Gipotoniya yoxud qon bosimi nega pasayadi?
Aksariyat kishilar yuqori qon bosimini salomatlik uchun xavfli deb hisoblaydi. Bu toʻgʻri. Biroq hamma ham qon bosimining tushishiga eʼtibor beravermaydi. Shifokorga bormay, qahva bilan bu balansni toʻgʻrilashga harakat qiladi.
Xoʻsh, bu qanchalik toʻgʻri? Qon bosimining pastligi salomatlik uchun xavfsizmi yoki uni davolash kerakmi?
Ushbu savollarga tibbiyot fanlari nomzodi Hamidulla Toshpoʻlatov javob berdi.
— Gipotoniya, yaʼni qon bosimining pastligi markaziy asab tizimi faoliyatida tomir tonusi va nevrogormonal tartibning buzilishi oqibatida kelib chiqadi, — deydi mutaxassis. — U surunkali (qon bosimining uzoq vaqt pasayishi), oʻtkir (boshqa bir kasallik belgisi sifatida) yoki simptomatik (bemorda qon bosimining asta-sekin pasayishi) va bir martalik pasayish kabi turlarga boʻlinadi.
Odatda qon bosimi ikkita koʻrsatkich bilan ifodalanadi. Birinchisi, sistolik bosim, yaʼni sistol paytda tomirlarda hosil boʻladigan bosim (yurakning qisqarishi). Ikkinchisi, diastolik bosim, yaʼni diastol paytda tomirlardagi bosim (yurakning boʻshashishi).
Sistolik bosim doim diastolikdan yuqori boʻladi. Yurak-tomir tizimining tonusi (tarangligi) pasayganda tanada qon bosimi ham tushadi. Tonometr yordamida oʻlchanganda, yuqori (sistolik) raqam 100 mm. simob ustuni, pastki (diastolik) esa 60 mm. simob ustunidan past boʻlgan taqdirda bemorga gipotoniya tashxisi qoʻyiladi. Bu koʻrsatkich kichik va oʻsmir yoshdagi bolalarda 85-60 mm. simob ustuni, 30 yoshdan oshgan insonlarda esa 105-65 mm. simob ustunini tashkil qiladi.
Ushbu xastalikning kelib chiqishiga, eng avvalo, ichki qon ketishlar, miokard infarkti, kamqonlik, bosh va orqa miya jarohatlari, yurak yetishmovchiligi, surunkali uyqusizlik sabab boʻladi.
Shuningdek, stress, nevroz, psixologik jarohatlar, ruhiy tushkunlik, buyrak usti va osti bezlari faoliyati buzilishi, gormonal oʻzgarishlar, bosh miya ichki bosimining pasayishi, homiladorlik, oddiy suvsizlanish ham qon bosimining pasayishiga olib kelishi mumkin. Qolaversa, past qon bosimi insonning oʻziga xos xususiyati ham boʻlishi mumkin. Shu bois bunday kishilar oʻzlarini yomon his etishmaydi va ularga dori-darmonning hojati yoʻq.
Qon bosimi pasayganda miyaga kislorod va ozuqa moddalari yetarli darajada yetib bormaydi. Oqibatda insonda bosh aylanishi, uyquchanlik, umumiy holsizlik, bosh ogʻrigʻi, diqqatni jamlay olmaslik, ish qobiliyatining susayishi, koʻngil aynishi, junjikish, terlash, koʻz oldining qorongʻulashishi, jizzakilik kuzatiladi. Kasallik odatda surunkali kechib, ayniqsa, qaytalanib turadi.
Qon bosimining normal yoki keskin pasayishini (masalan qon yoʻqotish, suvsizlanish, yurak kasalliklari yoki anafilaktik shok sababli) tana aʼzolari jiddiy his etadi va buning oqibatida buyrak yetishmovchiligi, ongning buzilishi va koma holati roʻy berishi mumkin.
Agar bemorda ongning xiralashuvi, tanani sovuq, yopishqoq ter qoplashi, terining oqarishi kuzatilsa va u tez-tez va yuzaki nafas olsa, puls tezlashuvi va kuchsizligi kabi klinik belgilar aniqlansa, bu – inson hayoti uchun xavfli boʻlgan ichki aʼzolar va bosh miya gipoksiyasiga olib keluvchi oʻtkir arterial gipotoniya belgilari hisoblanadi.
Shu bois bu holatda darhol shifokorga murojaat qilish lozim.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring