Gʻazoda urushning yangi va xavfli bosqichi boshlanishi mumkin — BMT Bosh kotibi
Isroil kuchlarining Gʻazoga qilgan hujumlari oqibatida soʻnggi 24 soat ichida kamida 61 nafar falastinlik halok boʻldi. Bu haqida “Al Jazeera” nashri maʼlum qildi.
Xabarda aytilishicha, soʻnggi kunlarda Isroil hukumati Gʻazoga uyushtirayotgan quruqlikdagi operatsiyalari hajmini oshirgan. Hujumlar koʻlamining kengayib borayotgani shundoq ham qiyin sharoitda yashayotgan anklavdagi mahalliy aholi vakillari hayotini jiddiy xavf ostida qoldirmoqda.
Kecha, 28-avgust kuni Gʻazo hududi boʻylab uyushtirilgan hujumlarda 61 nafar falastinlik halok boʻlgan, yana 19 nafari turli darajadagi tan-jarohatlari olgan. “Al Jazeera” nashri manbalarining xabar berishicha, Gʻazo shahrining sharqiy va janubiy mahallalarida vayronagarchiliklar koʻlami kengayib, hudud tez kunda toʻliq bombardimon qilinishi mumkin.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil kuchlari Gʻazo shahrining sharqiy va janubiy mahallalarini nishonga olayotgani sababli urushning yangi va xavfli bosqichi boshlanishidan ogohlantirgan.
“Isroil hukumati xalqaro chaqiriqlarga qaramay Gʻazo shahrini egallashga hozirlik koʻrmoqda. Bu operatsiya oqibatida allaqachon charchagan va shikastlangan yuz minglab tinch aholi yana qochishga majbur boʻladi. Bu esa oilalar hayotini yanada xavf ostida qoldiradi. Buni zudlik bilan toʻxtatish kerak”, — deydi Antoniu Guterrish.
Isroil askarlari Gʻazo shahridagi Shujaya, Zaytun va Sabra mahallalarini bombardimon qilgani sababli ushbu hududda yashaydigan oilalar allaqachon oʻz uylarini tashlab ketishga qaror qilgan.
Gʻazo sogʻliqni saqlash vazirligi bergan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 28-avgust kuni toʻyib ovqatlanmaslik va ochlikdan yana toʻrt nafar falastinlik, jumladan, ikki nafar bola halok boʻlgan. Shu tariqa, urush boshlanganidan buyon ochlik bilan bogʻliq oʻlimlar soni 317 kishiga yetgan. Shulardan 121 nafarini voyaga yetmagan bolalar tashkil qilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring