Gulchehra opaning “oltin” bolasi

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Katta Fargʻona kanali boʻyida joylashgan Buloqboshi qishlogʻining Yangi zamon koʻchasida joylashgan 27-xonadon bir oydan beri mehmonlar bilan gavjum. Oʻtgan qisqa davrda ushbu oilani nafaqat Rishton, balki Fargʻona boʻylab minglab hamyurtlar tanidi.
Shu xonadonda tugʻilib oʻsgan, boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev shu kunlarda Fransiya poytaxti Parijda oʻtkazilgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. Mustaqillik yillarida fargʻonalik sportchilar olimpiada oʻyinlarida shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarila olmagan edi. Bu borada 23 yoshli oʻgʻlon Asadxoʻja yangi tarix yaratdi.
2016-yili Braziliyada oʻtkazilgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida fargʻonalik bokschi Bektemir Meliqoʻziyev kumush medalini qoʻlga kiritgandi. Parij olimpiadasida fargʻonalik yana bir bokschi Lazizbek Mullajonov ham oltin medalga sazovor boʻldi. Bunisi endi faxr!
— Oʻgʻlimning oʻyini boʻladigan kunlari, ayniqsa, final bahsi xonadonimizda toʻy boʻlib ketdi, — deydi chempionning onasi Gulchehra Oxunjonova. — Ammo oʻyin tugagunigacha televizor ekraniga qarashga yuragim dosh bermadi. Faqat oʻyindan soʻng natijani eshitib, taskin topdim
Ertayu kech Parijdan qoʻngʻiroq kutdim. Vaqti bizning vaqtga toʻgʻri kelmagani bois, baʼzan yarim tunda yoki saharda telefon qoʻngʻirogʻidan hushyor tortaman. Oʻgʻlimning jarangdor ovozi bezovta qalbimga taskin berdi. Oʻzimning oltin bolam! Telefon orqali Parij taassurotlari, u yerda sportchilarimizga yaratilgan sharoitlar haqida gapirib berdi. Eng soʻnggi qoʻngʻirogʻida chempion boʻlgach, Prezident bilan gaplashganini oʻzgacha hayrat va hayajon bilan aytdi. Ona-bola uzoq suhbatlashdik.
Asadxoʻja endigina 23 yoshda. Ammo 2017-yildan buyon 4 karra Oʻzbekiston chempioni, Osiyo oʻyinlari gʻolibi, jahon chempioni, bir necha xalqaro turnirlar gʻolibi. 2019-yildan buyon Fargʻona viloyati sport yakka kurashiga ixtisoslashtirilgan sport maktabining boks boʻlimi murabbiyi. Hozirda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi.
Chempionning otasi Zohidxoʻja Oxunjonov Rishton tumani soliq inspeksiyasida ishlaydi. Onasi Gulchehra opa tumandagi 5-umumtaʼlim maktabi oʻqituvchisi. Akasi Gʻayratxoʻja ham taʼlim tizimida faoliyat koʻrsatadi. Bu sulola tumanda eng ibratli oilalardan biri sifatida tanilgan. Oxunjonovlar sulolasidan yetishib chiqqan olimlar, taʼlim fidoyilari, shifokorlar koʻpchilikni tashkil etadi.
Asadxoʻjaning gʻoliblik jangi va chempion boʻlishi Buloqboshida katta bayram sifatida nishonlandi. Chempionlik oʻyinidan soʻng Asadxoʻja yozgi Olimpiya oʻyinlaridan ikki karra gʻolibi Bahodir Jalolov bilan birga telefon qilib, samimiy qoʻllab-quvvatlaganlari uchun hamqishloqlariga alohida minnatdorchilik bildirdi.
Darhaqiqat, mamlakatimiz sportchilari Parij olimpiadasida yozgi oʻyinlar solnomasida oʻziga xos tarix yaratishdi. 13 ta medal va umumjamoa hisobida 13-oʻrin. Bu quvonishga, xursandchilik qilishga arziydigan natija. Dunyo sportchilari davrani kengroq oling, yoʻl bering: Yangi Oʻzbekiston sportchilari kelmoqda!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring