Gematologiya markazida donordan olingan suyak koʻmigi oʻzak hujayralari transplantatsiyasi yoʻlga qoʻyildi
Dunyo miqyosida qon va qon yaratish tizimi kasalliklariga chalingan bemorlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Yurtimiz aholisi orasida ham bu kabi xastaliklar tez-tez uchrayapti.
Ana shunday bemorlarga gematologik va transfuziologik yordam koʻrsatish, kasalliklarni erta diagnostika qilish, oldini olish va samarali davolash borasida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizdagi yetakchi tibbiyot muassasasi hisoblanadi.
Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2021-yil 27-maydagi tegishli qarori asosida alohida Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi va Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi alohida muassasalar sifatida tashkil etilgan.
Ushbu markaz 1- va 2-onkogematologiya, umumiy gematologiya, kunduzgi davolash, oʻzak hujayralari transplantatsiyasi, reanimatsiya va intensiv terapiya, statsionar davolash kabi boʻlimlardan iborat boʻlib, 200 oʻringa moʻljallangan.
Bu yerda bajariladigan tahlillarni avvallari yurtimizda mutlaqo oʻtkazish imkoni boʻlmagan. Shuning uchun bemorlardan olingan namunalar chet elga yuborilib, u yerdan tegishli javoblarni kutishga toʻgʻri kelar edi. Hozirda bu tekshirishlar markazning yuqori malakali xodimlari tomonidan toʻliq bajarilmoqda.
Xususan, diagnostika boʻlimining umumiy qon tahlili, morfologiya, sitoximiya, bioximiya, qon tizimi gemostaz, immunologiya, yuqori texnologik molekulyar-genetika, sitogenetika, FISH, immunogistoximiya, HLA – genotiplash, mikrobiologiya va virusologiya laboratoriyalarida bemorlarga tezkor va aniq tashxis qoʻyiladi.
Bundan tashqari, kasalliklarni davolash va diagnostika qilish jarayonida sekvinator, sitofluorimetr, NLA – gentiplash uskunasi, invertirlangan mikroskop, ROSH analizatori, mass-spektometr, separator, sunʼiy nafas olish va KSHS apparati, kardiomonitor, UTT, raqamli rentgen, stomatologik kreslo hamda koagulometr kabi ilgʻor tibbiy asbob-uskunalardan foydalanilyapti.
Soʻnggi yillarda tizimdagi ijobiy oʻzgarishlar natijasida markazda transplantatsiya boʻlimi oʻz faoliyatini boshladi. Bugungacha bu yerda 98 nafar miyelom va limfoma kasalligiga chalingan bemorlarda autologik oʻzak hujayralar transplantatsiyasi amalga oshirildi. Mazkur amaliyotdan soʻng 70 foiz bemorlarda ogʻriqlar kamayib, hayot sifati yaxshilandi.
Qolaversa, hozirga qadar muassasada tibbiyotimiz tarixida birinchi bor allogen, yaʼni donordan olingan suyak koʻmigi oʻzak hujayralari transplantatsiyasi amaliyotlari yoʻlga qoʻyildi. Kelajakda yiliga 100 nafar bemorda ilik koʻchirib oʻtkazish amaliyotini bajarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, muassasada yuqoritexnologik tashxislash va davolash jarayonlarini tashkil etish maqsadida yangi 12 ta infrastruktura boʻlimlari ish boshladi. Unda odatdagi tadqiqot usullari bilan bir qatorda yangi laboratoriya va boʻlimlar faoliyat yuritmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring