Har kuni nonushtaga yeydigan mahsulotimiz ichaklarimizga zarar yetkazadi – Tadqiqot

14:27 10 May 2025 Ilm-fan
292 0

Foto: Illustrativ

Shimoliy Karolina shtat universiteti olimlari olib borgan yangi tadqiqotga koʻra, kundalik isteʼmol qilinadigan baʼzi turdagi oqsillar, xususan tuxum oqi, ichakdagi foydali mikroorganizmlar faoliyatini buzib, inson sogʻligʻiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Bu kashfiyot ichak mikrobiotasi salomatlikda oʻta muhim rol oʻynashini yana bir bor tasdiqlab, baʼzi ovqatlar ichakni qanday yomonlashtirishi mumkinligini koʻrsatadi.

Tadqiqot davomida olimlar turli oqsil manbalari — tuxum oqi, jigarrang guruch, soya va xamirturushni sichqonlarga berishdi. Har bir sichqon guruhi bir hafta davomida faqat bitta turdagi oqsilga asoslangan diyeta bilan oziqlandi. Maqsad — har bir oqsil turining ichak mikroblariga taʼsirini kuzatish edi.

Natijalar shuni koʻrsatdiki, tuxum oqi va jigarrang guruch ichakdagi mikroblar tarkibi va ularning vazifasiga jiddiy taʼsir koʻrsatadi. Bu oʻzgarishlar ichak mikrobiotasining oqsil va shakarga munosabatini oʻzgartirib, baʼzi bakteriyalarning kuchayishiga olib kelgan. Ayniqsa tuxum oqi bilan oziqlangan sichqonlarning ichagida glikan (shakar zanjirlari) parchalaydigan fermentlar ishlab chiqaruvchi bakteriyalar keskin koʻpaygan.

Tadqiqot mualliflaridan biri, olim Alfredo Bleykli-Ruis bu holatga shunday izoh berdi: “Biz tuxum oqi ichakdagi bakteriyalarni musin moddasini, yaʼni ichak devorini himoya qiluvchi tabiiy qatlamni parchalaydigan fermentlar ishlab chiqarishga undayotganini kuzatdik. Bu esa ichakni tashqi zararli omillarga ochiq qilib qoʻyadi”.

Tuxum sogʻlom protein manbai sifatida keng tanilgan boʻlsa-da, tadqiqot tuxum oqining baʼzi hollarda salbiy taʼsiri ham boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Professor Manuyel Kleiner bu borada quyidagicha fikr bildirdi: “Bizning tadqiqotimiz tuxum oqining ichak mikroblariga kuchli taʼsir koʻrsatishini isbotladi. Endilikda aralash ovqatlanish sharoitida bu taʼsir qanday boʻlishini chuqurroq oʻrganmoqchimiz”.

Tadqiqotda shuningdek, xamirturush va guruch oqsili ham mikroblar faoliyatida sezilarli oʻzgarishlar keltirib chiqargani kuzatildi. Ammo aynan tuxum oqi eng keskin va salbiy oʻzgarishlarga sabab boʻlgan.

Olimlar bu tadqiqot orqali shunchaki “nima yeyish” emas, “nima oqibat berishi” haqida oʻylash vaqti kelganini eslatmoqchiligini tan olishgan. Tadqiqot natijalari kelajakda ovqatlanish boʻyicha aniq tavsiyalar ishlab chiqishga asos boʻlishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер