Hashar elga yarashadi

Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbek xalqining ulugʻ qadriyatlaridan biri — hashar orqali bino, koʻprik, yoʻllar qurilib, obodonlashtirish ishlari bajarilgan. Ibratli tomoni, hasharda odamlar oʻz ixtiyori bilan beminnat ishtirok etib, el xizmatiga kamarbasta boʻlgan.
Tarix sahifalarida Buxoro, Samarqanddagi ayrim qadimgi toʻgʻonlar, koʻpriklar, masjid-madrasalar aynan, hashar yoʻli bilan qurilgani toʻgʻrisida koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Bugungi kunda ariqlarni tozalash, koʻchat ekish, mahalladoshning uyini qurish kabi qiyin ishlar koʻpchilik tomonidan oʻrtaga olinishi hamjihatlik namunasidir. Hashar tufayli har qanday ogʻir ish tezda bitadi, kimningdir muammosi yechim topadi. Bunga Shirin shahrining Nurobod mahallasidan koʻplab misollar keltirish mumkin.
Bu mahallaning tashkil topganiga tarix silsilasi nuqtayi nazaridan baho berilsa koʻp boʻlgan emas. Aholisining asosiy qismi choʻlni oʻzlashtirish yillarida turli hududlardan koʻchib kelgan.
Nurobod obod mahalla dasturiga tushgach, bu yerda katta oʻzgarishlar boʻldi. Mahallaning koʻchalari toʻliq asfaltlandi. Maʼmuriy binolar qurildi, koʻchalarga zamonaviy led chiroqlar oʻrnatildi. Lekin oraliqdagi ayrim yoʻlaklar dasturga kiritilmagani sababli taʼmirsiz qolib ketgandi. Yaqinda bir guruh nurobodliklar ikki yuz metrdan ortiq ana shunday yoʻlakka hashar yoʻli bilan beton qoplam yotqizishdi.
— Beton qoplama qilgunimizcha yoʻlak uydim-chuqur edi, — deydi mahalla faollaridan biri Mamarasul Mustafoqulov. — Tuproq-changli yoʻlakdan har kuni uch yuzdan ortiq bolalar maktabga qatnardi. Ayniqsa, ular qorli, qirovli qiynalardi. Shu bois mahalladoshlarimiz bilan maslahatlashib, oʻz kuchimiz bilan yoʻlakni ravon qilishga kirishdik. “Koʻpning yiqqani togʻ boʻlar” degan naql bekorga aytilmagan ekan. Birpasda taʼmir ashyolari uchun anchagina pul ham yigʻildi.
Darhaqiqat, kimdir bir necha mashina shagʻal toʻkkan, kimdir sement keltirgan, kimdir qolip, kimdir beton qorigich keltirgan ushbu hasharga hamma havas qildi. Bunday paytda mehnat qilishning shukuhi ham boshqacha boʻladi. Hamma jon kuydirib ishlaydi. Chetda turishga, tomoshabin boʻlishga or qiladi, “El orasida kim degan odam boʻldim” deya andisha qiladi. Shu tariqa hashar natijasida eni ikki metrga yaqin, uzunligi ikki yuz metrdan ortiq zamonaviy yoʻlak paydo boʻldi. Hasharchilar orasida nuroniylar, endigina moʻylabi sabza boʻlgan yigitchalarni ham uchratish mumkin edi. Hasharda shu atrofda yashovchi oilalarning bekalari ham qarab turishmadi. Kimdir suyuq, kimdir quyuq “Hashar oshi” uzatishdi.
Toʻgʻri, yurtimizda kechayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari orasida hashar yoʻli bilan birgina yoʻlakni qayta barpo etish kamtarona xizmat boʻlib tuyular. Lekin gap bunda emas. Gap yurtdoshlarimizning oʻz mahallasini obod qilishda ishtirok etib, elga nafi tegishga intilayotganida, yurt ravnaqiga hissa qoʻshishga oʻzlarini daxldor deb bilayotganidadir.
— Mahallamizda hashar uzoq yillardan buyon muntazam oʻtkazib kelinadi, — deydi mehnat faxriysi Mavluda Sobirova. — Masalan, oltmishinchi, yetmishinchi yillarda barpo etilgan uylarning aksariyati hashar yoʻli bilan qurilgan, desam, hech ham mubolagʻa boʻlmaydi. Mahallamizda hasharga yoshu qari, ayolu erkak — barcha xayrli bir tadbir sifatida qaraydi. Eng muhimi, uning mohiyatidagi elu yurt uchun xizmat qilishdek maqsadni chuqur anglashadi. Masalan, hashar kunlari mahallamiz xotin-qizlari ham chetda turishmaydi. Gullar ekish, ularni parvarishlash, supurib-sidirish kabi yengil ishlarni bajarish bilan birga hasharning uzviy boʻlagiga aylangan “Hashar ovqat”da ishtirok etishadi. Yaʼni, hasharchilar dasturxonini turli nozu neʼmatlar, taomlar bilan toʻldirishadi. Bir soʻz bilan aytganda, hasharda faqat ishlar bitibgina qolmay, odamlarning hamjihatligi ham mustahkamlanadi. Muhimi, shu zayl hashar ajdodlardan avlodlarga xalqimizning bebaho qadriyati sifatida oʻtib boraveradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring