Futbol. Oʻzbekiston kuchliroqmi yoki Turkmaniston?

Foto: OʻFA
Bugun, 2-sentyabr kuni Markaziy Osiyo Futbol Assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan “CAFA National Cup” musobaqasining “A” guruhida ikkinchi tur oʻyinlari boʻlib oʻtadi. Kun doirasida Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Turkmaniston termasi bilan kuch sinashadi. Ushbu oʻyin oldidan ikkala jamoani oʻzaro taqqoslab koʻramiz:
Umumiy koʻrsatkichlar
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ayni paytda FIFA reytingda 1449,12 ball jamgʻargan holda 55-oʻrinni egallab turibdi. Bu ayni paytda Timur Kapadze boshchiligidagi jamoa Osiyoda 6-oʻrinda ekanligini bildiradi.
Turkmaniston terma jamoasi esa ayni paytda FIFA reytingida 1092 ball toʻplagan holda 140-oʻrinni egallab turibdi. Bu oʻz navbatida turkmanlar Osiyo miqyosida 26-oʻrinda ekanini koʻrsatadi.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “CAFA National Cup” turnirida shu vaqtga qadar 5 ta oʻyin oʻtkazgan. Jamoa ulardan 3 tasini gʻalaba bilan yakunlagan, 1 ta bahsda esa magʻlubiyatga uchragan. 5-oʻyinida esa Oʻmon Sultonligi terma jamoasi bilan durrang natija qayd etdi.
Turkmaniston terma jamoasi boʻlsa ushbu musobaqa doirasida jami 4 ta oʻyin oʻtkazgan. 2 ta oʻyinda durang oʻynagan va yana 2 ta oʻyinda magʻlubiyatga uchragan. Taʼkidlash kerakki, turkmanlar ushbu musobaqadagi dastlabki magʻlubiyatini aynan Oʻzbekiston milliy terma jamoasidan qabul qilib olishgan.
Bosh murabbiylar
Bugun Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze haqida koʻpchilik bilsa kerak. Lekin ayni paytda koʻproq uning atrofidagi gap-soʻzlar kishini koʻproq oʻylantirmoqda. Kapadze O‘monga qarshi oʻyindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida internetda tarqalayotgan gap-soʻzlar jamoa kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatayotganini aytib oʻtdi. Shunday boʻlishi ham kerak, aslida.
Ochigʻi, agar terma jamoaga xorijdan murabbiy olib kelish fikri oldindan boʻlgan boʻlsa, nega Jahon chempionati saralashidan keyin Kapadze bilan xayrlashilmagani gʻalati boʻldi. Murabbiy ham Jahon chempionatiga borgisi kelgan chogʻi, oʻz chiqishlarida OʻFA tomonidan qilinayotgan ishlar uni xafa qilib qoʻyganini yashirmayapti.
Turkmaniston terma jamoasini esa ayni paytda mahalliy mutaxassis Rovshan Meredov boshqarmoqda. Ushbu murabbiy 1982-yilning 24-avgust kuni Turkmaniston Respublikasining Ashxobod shahrida tugʻilgan.
Meredov futbolchilik faoliyatini 2017-yilda yakunlagan. 2018-yildan Turkmanistonning eng kuchli klublaridan biri “Ahal” jamoasi murabbiyligiga kelgan va jamoani 2020-yilgacha boshqargan. 2022–2025-yillarda Qirgʻiziston Respublikasining “Kaganat” jamoasiga murabbiylik qilgan.
2025-yilning 26-may kuni Meredov Turkmaniston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlangan. Uning murabbiyligi ostida Turkmaniston terma jamoasi 2 ta oʻyin oʻtkazdi. Osiyo chempionati saralashida Tailand termasini magʻlub etgan boʻlsa, “CAFA National Cup” turnirida Qirgʻiz Respublikasi bilan durrang oʻynadi.
Rovshan UEFAning Pro litsenziyasiga ega mutaxassis hisoblanadi. Murabbiy sifatida Meredov koʻproq 3–4–3 taktik sxemaga tayanadi. Ushbu tizim unga hujumkor futbolni rivojlantirish va qanotlar orqali tezkor oʻyin tashkil etishga yordam beradi.
Murabbiy oʻzining qatʼiy intizomi, raqibni chuqur tahlil qilish qobiliyati va oʻyinchilarga ruhiy koʻmak bera olish xususiyatlari bilan tanilgan. Umuman olganda, Rovshan Meredov bugungi kunda Turkmaniston futbolining istiqbolli murabbiylaridan biri hisoblanadi.
Futbolchilar
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining oʻzagini tashkil etadigan futbolchilar — legionerlar hisoblanadi. Terma jamoa yetakchilari Angliya, Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistoni kabi mamlakatlarda toʻp surmoqda.

Turkmaniston terma jamoasining oʻzagini “Arkadag” jamoasining futbolchilari tashkil etadi. Ushbu jamoadan “CAFA National Cup” musobaqasiga 18 nafar futbolchi jalb etilgan. Shuningdek, tarkibda “Ahal”, “Oltin asr”, “Shagadam” kabi mahalliy jamoalardan futbolchilar bor.

Bundan tashqari, turkmanistonlik futbolchilar legioner sifatida Qirgʻiziston, Belarus kabi mamlakatlarda toʻp surmoqda.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasining eng qimmat futbolchisi Abduqodir Husanov Angliya Premyer-ligasida 3-turidan oʻrin olgan “Brayton” – “Manchester Siti” oʻyinida jarohat oldi va ushbu musobaqada terma jamoamizga yordam bera olmasligi aniq boʻlib ulgurdi.
Oʻzbekiston terma jamoasining ayni vaqtdagi eng qimmat futbolchisi endi Abbosbek Fayzullayev hisoblanadi. “Transfermarkt” portali uni 8 million yevroga baholamoqda.
Turkmaniston terma jamoasining eng qimmat futbolchisi esa “Transfermarkt” portaliga koʻra Teymur Chariyev. Uning narxi 250 ming yevroga teng.
Solishtirish uchun, Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga jalb etilgan futbolchilar ichida eng past qiymatga baholangan futbolchi Dilshod Komilov hisoblanadi. “Transfermarkt” portali uni 350 ming yevroga baholagan.
Oʻzaro oʻyinlar statistikasi
Oʻzbekiston va Turkmaniston terma jamoalari shu vaqtga qadar turli musobaqalar va oʻrtoqlik oʻyinlarida jami 13-marta toʻqnash kelishgan. Ushbu oʻyinlarning 11 tasida Oʻzbekiston terma jamoasi gʻalaba qozongan. Shuningdek, oʻtgan 2 ta oʻyindan 1 tasida durang natija qayd etilgan, yana biri Turkmaniston terma jamoasining gʻalabasi bilan yakunlangan.

Taʼkidlash kerakki, Turkmaniston terma jamoasi Oʻzbekiston eng koʻp magʻlub etgan terma jamoalar qatorida Qirgʻiz Respublikasidan soʻng, ikkinchi oʻrinda turadi.
Jamoalar soʻnggi bor 2024-yilning 6-iyunida Jahon chempionati saralashining 2-bosqichi doirasida Toshkentda toʻqnash kelgan. Ushbu oʻyin Srechko Katanes murabbiyligidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 3:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlangandi.

Ushbu oʻyindagi imkoniyatlar
Tarkib jihatdan qaralsa, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ushbu oʻyinda favoritdek. Lekin ayni paytda terma jamoaning kayfiyati yaxshi emas. Jamoani keyingi oydan kim boshqarishi nomaʼlum boʻlib turibdi. Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ham bu borada birorta pichoqqa ilinadigan axborot bermayotgani vaziyatni yanada chigallashtirmoqda.
Lekin ayni paytga kelib, FIFA kunlari start oldi va endi Abbosbek Fayzullayev, Eldor Shomurodov, Husniddin Aliqulov va boshqa legioner futbolchilar Oʻzbekiston terma jamoasi ixtiyoriga yetib keldi. Bu esa Timur Kapadze jamoasiga yanada ustunlik beradi.
Ikki jamoaga ham gʻalaba zarur, maydonda nima boʻlishini esa bugun bilib olamiz.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston – Turkmaniston oʻyini bugun, 2-sentyabr kuni soat 19:30 da start oladi.
Muhammadamin Zuhriddinov,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring