Qorqalpogʻistonda gʻalla oʻrimiga kirishildi
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Bu yil dehqon va fermerlarimiz uchun “Gʻalla yili” boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bahorda yogʻingarchilik koʻp boʻlgani mirishkor bobodehqonlar hosiliga sermahsul zamin yaratdi.
Bugun quyosh taftida gʻarq pishib yetilgan bugʻdoy dalalarda oʻrim avj pallaga kirdi. Amudaryo tumanida boʻlib oʻtgan koʻrgazmali seminar ham bobodehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan gʻalla mahsulotlarini nest-nobud qilmasdan, talon-tarojliklarga yoʻl qoʻymasdan, tez fursatlarda yigʻib olish boʻyicha belgilangan rejalarga bagʻishlandi. Seminarda Qoraqalpogʻistondagi barcha tuman hokimlari, qishloq va suv xoʻjaligi vazirliklari, dehqonlarga gʻalla yetishtirishda xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar hamda tumandagi klaster va fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, dehqon va fermerlarimizni, soha xodimlarini joriy yilda moʻl hosil yetishtirish boʻyicha qilgan mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirdi. Mavsumoldi texnikalar koʻrigi, dalalarda kombaynlarning harakatlanishi uchun barcha qulay sharoitlar yaratilishi haqida toʻxtalib oʻtdi.
Sir emas, Qoraqalpogʻistonda joriy yil 63 ming gektar gʻalla maydonlaridan 189 ming tonna bugʻdoy hosilini don korxonalariga qabul qilish rejalashtirilmoqda. Yetishtirilgan gʻalla hosilini yigʻib olish uchun 202 ta kombaynlar, 606 ta don tashish avtomobillari, 1 376 ta traktor va tirkamalari, 105 ta yonilgʻi tashish agregatlari, 689 masʼul mutaxassislar biriktirildi.

— Gʻalla yetishtirishda urugʻ sifati juda muhim, — deydi “Yusuf xoʻja” fermer xoʻjaligi rahbari Shavkat Yaxshimurodov. — Mazkur koʻrgazmali seminarda kelgusi yil urugʻining sifatiga alohida eʼtibor qaratilgani quvonarli hol. Bizga yaxshi urugʻ, qulay sharoit, maxsus texnika vositalari kerak. Urugʻlik gʻallani oʻradigan kombaynlar qizil rangli raqamlar bilan belgilanib, ular faqat urugʻlik gʻallani oʻrishi belgilandi. Tovar gʻalla hosilini oʻradigan kombaynlar koʻk rangli raqamlarda ishga tushishi rejalashtirildi.
Joriy yilda 25 gektar maydonda bugʻdoy ekdik. Mana, dastlabki dalamiz koʻnglimizdagidek hosil bermoqda. Gʻalla somonini chorva mollari uchun yigʻishtirib, ishchi xodimlarimiz takroriy ekinlar ekishga tayyorlamoqda.

Shundan soʻng nuroniy oqsoqollar duoga qoʻl ochib, xalqimizning rizq-roʻzi boʻlgan gʻalladan baland xirmon yaratilishini soʻrab duo qildilar. Shu tariqa kombaynlar harakatga tushib, gʻalla oʻrim-yigʻimi boshlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Yosh oʻzbek yozuvchisining asari Xalqaro bolalar adabiyoti kengashining faxriy roʻyxatiga kiritildi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring