Hokimlar uchun haftaning payshanba kuni toʻliq sport kuni sifatida belgilanishi mumkin

18:09 31 May 2024 Hujjatlar
481 0

Foto: Facebook / Shuhrat Abdurahmonov

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari uchun haftaning har payshanba kunini toʻliq jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanishi kutilmoqda. Bu haqda «Davlat sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, yoshlarni sport bilan muntazam shugʻullanishiga qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratish toʻgʻrisida»gi Prezident qarori loyihasida soʻz borgan.

Hujjat loyihasiga koʻra, Vazirlar Mahkamasi va Sport vazirligining quyidagi takliflariga rozilik beriladi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari uchun har haftaning payshanba kunini toʻliq jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilash;

Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari faoliyatini yangi tartibda tashkil etish.

Belgilanishicha:

  • a) tuman (shahar)larda sport sohasidagi davlat siyosatini yuritish, ommaviy va professional sportni rivojlantirish sport maktablari tomonidan amalga oshiriladi.
  • Bunda, sport maktabi 2 ta boʻlgan tuman (shahar)larda sport sohasidagi davlat siyosatini yuritadigan sport maktabi Sport vazirligi tomonidan belgilanadi;
  • b) sport maktablari faoliyati bolalar, oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan muntazam shugʻullanuvchilar sonini bosqichma-bosqich oshirib borishga yoʻnaltiriladi hamda ular professional sportchilar zaxirasini yaratish borasida seleksiya markazi hisoblanadi;
  • v) sport maktablarida quyidagi sport turlari boʻyicha oʻquv guruhlari tashkil etilishi mumkin:
  • Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlari;
  • milliy va belbogʻli kurash hamda hukumat alohida qarorlari bilan belgilangan sport turlari;
  • g) 2025-2026 oʻquv yilidan boshlab sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga ustamalar sport maktabi tomonidan tuman va shaharlarda yoshlarning sportga jalb qilingan bolalar, oʻsmirlar va yoshlar ulushi hamda nufuzli xalqaro va respublika sport musobaqalarida erishilgan natijalar uchun belgilanadi;
  • d) sport maktablariga oʻquvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning oʻqishini koʻchirish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yil davomida amalga oshiriladi.

Quyidagilar sport maktablarining qoʻshimcha vazifalari etib belgilanadi:

  • mamlakatda bolalar, oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek sogʻlom turmush tarzini ommalashtirish;
  • bolalar, oʻsmirlar va yoshlarni sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb etish, shuningdek ularning sogʻligʻini mustahkamlashga va har tomonlama jismoniy kamol topishiga yoʻnaltirilgan sport-sogʻlomlashtirish va tarbiyaviy ishlarni olib borish;
  • bolalar, oʻsmirlar va yoshlarda sport bilan shugʻullanish qobiliyatlarini aniqlash va ularni sportning alohida turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan sport mashgʻulotlariga jalb qilish;
  • sport boʻyicha oʻquv-mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun malakali trenerlar tarkibini shakllantirish, sport zaxirasi va sport turlari boʻyicha professional sportchilar zaxirasini yaratish;
  • sport maktablari oʻquvchi-sportchilari uchun sportning alohida turlari boʻyicha oʻquv-mashgʻulot jarayonini tashkil etish, shuningdek ularni oʻqitish usullari va shakllarining uzviyligini taʼminlash;
  • hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) va boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1-fevralga qadar Sport vazirligi bilan kelishgan holda oʻz hududlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshiradigan vazifalari va erishilishi lozim boʻlgan koʻrsatkichlarini belgilashni nazarda tutuvchi yillik jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturlarini tasdiqlaydi.

Hududlarda yosh istiqbolli sportchilarni saralash, tanlab olish va tayyorlash, shuningdek hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va hududiy terma jamoalarni shakllantirish boʻyicha ishlarni tizimli tashkil qilish maqsadida, Sport vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari negizida hududiy sport turlarini rivojlantirish markazlari tashkil etiladi.

2026-yil 1-yanvardan boshlab reyestrga kiritilgan nodavlat jismoniy tarbiya-sport tashkilotlariga davlat byudjetidan sport sohasini rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar doirasida subsidiya berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda, subsidiya Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga jalb qilingan bolalar, oʻsmirlar va yoshlar sonidan hamda Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari, Olimpiya va Paralimpiya sport turlari boʻyicha jahon va Osiyo chempionatlarida erishilgan natijalardan kelib chiqib beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер