Goji — umrni uzaytiruvchi oʻsimlikmi?

11:58 30 Yanvar 2025 Jamiyat
310 0

Guliston davlat universiteti “Dorivor oʻsimliklar va botanika” kafedrasi professori, biologiya fanlari doktori Hazratqul Qarshiboyev manbalarda goji butasimon oʻsimligining foydali xususiyatlari toʻgʻrisida oʻqib qolib, bugungi ekologik muammolar vujudga kelgan va buning oqibatida xilma-xil kasalliklar avj olgan davrda ushbu oʻsimlikning inson hayoti uchun naqadar zarur ekanligini hisobga olib izlanishlarni boshlaydi. Xitoyning Ninsiya provinsiyasida 600-yildan buyon yetishtirib kelinayotgan ushbu oʻsimlik urugʻini shogirdi Xislatjon Haydarov orqali 2016-yilda olib kelib, koʻpaytirishga muvaffaq boʻladi.

GulDU olimlari tomonidan 2016—2023-yillarda olib borilgan tajriba-sinov ishlari natijasida goji Mirzachoʻl tuproq-iqlim sharoitiga iqlimlashtirildi va uni koʻpaytirish usullari ishlab chiqildi. Quvonarlisi, ushbu oʻsimlik qurgʻoqchilikka, yuqori haroratga hamda shoʻrlanishga chidamliligi bilan aynan viloyatga mosligi aniqlanib, ekish ishlari olib borildi. Bugungi kunda Hazratqul Qarshiboyevning shogirdlaridan biri Yangiyer shahar hududida 1,5 gektar maydonga goji ekib, undan hosil olishga erishdi.

Maʼlumotlarga koʻra, ushbu oʻsimlikning inson salomatligi uchun foydali tomonlari juda koʻp. Xususan, mevasi organizmning qarish jarayonlarini sekinlashtiradi, umrni uzaytiradi, oʻsma kasalliklari bilan kasallanish ehtimolini pasaytiradi, qon bosimini meʼyorlashtiradi, koʻrishni yaxshilaydi, mushak va suyaklarni hamda xotirani mustahkamlab, stresslarda yordam beradi.

— Goji mevasi sharq davlatlarining 7 ta farmakopeyalariga kiritilib, dunyoda eng koʻp isteʼmol qilinayotgan TOP-10 talik dorivor oʻsimliklar ichida 3-oʻrinda turadi, — deydi Hazratqul Qarshiboyev. — Uning mevasi va barglari Xitoy hamda Tibet tabobatida 3000-yildan buyon shifobaxsh dori sifatida qoʻllanilib, jigar va buyrakni oziqlantirish hamda tiklash xususiyatlariga ega. Goji oʻsimligining mevasi tarkibida 300 dan ortiq biofaol polisaxaridlar mavjud va oʻzida 19 xil aminokislotani saqlaydi. Ulardan 9 xili inson organizmi uchun almashilmaydigan aminokislota hisoblanadi. Hozirda jahon bozorida bu oʻsimlikning mevalari goji brendi nomi bilan AQSH va Yevropa mamlakatlarida sotiladi. Uning afzal tomoni shundaki, ekilgandan soʻng 2-yilda hosilga kiradi va may oyidan to sovuq tushguncha gullab, meva beradi. Qolaversa gulida nektar moʻl boʻlib,1 gektar gojizordan 800 kilogrammgacha asal olish imkoniyati bor.

Xulosa qilib aytganda, goji oʻsimligi har tomonlama foydali. Xususan, u eksportbop ham hisoblanadi. Boy kimyoviy tarkibga egaligi tufayli gojidan kosmetika-parfyumeriya sanoatida ham keng foydalanilmoqda. Shuningdek, Xitoyda goji mevalari oziq-ovqat sanoatida ham keng qoʻllanilmoqda. Yaʼni, unga shifobaxsh ziravor sifatida qaralib, organizmni sogʻlomlashtiruvchi va yoshartiruvchi choy, sharbatlar tayyorlanmoqda. Sogʻlomlashtirish, yoshartirish maqsadida isteʼmol qilinmoqda.

Xurshida NISHONOVA,

jurnalist, Sirdaryo viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер