Hayotbaxsh islohotlarda jamoatchilik faolligi muhim

19:51 28 Aprel 2023 Jamiyat
1049 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / “Xalq so‘zi”

2021 yildan hayotga tatbiq etilgan “Tashabbusli byudjet” loyihasi hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hayotbaxsh islohotlar jarayonida xalqimizning faol ishtirok etishini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Ayni jarayonda ko‘p yillik muhim hayotiy muammolar bartaraf etilib, hududlar obodligi, turmush farovonligini yaxshilashda bevosita aholining o‘zi faollik ko‘rsatishiga erishilyapti.

    Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan “Ochiq byudjet” axborot portali orqali e’lon qilingan “Tashabbusli byudjet” loyihasining 2023 yil birinchi mavsumi g‘oliblarini taqdirlash marosmida ushbu loyiha yildan-yilga barchani mushtarak maqsad yo‘lida birlashtirish uchun qulay tizim sifatida shakllanib borayotgani e’tirof etildi.

2021-2022 yillar davomida “Tashabbusli byudjet” loyihalari uchun davlat byudjetidan qariyb 3 trln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 5 ming 730 ta loyiha g‘olib deb topilib, to‘rt mingga yaqin mahallaning ijtimoiy muammolari hal qilindi. Natijada 2,5 mingdan ortiq maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari ta’mirlandi va jihozlandi. Qariyb 300 ta mahallaning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan bo‘lsa, 1500 ga yaqin ko‘chalar asfaltlandi, yo‘llar tartibga keltirildi.

     “Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yilgi birinchi mavsumida deyarli 56 mingta loyihadan 33 ming 700 tasi ovoz berish jarayoniga o‘tkazilib, unda 16 mln. dan ziyod hamyurtlarimiz faol qatnashdi. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga yo‘naltirilgan mablag‘lar doirasida umumiy qiymati 1,5 trln. so‘m bo‘lgan 1 ming 666 ta (1 ming 419 ta MFY) loyiha g‘olib bo‘ldi.

      -Prezidentimizning 2023 yil 10 aprel kungi “Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, birinchi mavsumda ikki mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib bo‘lmagan 1 ming 309 ta loyiha uchun qo‘shimcha ravishda 1,3 trln. so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi,-deydi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Anvar Karimov. – Shu tariqa yakuniy natijalarga ko‘ra, umumiy qiymati 2,8 trln. so‘mni tashkil etgan 2 ming 997 ta loyiha g‘olib sifatida e’tirof etildi.

Tadbirda loyiha tashabbuskori bo‘lgan faol hamyurtlarimiz, mahalla raislari, mahallalarda faoliyat ko‘rsatayotgan hokim yordamchilari, OAV vakillari qatnashib, loyihani yanada takomillashtirish, jarayonda uchrayotgan ba’zi kamchilik va e’tirozlarga barham berish bo‘yicha o‘z fikrlari hamda takliflarini bildirishdi.

 Gʻoliblarga Iqtisodiyot va moliya vazirligining esdalik sovg‘alari topshirildi. 

 Zohidjon HAMIDULLAYEV, Farg‘ona viloyati

-O‘zbekiston tumanida joylashgan “O‘qchi-tuman” MFYda istiqomat qilaman. “Tashabbusli byudjet” loyihasining bu yilgi birinchi mavsumida 12 ming 500 ta ovoz to‘plab, tuman miqyosidagi 117 ta tashabbus ichida uchinchi o‘rinni egalladik. Shu tariqa mahallamizning 4 ta ko‘chasidagi 3 km ichki yo‘llarni asfaltlashtirishga kirishildi.

Mahalla ahlining ko‘p yillik orzulari ijobat bo‘lganidan behad mamnunmiz. Bunga o‘zimizning faol harakatimiz orqali erishganimiz esa yanada quvonarlidir.

Alimardon TURDIYEV, Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani, “Katta bog‘” MFY bo‘yicha hokim yordamchisi

-Mushtarak maqsad yo‘lida mahalladoshlarimiz juda ham faol. 2022 yili “Tashabbusli byudjet” loyihasida g‘olib bo‘lib, 2 km ichki yo‘llarni asfalt qilish, elektr ta’minotini yaxshilash uchun 400 ta eski simyog‘ochlarni tayanch beton ustunlarga almashtirishga erishildi. 2023 yilgi birinchi mavsumda piyodalar yo‘lakchasi barpo etish loyihasini amalga oshirish uchun 13 mingdan ko‘proq ovoz yig‘ib, g‘olib bo‘lishga muvaffaq bo‘ldik.

 Bu borada o‘rinli tashabbuslarni ilgari surish va himoya qilish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lib bormoqdamiz.

            Botir MADIYOROV, (“Xalq so‘zi”).

                                             Foto: Yunus Buriyev, (“Xalq so‘zi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?