Har kim mehnat qilish va erkin kasb tanlash huquqiga ega

17:44 01 Dekabr 2020 Siyosat
440 0

Yigirma sakkiz yildirki, koʻp millatli Oʻzbekiston oʻzining Asosiy Qonuni — Konstitutsiyasi himoyasida yashab kelmoqda. Chunki uning barcha moddalarida inson va fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish, hayotini yaxshilash, xavfsizligini taʼminlash yoʻlida har birimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy huquqlarimiz aniq mustahkamlab qoʻyilgan.

Masalan, Konstitutsiyamizning 37-moddasida har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi, sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʻtash tartibidan yoki qonunda koʻrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanishi alohida belgilangan.

Aslida ham, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash va adolatli mehnat sharoitlarida ishlashga toʻla haqli. Fuqarolarning ushbu konstitutsiyaviy huquqlari amaldagi mehnat qonunchiligida ham oʻz ifodasini topgan. Xususan, Mehnat kodeksining 7-moddasiga binoan, majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.

Shu jihatdan soʻnggi yillarda Asosiy Qonunimizda belgilangan majburiy mehnatni taqiqlash toʻgʻrisidagi qoidaga qatʼiy amal qilishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatilib, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha parlament komissiyasi tuzildi.

Hozirgi kunda komissiya inson huquqlari sohasida mamlakatning xalqaro majburiyatlariga rioya etilishiga hamda inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston milliy strategiyasini amalga oshirishga koʻmaklashishda asosiy tayanch vazifasini oʻtamoqda. Ushbu muhim masala qattiq nazoratga olingani sababli joriy yilda bunday salbiy holatlar aniqlanmadi. Bu esa xalqaro tashkilotlar, keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilayotir.

Konstitutsiya – davlatni davlat, millatni millat sifatida tanitadigan qomusnomadir. Zero, uning har bir moddasida milliy va umuminsoniy qadriyatlar, xalqimiz manfaatlari aks etgan. Shu sababli u mustaqil davlatimizning Asosiy Qonuni sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, demokratik islohotlar va yangilanishlarga mustahkam huquqiy zamin sifatida xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda barcha jabhalarda keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora oʻsib borayotgani ham shak-shubhasiz, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir. Negaki, u hech kimga qaram boʻlmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati boʻlib kelmoqda.

Binobarin, Asosiy Qonunimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro hujjatlar talablariga toʻla mos holda, inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kafolatlab berdi. Insonning maʼnaviy kamol topishi va har tomonlama uygʻun rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.

Oʻtgan davr mobaynida Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyilgan tamoyil va qoidalar negizida yurtimizda milliy qonunchilik tizimi barpo etildi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalishiga, hayotimizning barcha sohalarida amalga oshirilgan samarali islohotlarga asos boʻldi. Uning fuqarolarimiz huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularning siyosiy faolligini oshirishda ham oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.

Dunyodagi “qonun ustuvorligi indeksi” yuqori darajada boʻlgan 30 ta davlat qatoriga Oʻzbekistonning kirishini taʼminlash va aholining adolatli sudlovga ishonchini oshirish – partiyamiz saylovoldi dasturida ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Biz insonning fundamental huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoyalash tarafdorimiz. Asosiy maqsadimiz ham – Oʻzbekistonda inson hayoti va faoliyatining barcha sohalarida majburiy mehnatning oldini olish hamda unga toʻliq barham berishga doir aniq chora-tadbirlar amalga oshirishdan iboratdir.

Konstitutsiyamiz xalqimizning orzu-umidlari, irodasini oʻzida jamlagan qomusiy hujjat hisoblanadi. U bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega boʻlish, taʼlim olish, mehnat qilish kabi huquqlarini, soʻz hamda eʼtiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga koʻtardi. Shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.

Xulosa qilib aytganda, Bosh qomusimizda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida mujassam etilgani bejiz emas. Zotan, u jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini eʼtirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Abdulla ROʻZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?