Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi munosabatlar qonun darajasida tartibga solinmoqda

11:48 04 Avgust 2023 Siyosat
1782 0

Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ushbu Qonun mamlakatimizdagi mavjud suv xo‘jaligi ob’yektlarini texnik soz holatda saqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash va ulardan ishonchli foydalanish maqsadida ishlab chiqilgan.

Bugungi kunda suv xo‘jaligi tizimida jami 73 ta suv ombori va sel-suv ombori, 1688 ta nasos stansiyasi, 49 ta GES va boshqa ob’yektlar mavjud. Suv xo‘jaligi ob’yektlarining aksariyat qismidan 40 yildan ortiq foydalanilmoqda. Bu esa ularni o‘z vaqtida ta’mirlash-tiklash va rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlarini amalga oshirish, texnik soz holatda saqlash hamda ularning xavfsiz va ishonchli ishlashini ta’minlashni talab qilmoqda.

Shu munosabat bilan ushbu Qonunda gidrotexnika inshootlari xavfsizligining asosiy prinsiplari, sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash sohasida chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan axborot almashish masalalari o‘z aksini topmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlash yuzasidan foydalanuvchi tashkilotlarning huquq va majburiyatlari, buyurtmachi tashkilotlarning, loyiha va pudrat tashkilotlarining majburiyatlari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlashga doir asosiy talablar kiritilmoqda. Xususan, gidrotexnika inshootlarini bir vaqtning o‘zida (muvoziy) loyihalashtirish va qurish, rekonstruksiya qilish taqiqlanmoqda.

Qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, tender yoki tanlov hujjatlarida ishtirokchilarga gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash sohasidagi amaliy tajriba, qurilish uskunalari, laboratoriyalar, mashinalar va mexanizmlar, shuningdek malakali mutaxassislar mavjud bo‘lishi to‘g‘risidagi talablarni belgilashi shartligi buyurtmachi tashkilotning majburiyati sifatida ko‘rsatib qo‘yilmoqda. 

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi maxsus davlat nazorati organining mas’uliyati va vakolati oshirilishi, inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash-tiklash, konservasiyalash va tugatish ishlarida xavfsizlik bo‘yicha nazorat kuchaytirilishiga xizmat qiladi. 

Majlisda savol-javob va muhokamalardan so‘ng ushbu Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?