Fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashga qaratilgan qonun muhokama markazida

15:48 28 May 2025 Siyosat
169 0

Senatning 7-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessida majburlov choralari instituti takomillashtirilayotganligi munosabati bilan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish tizimini yaratishga, “Inson shaʼni va qadr-qimmati uchun” tamoyili asosida uni yangi bosqichga koʻtarishga, sud organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar olib borilmoqda.

Mazkur Qonun ham ana shu tizimli islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga hamda “Prokuratura toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlarga bir qator qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksi yangi bob bilan toʻldirilib, unda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qoʻyish maqsadi va asoslari, Oʻzbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qoʻyish toʻgʻrisida iltimosnoma qoʻzgʻatish, bunday iltimosnomani koʻrib chiqish, sud ajrimi, Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qoʻyish yoki cheklashni rad etish kabi normalar bayon etilgan.

Bundan tashqari, “Sudlar toʻgʻrisida”gi hamda “Prokuratura toʻgʻrisida”gi qonunlarga sudlar tomonidan pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish haqida iltimosnomani koʻrib chiqish, shuningdek, prokurorlar tomonidan pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish haqida iltimosnomani koʻrib chiqish va rozi boʻlgan taqdirda sudlarga kiritishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilmoqda.

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashga, odil sudlovning sifatini yanada oshirishga qaratilganligi bilan ahamiyatli.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер