Germaniya iqtisodiyoti 3-yildan soʻng birinchi marotaba kutilganidan koʻproq oʻsdi

21:58 23 May 2025 Dunyo
350 0

Germaniya iqtisodiyoti 2025-yilning birinchi choragida 0,4 foizga oʻsdi — bu koʻrsatkich yil boshida berilgan prognozdan ikki baravar yuqori boʻlib, soʻnggi yillarning eng yaxshi natijasi sifatida qayd etildi.

Federal statistika idorasining 23-may kuni eʼlon qilgan maʼlumotlariga koʻra, bu 2022-yilning uchinchi choragidan beri (0,6%) qayd etilgan eng yuqori choraklik oʻsish boʻldi. Statistiklar fikricha, mart oyida yuz bergan iqtisodiy jonlanish, ayniqsa, “hayratlanarli darajada yaxshi” boʻlib, bu holat eksport va ichki isteʼmolning oshishi bilan bogʻliq.

Statistika idorasi rahbari Rut Brandning soʻzlariga koʻra, ushbu oʻsishga eksport hajmining oshishi va aholining xarid qobiliyatining kuchayishi sabab boʻlgan. Avvalgi tahlillarda mutaxassislar faqatgina 0,2 foizlik oʻsishni kutayotgan edi.

Bundan tashqari, Germaniya va AQSH oʻrtasidagi savdo ziddiyatlari fonida yuzaga kelgan “oldindan taʼsir etuvchi omillar” ham ijobiy rol oʻynagan. Inflyatsiyaning pasayishi va ayrim tarmoqlarda ish haqlarining sezilarli darajada oshishi aholining jamgʻarmalarini koʻpaytirgan.

Shuningdek, qurilishga boʻlgan investitsiyalar 0,5 foizga, uskunalar xaridiga ajratilgan mablagʻlar esa 0,7 foizga oshgan.

Mutaxassislar 2026-yilda bundanda yaxshiroq oʻsish boshlanishiga ishonmoqda. Prognozlarga koʻra, 2026-yilga kelib Germaniya yalpi ichki mahsuloti 1 foizga oshadi. Ekspertlarning fikricha, yangi federal hukumat tomonidan rejalashtirilgan milliardlab yevrolik investitsiyalar — xususan, mudofaa va infratuzilma sohalariga ajratiladigan mablagʻlar — qarz olish orqali amalga oshirilsa, iqtisodiyotni ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?