminlanmaslik holatlari mavjud.

Xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqarmalari xodimlari tomonidan mutasaddi idora rahbarlariga 2019-yilda kiritilgan 251 ta taqdimnomaning 152 tasi, yaʼni 60 foizi, 2020-yilning 10 oyi davomida esa kiritilgan 307 ta taqdimnomaning 206 tasi, yaʼni 67 foizi inobatga olingan xolos.

Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xodimlari tomonidan 2020-yilda kiritilgan 41 ta koʻrsatmaning 6 tasi ijrosi bajarilmagan, 18 tasining ijrosi esa qisman bajarilgan.

Bu kabi kamchiliklar Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati xodimlari tomonidan kiritilayotgan taqdimnomalar ijrosini taʼminlamagan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrishni taqozo etmoqda.

Bundan tashqari, toshqinga qarshi hududiy komissiyalar tomonidan hududiy manzilli dasturlar shakllantirilishi belgilangan boʻlsa-da, manzilli dasturlarda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, yaʼni muhandislik-himoya ishlari uchun  tegishli hokimliklar va Moliya vazirligi tomonidan yetarli miqdorda mablagʻlar ajratilmay kelinmoqda.

Muhandislik-himoya tadbirlari oʻz vaqtida olib borilmasligi oqibatida qirgʻoqlari mustahkamlanishi, damba tiklanishi lozim boʻlgan hududlar kengayishiga, toshqin suvlari va sel oqimlari xavfi ortishiga shu hududlarda istiqomat qiluvchi aholining haqli eʼtirozlari, shuningdek, ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlaridagi harajatlarning keskin koʻpayishiga sabab boʻlmoqda.

Birgina misol: Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani “Ketmon “MFY ga qarashli «Oktam» mahallasi aholisini muhofaza qilish uchun «Boysun-Okkapchigʻoy» soyining qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlari boʻyicha

2019-yilda zarur boʻlgan 1 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilmagan, shu ishlar uchun 2020-yilda zarur boʻlgan mablagʻ 2 mlrd. soʻm boʻlgan lekin ajratilmagan, endilikda mazkur ishlarni 2021-yilda bajarish uchun 3 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilib, dasturga kiritilgan.

Daryolar va soylardan oʻzboshimchalik bilan noqonuniy qum-shagʻal qazib olinishi natijasida daryo va soy oʻzanlari chuqurlashib, suv oqimlari tezlashib, oʻzanlari oʻzgarishi oqibatida qirgʻoqlar yuvilishi, dambalar buzilishi, koʻpriklarning tayanch ustunlari yemirilishi kuzatilib, daryo qirgʻogʻiga yaqin masofada yashovchi aholi xonadonlari va iqtisodiyot obyektlariga xavf yuzaga kelmoqda, avtomobil koʻpriklari muddatidan oldin avariya holatiga kelib qolmoqda.

Buning natijasida Andijon, Namangan, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hududidan oqib oʻtuvchi daryo oʻzanlaridan noqonuniy qum-shagʻal qazib olinishi oqibatida 300 ga yaqin aholi xonadonlariga xavf yuzaga kelgan.

Shuningdek, Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Jizzax, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida 26 ta magistral yoʻllardagi koʻpriklarning tayanchlari kritik holatga kelib qolgan.

Qolaversa, toshqin suvlari, sel oqimlaridan zarar koʻrgan mahalliy yoʻllardagi ichki koʻpriklarni taʼmirlash, qayta tiklashda muammolar mavjud.

2019-2020-yillarda respublika boʻyicha yogʻingarchilik mavsumida sel oqimlari natijasida mahalliy yoʻllardagi ichki yoʻllarning 31 ta joyida yoʻl qoplamalariga hamda 90 ta ichki avtomobil koʻpriklariga yetkazilgan zarar boʻyicha mahalliy byudjetda mablagʻ yetishmasligi sababli shu kunga qadar taʼmirlanmagan.

Bundan tashqari, «Oʻztransgaz» AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining daryo oʻzanlari va kanallardan ochiq holatda kesib oʻtgan uchastkalari yaqinida tashkil etilgan noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlari natijasida mazkur daryo oʻzanlarining oʻzgarishi daryodan kesib oʻtuvchi magistral gaz quvurlarning tirgaklarini ushlab turuvchi qirgʻoqlarning yuvilib ketishiga sabab boʻlmoqda. Bu holatlar oʻz navbatida magistral gaz quvurlari ochiq holatda kesib oʻtgan daryo va kanallar qirgʻoqlarini tiklash va qurilish ishlariga katta mablagʻlarni sarf boʻlishiga olib kelmoqda.

Shu jihatdan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mamlakatimizda toshqinlar, sel oqimlari, koʻchki xavfi mavjud togʻ va togʻoldi hududlarda joylashgan aholi punktlari va iqtisodiy obyektlar xavfsizligini taʼminlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?