“Geologiya muzeyi”ning yangi binosiga press-tur tashkil etildi

00:10 05 Aprel 2025 Jamiyat
464 0

Kuni kecha Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi Geologiya fanlari universitetining “Geologiya muzeyi”ga press-tur tashkil etildi.

Tadbir davomida OAV xodimlari va jurnalistlar muzeyning yangi binosi, u yerdagi eksponatlar bilan tanishdi, muzey, uning tarixi, taʼlim hamda ilmiy faoliyatdagi ahamiyati haqida maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

“Geologiya muzeyi” tarixi 1926-yildan boshlanadi. Dastlab u bir xonani egallagan, asta-sekinlik bilan eksponatlar soni oshib borib, xonalar soni ham koʻpaygan. Geologlar ish jarayonlarida toʻplagan noyob topilmalarni, togʻ jinslarini, minerallarni olib kelishlari natijasida muzey toʻplamlari shakllana boshladi.

1976-yilda Hadra maydonida muzey uchun yangi bino qurilishi rejalashtirildi. 1987-yilda bino qurib bitkazilgan, 1988-yildan boshlab Geologiya vazirligiga qarashli “Ilmiy ishlab chiqarish va oʻquv markazi” sifatida faoliyat yuritgan. Ilmiy ishlab chiqarish va oʻquv markazi mutaxassislari tomonidan mamlakatimiz hududlarida geologik izlanishlar olib borilgan. Shu bilan birgalikda oʻquv markazi geologiya tarmogʻidagi korxona va tashkilotlar, oʻrta maxsus taʼlim tizimiga kiruvchi geologiya va unga bogʻlik mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim olayotgan oʻquvchilar, talabalar, keng jamoatchilik uchun tanishtiruv mashgʻulotlari va ekskursiyalar uyushtiruvchi markaz sifatida faoliyat olib borgan. Shuningdek, turli xorijiy kompaniyalar, delegatsiyalar, chet ellik olimlarga muzey eksponatlari bilan tanishuv tashkil etilgan, geologiya tarmogʻi yutuqlari va geologiyaga doir bilimlarni aholi orasida ommalashtirishda ishtirok etilgan.

Muzey geologiya sohasida bilim olayotgan talabalarga oʻquv mashgʻulotlari oʻtilgan. Bundan tashqari maktab oʻquvchilariga, talabalarga va tashrifchilarga yerniing paydo boʻlishi, yerning rivojlanish tarixi, quyosh sistemasi, yer shari, togʻ jinslari, vulqonlar otilishi, zilzilalar, ekologiya, qadimgi hayvonot dunyosi, paleontologiya, yer osti hamda yer usti boyliklari haqida ekskursiyalar oʻtilgan. Yoshlarni geologiya sohasiga qiziqtirish, ularga yer osti va yer usti foydali qazilmalarini topishni oʻrgatish maqsadida oʻquvchilar oʻrtasida “Yosh geolog” olimpiadalari oʻtkazib borilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4740-son Qarorining qabul qilinishi sohaning yanada rivojlanishiga zamin yaratdi.

Jumladan, Davlat geologiya muzeyining samarali faoliyat yuritishini taʼminlash maqsadida zamonaviy tajribalar asosida barpo etilgan va xalqaro talablarga muvofiq jihozlangan yangi binosi foydalanishga topshirildi. Muzeyining yangi binosida bugungi zamonaviy muzeylar talablariga javob beradigan barcha imkoniyatlar yaratilgan. Muzey ekspozitsiyasi yangi konsepsiya asosida tashkil etilgan.

Hozirgi kunda muzeylar faoliyati tubdan takomillashib, rivojlanib bormoqda. Bu borada Davlat geologiya muzeyi ham muhim natijalarga erishgan, jumladan, bugungi kunda muzey xazinasida 50 000 ga yaqin eksponatlar saqlanadi. Bular minerallar, togʻ jinslari, shliflar, noyob topilmalar va boshqa topilmalardan iborat.

Muzeyda eksponat va kolleksiyalarni saqlash, ularni oʻrganish zamonaviy talablar darajasida yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda soha boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan geologlar oʻzlari uchun kerakli boʻlgan maʼlumotlari olishlari mumkin. Shuningdek, maktab oʻquvchilari hamda sohaga yaqin oliy oʻquv yurtlari talabalari oʻz bilimlarini oshirib kelmoqdalar. Bundan tashqari, muzey ekspozitsiyalari orqali xorijlik mehmonlar yurtimizda geologiya sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning tabiiy resurslari va erishilayotgan natijalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega.

Davlat geologiya muzeyi chet el muzeylari, universitetlar hamda Respublika muzeylari bilan hamkorlik qilmoqda. Shanxay fan va texnologiya muzeyi, Xitoy geologiya muzeyi, Yangzi daryosining deltasidagi tabiiy va ilmiy muzeylari alyansi (alyans tarkibiga 8 ta muzey kiradi), Yaponiyaning Sukuba Universiteti, Slovakiyaning Pavl Yozef Shafrik nomidagi universiteti shular jumlasidan.

2020-yilda Davlat geologiya muzeyiga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi huzuridagi Davlat muzeylarining toifalarini belgilash boʻyicha maxsus komissiya majlisining qaroriga asosan – “Oliy toifali” muzey guvohnomasi berilgan.

Davlat geologiya muzeyi yurtimizning boy tabiiy resurslarini oʻzida jamlab jamoatchilikka keng targʻib qiladi. Muzeyda xalqaro hamkorlik ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu uning xalqaro mavqeyini oshib borayotganligining isbotidir. Muzey ekspozitsiyalarida togʻ maʼdanlari va minerallar, respublikamizdagi mavjud va faoliyat olib borayotgan konlarning etalon kolleksiyalari mavjud. Turli davlatlardan kelgan iqtisodchilar, sarmoyadorlar, siyosiy arboblar Geologiya muzeyi ekspozitsiyasi bilan tanishib, Oʻzbekistonning boy tabiiy resurslari haqida toʻliq tasavvurga ega boʻladi.

Rahmatjon BOBOJONOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер