Hammasi bir hovuch suvdek...(sud hukmidan keyingi oʻylar)

15:49 24 Fevral 2021 Jamiyat
739 0

Inson jamiyatda oʻz oʻrnini topib ketishi uchun yillab vaqt kerak. Bu orada u oʻz ustida ishlashi, bilim olishi, tajriba toʻplashi, atrofdagilarning eʼtirofiga sazovor boʻlishi lozim. Shundagina unga ishonch bildiriladi, masʼuliyat hissi oshiriladi, yuqori mansab oʻrinlari tavsiya etiladi. Eng yomoni shundaki, ana shu mansab vakolati berilgach, aksariyat mutasaddilar suisteʼmollikni kasb qilib oladilar. Vakolatidan oʻz manfaati yoʻlida foydalanishni boshlaydilar. Shu tariqa bitmagan ishini bitkazadi, oʻzgalarning “ogʻirini yengil qilib berish” maqsadida taʼmagirlik qiladi. Qarabsizki, pora atalmish illat yuzaga keladi. Korrupsiya nomi bilan ataluvchi “dengiz” mavjlana boshlaydi. Shundagina mansab egasining yillar davomida qilgan saʼy-harakatlaridan maqsadi ayon boʻladi. Koʻza esa kunda emas, kunida sinadi. Oʻshal kun u hamma yiqqan obroʻ-eʼtiborini sariq chaqaga almashadi. Obroʻ-eʼtibor esa bir hovuch suvdek. Kaftingizni ochsangiz hisob, hammasi toʻkilib ketadi...

Shuhratbek Xayrullayev (ism-shariflar oʻzgartirilgan) ham Andijon viloyati transport boshqarmasida boʻlim boshligʻi vazifasida ish boshlaguniga qadar oʻziga xos jarayonlarni bosib oʻtgan. Sohadagi bosqichlarga tetapoyalik bilan qadam bosib, ildamlik ila yuqorilagan. Buning uchun, tabiiyki, izlangan, oʻrgangan, ishonchni oqlagan. U hali koʻp ijobiy natijalarga erishishi mumkin edi, agar pora atalmish illatga dili ketmaganida…

Oʻsha kuni fuqaro Anvarjon Xolmatov boshqaruvidagi avtomashinasida hech qanday rasmiy ruxsatnomasiz aholiga pullik transport xizmati koʻrsatish bilan band edi. Kutilmaganda mutasaddi idoralar vakillari tomonidan oʻtkazilayotgan nazorat tadbiri jarayonida uning bu xatti-harakatiga chek qoʻyildi. Boshqaruvidagi mashina jarima maydonchasiga olib kirildi. Anvarjonning boshi qotdi. Endi nima qilsa boʻladi? Mashina maʼlum vaqt jarima maydonida qolib ketadigan boʻlsa, tirikchilikdan qoladi. Aksiga olib jarima miqdori ham katta ekan. Aslida litsenziya olganida shuncha gʻalva yoʻq edi.

Uning xayolidan shu oʻylar oʻtar ekan, yuzaga kelgan vaziyatni yengillashtirish chorasini izlay boshladi. Bu oʻylar uni Shuhratbek Xayrullayev sari chorladi.

Shuhratbekka aslida boʻlim boshligʻi sifatida xodimlar vazifasini belgilash, bajariladigan ishlarni nazorat qilish, oʻz vakolatlari doirasida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, prokuratura, DSI, YHHB bilan hamkorlikda ish olib borish, boʻlim xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnomalar va dalolatnomalarning soni, sifati hamda natijalarini tahlil qilish, hujjatlarning haqqoniyligini tasdiqlash, toʻplangan hujjatlarni maʼmuriy sudga joʻnatilishini taʼminlash kabi vazifalar yuklatilgan. Koʻrinib turibdiki, demak, u qonuniy meʼyorlarga qatʼiy amal qilishi shart boʻlgan mutasaddilardan biri. Shunday boʻlgani holda uning oʻzi huquqbuzarlik sodir etishini qanday baholash mumkin? Xullas, oʻsha kuni u Anvarjon Xolmatovga 1 million soʻm pul evaziga mashinasini jarima maydonidan olib chiqib berish va tuzilgan bayonnomani yoʻq qilib berishni vaʼda qildi. Soʻralgan pulni olayotgan paytida ichki ishlar xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

— Sudlanuvchining bu xatti-harakati sud tomonidan atroflicha oʻrganib chiqildi va unga nisbatan amaldagi tartiblarga binoan 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtashi belgilangan, — deydi Andijon viloyat sudining sudyasi Ulugʻbek Karimov. — Shundan soʻng sudlanuvchining appelyatsiya shikoyatiga koʻra uning xatti-haraktalari jinoyat ishlari boʻyicha Andijon shahar sudida koʻrib chiqildi va unga nisbatan chiqarilgan hukm oʻzgarishsiz, apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Shunday qilib uch nafar farzandning otasi yillar davomida erishgan yutuqlarini boy berdi. Unga bildirilgan ishonch oʻzini oqlamadi. Jazo muddati esa sodir etgan xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarib, aqlu hushini yigʻib olishiga imkon beradi, degan umiddamiz.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер