“Hovli koʻrdi”ga koʻchat sovgʻa qilsa boʻladi
![](https://xs.uz/upload/post/2025/02/13/a2a51fb3e1ec70435f08bbc2d581bbef0213.jpg)
Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Yosh shifokor Abdulaziz Mustafoqulov yaqinda roʻzgʻorini alohida qildi. Shu vaqtgacha akasining oilasi bilan birga ahil-inoq yashagan ota hovlisidan yangi qurgan uyiga koʻchib chiqdi.
Dabdaba va hashamatlardan xoli, ammo juda chiroyli meʼmoriy va zamonaviy koʻrinishda bunyod etilgan hovli-joyining ancha-muncha tomorqasi bor. Unda bemalol dasturxoni uchun yetarli meva-cheva, sabzavot-u rezavorlar yetishtirish, qolaversa, ortiqchasini bozorga chiqarib, qoʻshimcha daromad qilishi mumkin. Lekin yerda hali birorta koʻchat ekilmagan. Shundanmi, yoshi yetmishni qoralayotgan amakisi Mamadali bobo “Abdulazizjon, «Hovli muborak”ka oʻzim oʻstirayotgan koʻchatlardan sovgʻa qilaman, oʻz qoʻlim bilan ekib ham beraman», dedi. Otaxonning bu gapi Abdulaziz Mustafoqulovning boshqa yaqinlariga ham maʼqul boʻldi. Natijada ekiladigan daraxt turlari roʻyxat qilinib, olinadigan koʻchatlar qarindoshlar oʻrtasida taqsimlandi. Shirin shahrining Nurobod mahallasida yashayotgan yosh oila tomorqasida ajib bir bogʻ yaratildi. Bundan ibrat olib, yurtdoshlarimiz oʻrtasida ham bir-birlariga koʻchat sovgʻa qilish keng ommalashsa maqsadga muvofiq boʻlardi.
Binobarin, soʻnggi yillarda sovgʻalarning turi koʻpaydi. Kimdir otasi yoki boshqa yaqinining tugʻilgan kuniga avtomobil , birov umra ziyoratiga yoʻllanma tuhfa qilmoqda. Yana farzandlariga yaxshi kunlarida xonadon-u yana turfa qimmatbaho hadyalar tortiq qilish ham “urf”ga kirmoqda. Albatta, bularning bari xalqimiz turmushining tobora farovon boʻlib borayotganidan dalolat. Ammo hayotda shunday tuhfalar borki, ular har qanday zar-u javohirlardan-da qimmatli, muhimi, har doim foydalidir.
Bulardan yana biri xalqimizning ajoyib maʼnaviy qadriyatiga aylanib borayotgan kitob sovgʻa qilish odati, albatta. Jumladan, bugun sepida sandiq -sandiq kitoblari ham bor kelinlar, “ Ota koʻrdi”da qiziga dasta-dasta kitoblar hadya qilayotgan otalar ham borligi quvonarli. Shu maʼnoda, azaldan otalar va bobolarning farzandlariga atab tomorqalarining adogʻi-yu tegrasida qator-qator teraklar oʻstirishini misol keltirsak, koʻchatlar ham yaqinlarimiz va umuman boshqalar uchun ham beriladigan eng chiroyli hamda kerakli sovgʻa ekanligi ayon boʻlishi, shubhasiz. Qolaversa, oʻsha Abdulaziz Mustafoqulovning yaqinlari tuhfa qilgan koʻchatlarning tez orada beradigan mevalaridan qancha kishilar bahramand boʻladi, soyasidan orom oladi. Yaproqlari “ishlab chiqaradigan” kisloroddan toʻyib-toʻyib nafas olinadi. Shu bilan birga, ushbu daraxtlar sovgʻa egasining nomini ushbu xonadon va atrof javonibda uzoq yillar eslatib turadi. Haqqiga duolar va minnatdorliklar aytiladi. Demak, tuhfa qilingan nihol ham kitobdek koʻp naf va savob keltiradi.
Shukronalik bilan eʼtirof etsak arziydiki, yurtimiz shahar-u qishloqlari, xonadonlari yil sayin koʻrkam va obod boʻlib bormoqda. Jonajon Oʻzbekistonimiz ulugʻvor bunyodkorliklarga uygʻun ravishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida bogʻ-u rogʻlarga burkanmoqda. Bu keng koʻlamli ish izchil va jadal davom ettirilmoqda. “Yashil makon” boʻyicha koʻzlangan maqsadlarga ortigʻi bilan erishish va Vatanimizning yashil boyligini yanada boyitishda albatta, har bir yurtdoshimiz va har bir oilaning faol ishtiroki juda muhim. Bu xayrli vazifani nihol ekib oʻstirish barobarida yaqinlarimiz yoki ehtiyojmand oilalar tomorqasi uchun koʻchatlar sovgʻa qilish bilan ham toʻla-toʻkis bajarsak boʻladi. Ushbu xayrli ishimiz yillar oʻtib, xalqimizning koʻplab bebaho milliy qadriyatlari qatoridan oʻrin olsa, “Hovli muborak”, “Uy koʻrdi”ga sovgʻa uchun koʻchatlar koʻtarib kelish urfga aylansa, ajab emas.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
- “Yurakka ko‘milar asl shoirlar”
- Kartoshka narxi qachon pasayishi maʼlum boʻldi
- “Hamza Hasanovdan Gʻaybulla Tursunovgacha”: “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” mukofoti gʻoliblari aniqlandi
- Kelgusi hafta uchun ob-havo maʼlumoti eʼlon qilindi
- Alisher Navoiy ijodini oʻrganish — qalb amrimiz boʻlmogʻi darkor
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring