Harbiy xizmatchilarga yangi uy kalitlari topshirildi

18:00 08 Yanvar 2024 Jamiyat
493 0

Uychi tumanida Oʻzbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli vzvod jamoasi Vatan himoyachilari kuni arafasida quruvchilardan munosib tuhfa oldi. Bu yerda vzvodning yangi maʼmuriy binosi hamda harbiy xizmatchilar uchun bunyod etilgan zamonaviy turarjoy foydalanishga topshirildi.

Yangi inshootlar taqdimotida Namangan viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Shavkat Abdurazzoqov, askarlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Toʻplanganlar olqishi ostida yangi xizmat xonadonlarining kalitlari egalariga tantanali ravishda taqdim etildi. Ramziy lenta qirqilgach, mehmonlar bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.

Shu kuni mazkur harbiy qism shaxsiy qism tarkibi toʻrt qavatli 36 xonadondan iborat turarjoy binosidan tashqari, yangi qurilgan maʼmuriy bino, kinologiya boʻlinmasi, otxona, mini stadion, omborxona va boshqa qoʻshimcha binolarni ham qabul qilib olishdi.

— Harbiy qismda qurilgan inshootlar majmuasi mahallamiz koʻrkini yanada ochib yubordi, — deydi Keskanyor MFY yoshlar yetakchisi Ulugʻbek Mahkamov. — Zamonaviy xizmat xonadonlari ofitser va serjantlarning yashash sharoitini yaxshilagan boʻlsa, mini-stadionning foydalanishga topshirilishi mahalliy yoshlar uchun ham ayni muddao boʻldi. Askarlikka qiziqqan yigitlarimiz futbol bilan bemalol shugʻullanadilar, harbiylar bilan oʻrtoqlik uchrashuvlari oʻtkaziladi.

Qirgʻiziston Respublikasi bilan chegara hududda joylashgan mazkur qism jamoasi davlatimiz tomonidan koʻrsatilgan navbatdagi gʻamxoʻrlikka javoban Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga vaʼda berdilar.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?