Fuqarolik jamiyati rivoji Oʻzbekiston tajribasi xalqaro darajada eʼtirof topmoqda

12:34 04 Dekabr 2025 Siyosat
95 0

2025-yilning 1-dekabr kuni poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ga start berilgan edi.

Bugun, 3-dekabr kuni haftalik doirasida “Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” mavzusidagi Milliy maʼruza taqdimotiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Tadbir Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Yuksalish” harakati, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, Mahallalar uyushmasi va Milliy media birlashmasi hamkorligida tashkil etildi.

Yangi Oʻzbekiston rivojlanishi bosqichida ilk bor tayyorlangan ushbu maʼruza mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning chuqur tahlili sifatida eʼtirof etildi.

Milliy maʼruzaning asosiy maqsadi – Oʻzbekistonda demokratik islohotlar natijasida shakllangan fuqarolik jamiyatining bugungi qiyofasini xolis baholash, erishilgan yutuqlar, zamonaviy chaqiriqlar va istiqboldagi strategik yoʻnalishlarni belgilashdan iborat.

Milliy maʼruzada fuqarolik jamiyati institutlari (FJI)ning rivojlanish dinamikasi va tendensiyalari, ularning samarali faoliyati uchun yaratilgan huquqiy va institutsional sharoitlar, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi ishtiroki kabi muhim masalalar tahlil qilingan.

Tadbirda har yili oʻtkazilishi anʼanaga aylangan mazkur haftalik FJI faoliyatini rivojlantirish sohasida amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish va ushbu yoʻnalishdagi islohotlar samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun muloqot maydoni vazifasini oʻtayotgani eʼtirof etildi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda qabul qilingan normativ huquqiy hujjatlar fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash sohasida butunlay yangi bosqich boshlanishiga asos boʻldi.

Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya FJI maqomini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etib, unda ilk bor “Fuqarolik jamiyati institutlari” deb nomlangan maxsus XIII bob kiritilishi tarixiy voqelik boʻldi.

Konstitutsiyada fuqarolik jamiyati institutlari tizimi aniq tasniflanib, ularga jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (mahalla) hamda ommaviy axborot vositalari kiritildi.

Bugungi kunda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini tartibga solishga yoʻnaltirilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar amal qilmoqda. Jumladan, 2021-yil “2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlanib, Konsepsiya sohadagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtardi, mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning yaqin va oʻrta muddatli istiqbollarini belgiladi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlarini islohotlarga keng jalb qilish, Oʻzbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha xabga aylantirish maqsadi belgilandi.

Yana bir muhim oʻzgarish. 2024-yil 26-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan sohada muhim institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi.

Xususan, Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi va uning hududiy boʻlinmalari tashkil etildi.

Fuqarolik jamiyati institutlariga davlat granti, subsidiya

va ijtimoiy buyurtmalarni ajratish shaffofligini taʼminlash maqsadida barcha bosqichlarni qamrab oluvchi va inson omilini keskin kamaytiruvchi yagona elektron platforma ishga tushirildi.

2025-yilda fuqarolik jamiyati institutlari muhim tashabbus va loyihalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 1 trillion 200 milliard soʻm mablagʻ jalb qilindi.

Shuningdek, OʻzNNTMA raisiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va uning qoʻmitalari majlislarida nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili sifatida ishtirok etish huquqi berildi.

Koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va qoʻllab-quvvatlash natijasida bugun Oʻzbekistonda 9 627 ta NNT, 9 008 ta fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, 2 490 ta ommaviy axborot vositalari hamda 3 000 ga yaqin turli jamoat tuzilmalari faoliyat yuritmoqda. Ularda 150 mingdan ortiq shaxslar mehnat qilmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish sohasidagi tajribasi va qadriyatlari xalqaro eʼtiroflarga sazovor boʻlmoqda. Xususan, Oʻzbekistonning “mahalla tizimi”ni isloh qilish boʻyicha noyob tajribasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

BMT, SHHT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida “Mahalla — ijtimoiy boshqaruvning samarali modeli” sifatida eʼtirof etilib, Markaziy Osiyo va boshqa rivojlanayotgan davlatlar tomonidan namuna sifatida oʻrganilmoqda.

Taʼkidlash zarurki, mamlakatimizda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan izlanish va harakatlar davom etmoqda. Erishilgan natijalar keyingi maqsadlarning muqaddimasiga aylanmoqda.

Buni bugun boʻlib oʻtgan davra suhbati misolida ham koʻrish mumkin. Unda ishtirokchilar fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari hamkorligini mustahkamlash, NNTlar faoliyatiga oid axborot taʼminotini kengaytirish, kadrlar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish kabi masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashdilar.

Shuningdek, NNTlarning ijtimoiy innovatsiyalar va grant menejmentidagi raqobatbardoshligini, jamoatchilik kengashlari faoliyati samaradorligini oshirish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish masalalariga oid qator takliflar ilgari surildi.

Davra suhbatida ishtirok etgan Belgiyalik mutaxassis, “Diplomatic World” institutining loyihalar direktori Alberto Turkstra qisqa vaqt ichida Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyati sohasidagi ildam odimlar, islohotlar amalda oʻz samarasini yaqqol namoyon etayotganini taʼkidladi.

– Oʻzbekiston bu yoʻlda YI va boshqa mamlakatlarning ilgʻor tajribalarini oʻrgandi, ammo uni koʻr-koʻrona koʻchirib olmadi. Islohotlar milliy davlatchilik anʼanalari, mentalitet va mahalliy ehtiyojlardan kelib chiqib moslashtirilgani ularning hayotiyligini taʼminladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Bryusselda imzolagan hujjatlarida ham fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, jamoatchilik ishtiroki va institutsional hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi vazifalarni oʻz ichiga olgan. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekistonning xalqaro hamkorlikka ochiqligi va demokratik islohotlarga sadoqatini tasdiqlaydi, – dedi Alberto Turkstra.

Qizgʻin munozaralarga boy boʻlgan davra suhbati misolida, fuqarolik jamiyati haftaligi – yangi tashabbus va loyihalar taqdimotlari uchun ochiq maydon vazifasini oʻtamoqda deb aytish mumkin. Ushbu maydon yangi gʻoyalarga, hamkorlik rishtalariga, innovatsion loyihalarning ishga tushishiga xizmat qilmoqda.

Davra suhbati yakunida “Fuqarolik jamiyatining holati va rivojlanish tendensiyalari” toʻgʻrisidagi Milliy maʼruzaning fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha aniq taklif va xulosalari keng jamoatchilikka yetkazilishi qayd etildi.

Abdumutallib OʻKTAMOV,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?