Hech kim mehr va eʼtibordan chetda emas

16:07 12 Fevral 2025 Jamiyat
246 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda keyingi yillarda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini taʼminlash, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida ularni axloqan tuzatish, tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda Fargʻona viloyati hokimligi huzuridagi ijtimoiy koʻnikma markazi tomonidan jazo muddatini oʻtab chiqqan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuvini taʼminlash, ularga moddiy yordam koʻrsatish, yashash sharoitini yaxshilash, ishga joylashtirish, salomatliklarini tiklash, pasport olish, keksalik, nogironlik nafaqasini olish yoki oʻqishni davom ettirish kabi masalalarda tegishli mutasaddi idoralar bilan yaqin hamkorlikda keng qamrovli faoliyat olib borilmoqda.

— Bunday hamyurtlarimiz oʻrtasida takroran jinoyat sodir etilishining oldini olish uchun namunali oilalar, mahalla faollaridan iborat tarbiyachi murabbiylar biriktirildi, — deydi Fargʻona viloyati hokimligi huzuridagi ijtimoiy koʻnikma markazi rahbari Faxriddin Pazilov. — Ayniqsa, mehnat bozorida oʻz oʻrnini topishga koʻmaklashish doimiy eʼtiborda. Bu borada voyaga yetmaganlarni umumiy oʻrta taʼlim va kasb-hunar maktablariga joylashtirish hamda kasb-hunar egallashi uchun Monomarkazlar tomonidan kasbga oʻqitilishi tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Fargʻona viloyati ijtimoiy koʻnikma markazi tashabbusi bilan oilasi turli ijtimoiy daftarlar roʻyxatida turgan mahbuslarning yaqinlari roziligi asosida jazoni ijro etish muassasasida ishlagan ish haqining maʼlum bir qismini oilalariga joʻnatilib turish amaliyoti joriy etildi.

Qoʻqon shahridagi taʼmirtalab holga kelib qolgan ijtimoiy koʻnikma markazi yotoqxonasi oʻrniga barcha qulayliklarga ega yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu yotoqxonada jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, uy-joyi yoʻq fuqarolar yashaydi.

Yaqinda Fargʻona viloyati ijtimoiy koʻnikma markazi tashabbusi bilan 10-sonli tergov hibsxonasi hamda Fargʻona shahar kasbiy koʻnikmalar “Ishga marhamat” monomarkazi bilan hamkorlikda hibsxonadagi xoʻjalik hisobidagi mahkumlarni tikuvchilik, payvandlash, temirchilik, duradgorlik, chilangarlik, oshpazlik yoʻnalishlarida kasbga oʻqitish hamda sertifikat berish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 29-iyundagi “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab boʻlgan fuqarolarning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida markaz tomonidan 107 nafar fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashildi. Ularning biznes-loyihasi uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi” olib berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер