Haqqoniy va xolis soʻz qalblarga chuqur singib, ezgu tuygʻularni uygʻotadi

16:47 21 May 2024 Jamiyat
320 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Aslida begʻubor bolalikning oʻyinqaroq lahzalari qolib ketgan, aqlingizni tanitgan, tafakkuringizni charxlagan, qoʻlingizga ilk bor qalam tutqazgan muqaddas zaminga qadam qoʻymoq, musaffo havosidan toʻyib-toʻyib nafas olmoqdan ortiq baxt boʻlmasa kerak dunyoda. 70 nafarga yaqin poytaxtda yashab, ishlayotgan ijodkorlarning bahorning soʻlim faslida, lolaqizgʻaldoqlar ochilib, atrof fusunkorlik kasb etgan kunlarda Qashqadaryoga borishi ramziy maʼnoda kindik qoni tomgan zaminga taʼzim va ehtirom namunasi boʻldi, desak mubolagʻa emas.

Qalbimizni shunday goʻzal tuygʻular chulgʻab olgan paytda bu uchrashuvni ilk bor yoʻlga qoʻyganlar koʻz oʻngimizdan oʻtadi. Marhum, viloyatni ancha yillar boshqargan Nuriddin Zayniyev ilk tashkilotchi edi. Bu anʼanalarni keyingi rahbarlar davom ettirdi. Bu galgi uchrashuvlarni esa Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov uyushtirdi va har galgidan farqli oʻlaroq, bir piyola choy ustida gurung va bazm emas, balki tumanlarda aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Joylardagi vaziyat oʻrganildi, odamlarni qiynayotgan muammolar, turli masalalar yozib olindi.

…Qarshi tumani Qovchin qishlogʻida joylashgan buyuk bobokalonimiz Abul Muin Nasafiy ziyoratgohi. Moziy va bugun oʻrtasidagi ming yillik koʻprik vazifasini oʻtayotgan ulugʻ bobokalonimiz dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan olimlardan biridir. Uning «Tavsiratul adilla», «Bahrul kalom», «At tamhid li qavoidi tavhid» kabi asarlari dunyo olimlari tomonidan yuqori bahoga sazovor boʻlgan. Ziyoratgohning tarixiy muzeyida bu asarlarning nusxalari, Xitoy ipak qogʻoziga bitilgan noyob Qurʼoni karim qoʻlyozmasi saqlanmoqda. Bu muqaddas kitobning boʻyi 60, eni 41 santimetr boʻlib, sobiq tuzim davrida devor orasiga yashirib qoʻyilgan va keyinchalik bus-butun holda topilgan.

Qarshi tumanidagi 71-maktabda viloyat rahbarlari, shoir, yozuvchi hamda jurnalistlar ishtirok etgan muloqotda maktab hayoti, oʻquvchilarning bilimi va salohiyati, oʻqituvchi sharafi hamda masʼuliyati haqida fikrlar bildirildi.

— Bunday shinam, chiroyli maktabda aʼlo baholarda oʻqimaslikning iloji yoʻq, — deydi shoir Berdi Rahmat. — Oʻzim shiftlaridan qamish osilib turgan, qishda oʻtin bilan isitiladigan, loysuvoq maktabda oʻqiganim koʻz oʻngimdan oʻtdi. Oʻshandayam biz ilm olishni, hayotda oʻz oʻrnimizni topishni oʻylab, kitobdan bosh koʻtarmasdik. Bu maktab poytaxtdagi ilm dargohlari bilan bemalol boʻylasha oladi. Men aminmanki, ilm maskanida Yangi Oʻzbekistonning kelajagi, ertasi kamol topmoqda va ulardan umidlarimiz juda katta.

Qarshi shahridagi «Alp Texno Service» masʼuliyati cheklangan jamiyat sexlarida jahon andozalariga mos, turli rusumdagi zamonaviy televizorlar ishlab chiqarilmoqda. Oʻzi tugʻilib oʻsgan qadrdon yurtdagi shunday olamshumul yangilanishlarni koʻrgan ijodkor koʻksida gʻurur hissi uygʻonadida. 2022-yilda ochilgan korxonada bir yilda 120 ming dona televizor ishlab chiqarib, asosiy qismi xorijga eksport qilinayotgani bu katta gap. 110 nafar mahalliy yigit-qiz televizorlarni yigʻayotganini koʻrib, havasimiz keldi. Korxona ijrochi direktori Erkin Qurbonov yaqin kunlarda chang yutgich va kir yuvish mashinasi, ikkinchi bosqichda konditsioner ham ishlab chiqarilishini aytib oʻtdi.

«Sulton Tex» Group» masʼuliyati cheklangan jamiyati klaster korxonasi bilan tanishar ekanmiz, chigitni ekib, parvarishlab, yigʻib-terib olib, qayta ishlab, undan kalava-ip tayyorlab, mato toʻqib, matoni tayyor kiyim-kechakka aylantirish jarayoni yaʼni sanoat zanjiri yaratilganining guvohi boʻldik. Qarshi shahrida joylashgan bu korxonada barcha jarayonlar uzluksiz amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ijodkorlar Qarshi davlat universitetida, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida, viloyat markazidagi «Jahongir MED» xususiy klinikasida, Gʻuzor tumanidagi «Oʼzbekiston JTL» MCHJ, Koson tumanidagi «Bunyodkor tex» MCHJ, Yakkabogʻ tumanida barpo etilayotgan «Yangi Oʼzbekiston» massivini borib koʻrishdi. Shahrisabz shahridagi Miraki mahallasida «Maʼrifatli yoshlar – yurt kelajagi» mavzusida ijodiy uchrashuv oʻtkazildi. Shahrisabz shahridagi «Oqsaroy» majmuasi, «Maqom» muzeyida koʻngilochar tadbirlar tashkil etildi.

Uchrashuvlarda fikrlar, gap-soʻzlar, mulohazalar koʻp boʻldi. Miroqida shoirlar joʻshib aytgan fikr va yonib oʻqigan sheʼrlari yuraklarga yetib bordi. Sheʼrlar ham, ijodiy kechalar ham kerak. Ammo xalq bizlardan haqqoniy va xolis soʻz, taraqqiyotga xizmat qiladigan fikrlarni ham kutayotgani rost. Buni inkor etib boʻlmaydi. Vaholanki, har bir anjuman yoki tadbirdan koʻzlangan maqsad boʻladi. Bu uchrashuvda ham sheʼru hamdu sanolar bilan cheklanib qolmasdan haqqoniy va xolis fikrlar aytilsa yaxshi boʻlardi. Misol uchun ijodkorlar borgan Abul Muin Nasafiy ziyoratgohiga nafaqat mamlakatimizdan balki Saudiya Arabistoni, Malayziya, Germaniya, Fransiya, AQSH va boshqa mamlakatlardan sayyohlar keladi. Ammo tan olish kerak, ulugʻ alloma abadiy qoʻnim topga qishloqda loaqal bitta mehmonxona yoʻq. Vaholanki, Qovchin qishlogʻi turizm markaziga aylanishi, unda mehmonxonalar, koʻngilochar maskanlar, hunarmandlar rastalari, Abul Muin Nasafiy bogʻi va boshqa sayyohlik obyektlari qurish lozim edi.

Haqiqatda bu qishloq tabiiy gazdan bebahra. Hatto ziyoratgohni obodonlashtirish paytida elektr simlarini kabel bilan almashtirish boshlandiyu, chala qolib ketdi. Suv tarmogʻi toritib kelishga kirishildi, lekin 10 foizga ham yetmasdan toʻxtab qoldi. Ziyoratgohga boradigan yoʻl chetida beton yoʻlka qurilishi ham oʻlda-joʻlda boʻlib qolib ketdi. Agar bu kabi muammolarga yechim topilsa va Qovchin qishlogʻi turizm markaziga aylantirilsa, bu yerga kelayotgan sayyohlar soni yanada koʻpaygan boʻlardi. Eng muhimi esa islom olamida buyuk shaxs sifatida tilga olinayotgan Abul Muin Nasafiy bobomizning ruhi shod boʻlardi.

Ijodkor va jurnalistlar katta kuch. Jamiyatdagi oʻrni faqat ijodi yoki martabasi emas, balki u yurtda kechayotgan hayotiy islohotlarning ishtirokchisi hamdir. Shunday ekan, Qashqadaryo uchrashuvlari qator ijtimoiy muammolarni hal etishda ham tashabbuskor boʻlishi kerak edi. Masalan, Qashqadaryoga nega doim davlat investitsiya kiritishi kerak. Axir Toshkentdagi sarmoyasi moʻl qashqadaryolik tadbirkorlarni jalb qilish mumkin emasmi? Yoki vohaning chekka va olis qishloqlarida oʻqituvchilar, shifokorlar yetishmaydi. Toshkentda esa borib ishlashga moyil shunday kasb egalari juda koʻp. Ularni jalb qilish uchun esa targʻibot kerak, yaxshi soʻz va undov kerak. Buni esa ijodkorlar gohida soʻz bilan, baʼzan sheʼru ashʼor bilan qalblarga singdirishi mumkin.

Bugun yaxshini oshiradigan, yomonni yashiradigan davr emas. Hammasi ochiq va oshkora boʻlyapti. Ochiqlik bu xolislikdir. Biz ham ochiq va xolis fikrimizni aytdik va bu oʻzining samaralarini berishidan umidvormiz.

Faxriddin BOZOROV, Fazliddin ABILOV, «Xalq soʻzi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?