Futzal. Guruh gʻolibligini hal qiluvchi oʻyin: Oʻzbekiston – Qirgʻiziston

Shu kunlarda Osiyo qitʼasi boʻylab kelgusi yili Indoneziyada boʻlib oʻtadigan futzal boʻyicha Osiyo chempionati musobaqasining saralash oʻyinlari boʻlib oʻtmoqda.
“F” guruhida ishtirok etayotgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ayni vaqtda 6 ochko va +12 toʻplar nisbati bilan guruhda peshqadam boʻlib turibdi. Bugun Nodir Eliboʻyev shogirdlari saralashning hal qiluvchi oʻyinida ishtirok etadi. Raqib esa saralashning “F” guruhiga mezbonlik qilayotgan Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi.
Quyida raqib haqida batafsil maʼlumot beramiz:
Qirgʻiz Respublikasi milliy terma jamoasi Osiyo qitʼasining yetakchi jamoalari safidan oʻrin olgan. Jahon tasnif jadvalida jamoa ayni paytda 42-oʻrinni egallab turibdi.
Qirgʻiziston mustaqillikka erishganidan beri sportning futzal turini rivojlantirishga katta eʼtibor berib kelmoqda. Mamlakat milliy terma jamoasi 1998-yilda tashkil etilgan boʻlib, dastlabki xalqaro uchrashuvini 1999-yilning 5-martida Singapur termasiga qarshi oʻtkazgan va 9:5 hisobiga gʻalaba qozongan. Ularning eng yirik hisobdagi gʻalabasi 2006-yilning 10-fevral sanasiga toʻgʻri keladi. Oʻshanda qirgʻizistonliklar Guamni 14:0 hisobiga dogʻda qoldirishgan. Eng yirik magʻlubiyatini esa 1999-yilda Eron terma jamoasidan qabul qilib olgan – 0:21.
Osiyo chempionatlarida 1999-yildan buyon qatnashib keladi. Final raundiga 14-marta chiqishga muvaffaq boʻlgan. Eng yaxshi natijasi bronza medali. 2005-yili Vyetnamda oʻtkazilgan Osiyo kubogida Oʻzbekiston va Qirgʻiz Respublikasi terma jamoalari yarim finallarda imkoniyatni Eron va Yaponiyaga boy bergan. 3-oʻrin uchun oʻyin oʻtkazilmagan va har ikki jamoaga bronza medallari berilgan. 2006, 2007-yilgi Osiyo kuboklarida esa 3-oʻrin uchun bahsda imkoniyatni boy bergan. Bu yillar Qirgʻiz Respublikasi futzalining eng gullagan davri edi.
2022-yilgi Osiyo kubogining saralash bahslaridan oʻta olmay, birinchi marta qitʼa chempionatini oʻtkazib yuborgan. 2023-yilda terma jamoaga ispaniyalik mutaxassis Luis Bernat Molina bosh murabbiy etib tayinlandi. Mutaxassis terma tarkibida avlodlar almashinuvi jarayonini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi 2024-yili Osiyo chempionatiga qaytdi. Guruh bahslaridan muvaffaqiyatli oʻtib, nimchorak finalda Eronga 1:6 hisobiga yutqazib qoʻydi. Ayni vaqtga kelib Luis Bernat Molina “Barselona“ futzal klubi murabbiylar shtabidan joy oldi. Shu bois mazkur saralash bahslari yakunlangach, Molina Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasini tark etadi va Kataloniyaga yoʻl oladi.
Qirgʻiz Respublikasi terma jamoasi Osiyo kubogida 72 uchrashuvda maydonga tushgan. Ularning 30 tasida gʻalaba, 12 tasida durang, 30 ta bahsda esa magʻlubiyat qayd etilgan. Jamoa 16-marta musobaqaning final bosqichida qatnashgan. Umumiy kiritilgan va oʻtkazib yuborilgan toʻplar farqi – 224:264, -40. Jamgʻarilgan ochkolar – 102.
Oʻzbekiston terma jamoasi bilan xalqaro maydonlarda 15-marta kuch sinashgan boʻlib, faqatgina 1 ta oʻyinda gʻalaba qozongan. 2 ta uchrashuvda durang natija qayd etilgan. 12 ta uchrashuv Oʻzbekiston terma jamoasining gʻalabasi bilan intiho topgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring