“Har lahzada uygʻon, har lahzada oʻs”

21:18 17 May 2021 Madaniyat
1650 0

Xalqimizning dardu tashvishi bilan yashab oʻtgan Halima Xudoyberdiyeva — Sirdaryo farzandi. Har bir sheʼri, har bir misrasida millatning koʻp asrlik armonlari mujassam. Shoira qalbini olovlantirgan qoʻrni, beqiyos quvvatu shiddatni shu zamin bagʻridan olgani shubhasiz.

Oʻzbekka shunday buyuk shoirani tuhfa etgan zaminda uning nomida ijod maktabi ochilishi gʻoyatda oqilona ish, ayni chogʻda, adabiyotga boʻlgan yuksak eʼtibor namunasidir.

 Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida Oʻzbekiston xalq shoiri, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Halimaxonim tavalludining 74 yilligiga bagʻishlangan tantanali xotira kechasi boʻlib oʻtdi. Unda davlat va jamoat arboblari, taniqli shoir, yozuvchilar, adabiyotshunoslar, sanʼatkorlar, yosh ijodkorlar ishtirok etdi.

Maktab hovlisidagi shoira haykali poyiga gullar qoʻyishdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar oʻzbek adabiyoti va madaniyatiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shoiraning betakror ijodiy merosi, Vatanga muhabbati, vafo va sadoqati, sermazmun hayoti yosh avlod tarbiyasiga beqiyos hissa qoʻshishini taʼkidladi.

Ishtirokchilarining ayrimlarini suhbatga chorladik.

Eshqobil SHUKUR,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi:

— Sheʼriyatda Halima Xudoyberdiyeva ovozi muhtasham oʻringa ega. Sheʼrlari oʻzbek ayolining mardonavor ovozi kabi jaranglab turadi. Bu sheʼrlarda biz muhtasham onalarimizning yurak urishlari, opa-singillarimizning mehr-muhabbatga toʻliq tuygʻularini, ularning dardu armonlarini, quvonchu shodliklarini his etamiz. Bir soʻz bilan aytganda, oʻzbek ayolining qalbini oʻrganaman, degan odam Halima opa sheʼrlari bilan tanishish kerak.

Bir paytlar Zulfiya opa Halima opaga “Yuragida alanga bor shoira” deb taʼrif berganida Halima opa hali maktabda oʻqib yurgan mushtday qizaloq boʻlgan. Holbuki, oʻsha alanga uning umrining oxirigacha qalbida gurillab turdi. Zero, bu alangani shoiraga Xudoning oʻzi bergan. Halima opa biror satrni ham shunchaki yozmagan. Shunchaki, ermakka yozishni u or bilgan. Bu ijodiy intizom har bir sheʼriga hayot va haqiqat ruhini olib kirdi. Hamisha baland boʻldi, hamisha mard keldi. Hammamiz Halima opani yaxshi koʻrardik, u kishi ham barchamizni yaxshi koʻrardi. Shoirdek keldi, shoirdek yashadi, shoirdek ketdi.

Dilorom KARIMOVA,

Oʻzbekiston xalq artisti:

— Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlari millat bolalarini ruhan yetuk, gʻururli va oʻzbek boʻlib yashashga, tiz choʻkmaslikka, hayot mashaqqatlari oldida tiz choʻkmaslikka oʻrgatadi. Zamonaviy oʻzbek shoiralari orasida eng otashnafas qalam sohibasi. Bir sheʼrida: “Mening ovoz pardalarimga chidab bersang, bas”, deydi. Qarang, “Oq olmalar” kitobiga 53 yil boʻlibdi. Hali ham oʻquvchilar qoʻlidan tushmaydi. Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi xalqaro darajadagi nufuzga ega. Bu yerda oʻquvchilar xorijiy tillarni ham oʻrganishadi. Bu maktab bolalariga muvaffaqiyat tilayman.

Kamola UMRZOQOVA,

Halima Xudoyberdiyeva qizi:

— Bugungi kunda onajonim ijodi va xotirasiga yuksak eʼtibor qaratilayotganidan boshimiz osmonda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Halima Xudayberdiyeva ijod maktabi ochilgani har birimizni cheksiz quvontirdi. Onam hayotining eng ogʻir damlarida ham barcha mashaqqatlarni sabr-chidam bilan yengdi. Doim adabiyot, muxlislarimni sogʻindim, derdilar. Farzandlariga mehribon edi. Oilamizni hurmat qilib kelgan barcha ishtirokchilarga oʻz minnatdorchiligimizni bildiraman.

Adiba UMIROVA,
("Xalq so'zi")

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?