Fuqarolar koʻp mablagʻ olmayapti! Oʻzbekistonda pensiya islohoti amalga oshirilishi mumkin

01:07 10 Iyul 2024 Iqtisodiyot
327 0

Oʻzbekistonda keng koʻlamli pensiya islohotlar amalga oshirilishi mumkin. Ushbu tashabbus Strategik islohotlar agentligining Oʻzbekistonda pensiya tizimini yaxshilash imkoniyatlarini oʻrganib, tayyorlagan bir qator takliflarida oʻz aksini topgan.

Unda qayd etilishicha, Oʻzbekiston “Allianz Pension Ranking 2023” pensiya reytingida 75 ta mamlakat qatorida 71-oʻrinni egallagan (Qozogʻiston – 34, Rossiya – 37, Turkiya – 59-oʻrinda). Mazkur reyting uchta sub-indekslarga asoslangan, bular: bazaviy sharoitlar, barqarorlik va pensiya tizimining monandligi. Ular 1 dan 7 gacha boʻlgan shkala boʻyicha baholanadi (bunda 1 – eng yuqori baho). Oʻzbekistonning umumiy bahosi 4,5 ni tashkil etgan (bazaviy sharoitlar boʻyicha 4,4; barqarorlik boʻyicha 3,6 va monandlik boʻyicha 5,3).

Oʻzbekistonda pensiya badallari darajasi (12-25 foiz) boshqa mamlakatlarga nisbatan yuqori hisoblanadi. Biroq toʻlovlarning yalpi koeffitsiyenti (55 foiz) oʻrtacha. Ushbu koʻrsatkich ishchining oʻrtacha ish haqiga nisbatan olingan oʻrtacha pensiyani koʻrsatadi. Bu nomuvofiqlik fuqaro pensiya badallaridan koʻp mablagʻ olmayotgani va pensiyalar juda past ekanini anglatadi.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonda norasmiy bandlik yuqori boʻlgani sababli pensiya taʼminoti tizimining qamrovi past boʻlib – 38 foizni tashkil etadi. Pensiya mexanizmlari sifatida foydalanish mumkin boʻlgan rasmiy moliyaviy xizmatlar ommabopligi ham past.

Oʻzbekiston pensiya tizimi majburiy badallar boʻyicha belgilangan toʻlov tizimidan iborat boʻlib, borgan sari davlat byudjetidan koʻproq moliyalashtirilmoqda.

Soʻnggi 10-yilda Pensiya jamgʻarmasi daromadlari 3,4 baravarga oshgan boʻlsa, xarajatlari 5 baravarga oshgan. 2020-yildan pensiya toʻlovlarini moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan doimiy ravishda transfert ajratilmoqda.

2022-yilda transfert miqdori 11 trln soʻm (jami xarajatning 24,7 foizi)ni tashkil etgan boʻlsa, 2023-yilda 15 trln soʻm (29 foiz) koʻzda tutilgan. 2030-yilda transfert miqdori 38 trln soʻmga yetishi prognoz qilinmoqda.

Aksariyat mamlakatlarda mazkur komponent kasbiy pensiya dasturlari yoki shaxsiy jamgʻarish dasturlari bilan toʻldiriladi. Oʻzbekistonda kasbiy pensiya rejalari mavjud emas. Mavjud boʻlgan yagona individual jamgʻarish dasturi majburiy boʻlib, badallar stavkasi past boʻlgani (oylik ish haqining 0,1 foizi) va cheklovchi qoidalari koʻp boʻlgani bois katta ahamiyat kasb etmaydi.

Ushbu mablagʻlarga har yili inflyatsiya miqdorida foiz daromadlari (2021-yilda 10 foiz, 2022-yilda 12,4 foiz, 2023-yilda 8,8 foiz) hisoblansa-da, fuqarolar oʻz jamgʻarmalarini ixtiyoriy ravishda boshqa moliyaviy instrumentlarga yoki bank omonatlariga yoʻnaltirish huquqiga ega emas.

Strategik islohotlar agentligi Oʻzbekistonda pensiya tizimini takomillashtirish uchun quyidagilarni taklif qilmoqda:

  • Xalq bankidagi amaldagi majburiy pensiya jamgʻarma hisobvaraqlari tizimi ixtiyoriy, moslashuvchan va boshqa banklar uchun ochiq shaklga oʻtkazilishini taʼminlash;
  • yirik ish beruvchilarga kasbiy pensiya taʼminoti tizimini joriy etishga ruxsat berish, ularni moliya institutlari bilan hamkorlik uchun bogʻlash;
  • oʻzini oʻzi band qilganlar tomonidan davlat pensiya jamgʻarmasiga kiritiladigan badallar miqdorini bir martalik qatʼiy belgilangan miqdor oʻrniga daromadlariga bogʻliq qilib belgilash. Ularga oz miqdorda badal kiritishga ruxsat berish;
  • har bir pensiya uchun maʼmuriy va operatsion xarajatlarni kamaytirish uchun davlat pensiya jamgʻarmasi boshqaruvini takomillashtirish. Shaffoflikni oshirish, pensiyaning aniq mezonlarini belgilash. Tizimni yanada avtomatlashtirish xarajatlarni kamaytirish imkoniyatini beradi;
  • rasmiy bandlik darajasini, shu jumladan, xotin-qizlar oʻrtasida oshirish. Bu pensiya taʼminoti tizimiga badallar bazasini va aholining qamrov darajasini oshirish imkonini beradi.

Agentlikka koʻra, pensiya tizimini takomillashtirish maqsadida prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish kerak.

“Bunda: pensiya tizimini keng koʻlamli isloh qilish, shu jumladan pensiya tayinlash shartlarini qayta koʻrib chiqish, pensiya yoshini umr davomiyligiga moslab qayta koʻrib chiqish, ish staji yoki pensiya olish uchun badallarni qayta koʻrib chiqish, pensiya tizimining moliyaviy barqarorligini taʼminlash va aholi qamrovini oshirish kabi jihatlar inobatga olinishi maqsadga muvofiq”, deyiladi rasmiy axborotda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер