Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari mustahkamlanmoqda

11:03 30 Sentyabr 2023 Siyosat
2107 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Oliy Majlis Senatining qirq beshinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.

Maʼlumki, mamlakatimizda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, bu borada konstitutsiyaviy-huquqiy, qonunchilik, institutsional va amaliy kafolatlarni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, oilalar mustahkamligini, ularda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, jamiyat farovonligini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini alohida taʼkidlash lozim.

Biroq soʻnggi paytlarda mamlakatimizda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan koʻp xotinlik holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, reklama, koʻngilochar va tahliliy materiallar orqali koʻp xotinlik va uning “afzalliklari”ni targʻib qilish avj olmoqda. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tugʻilgan bolalar soni ham oshgan.

Respublika boʻyicha 2020-yilda 16 564 ta holatda tugʻilgan chaqaloqlar yolgʻiz ona arizasi asosida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlsa, 2022-yilda ushbu koʻrsatkich 18 955 tani tashkil etgan.

Konstitutsiyamizga asosan unda belgilangan huquq va erkinliklar faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur boʻlgan doirada cheklanishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bois mutasaddi idoralar tomonidan Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik tarixi va madaniy anʼanalarini inobatga olgan holda “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ishlab chiqildi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodekslariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targʻib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar oʻrtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Qonun bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini toʻsgan holda boʻlganlik uchun maʼmuriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda. Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holatlar ham inobatga olinmoqda.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik yanada mustahkamlanishiga, dunyoviy qadriyatlar saqlanib qolinishiga hamda xotin-qizlarning huquqlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер