Fransiyaning yangi elchisi TIV rahbariga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi

12:56 04 Sentyabr 2025 Siyosat
176 0

Foto: Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Bugun, 4-sentyabr kuni Fransiyaning Oʻzbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Ualid Fuk Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda TIV rahbari oʻzining Telegram kanalida maʼlum qildi.

Vazir xabarida Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi mustahkam tarixiy zamin va boy anʼanalarga ega munosabatlar soʻnggi yillarda yuqori surʼatlar bilan rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini qayd etgan.

“Bugungi kunda hamkorlik iqtisodiyotdan tortib madaniyatgacha boʻlgan barcha sohalarni qamrab olmoqda. Shu bilan birga, mavjud salohiyat yanada keng boʻlib, uni toʻliq roʻyobga chiqarish uchun diplomatlarimizning hamkorlikdagi saʼy-harakatlari muhim ahamiyat kasb etadi”, deb yozgan Baxtiyor Saidov.

Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Ualid Fukning Oʻzbekistondagi faoliyatida yuksak muvaffaqiyatlar va samarali mehnat tilagan.

Maʼlumot uchun, yangi elchi 2025-yil 27-avgustdan eʼtiboran Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchisi lavozimiga kirishgan. U 2021-yilning oktyabridan 2025-yil avgustigacha mazkur lavozimda ishlab kelgan Oreliya Bushezning oʻrnini egalladi.

Qayd etish joiz, Ualid Fuk tajribali diplomat hisoblanadi, u 2010-2014-yillarda Fransiya Tashqi ishlar vazirligining Strategik ishlar, xavfsizlik va qurolsizlanish boʻyicha direksiyasida, 2014-2017-yillarda Fransiyaning Pekindagi elchixonasida, soʻngra Fransiyaning Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakolatxonasida (2017-2019) ishlagan.

Keyinchalik esa Markaziy maʼmuriyatga Osiyo va Okeaniya hamda Uzoq Sharq boʻyicha direktor sifatida qaytgan (2019-2020). Ualid Fuk 2020-2025-yillarda Fransiya Respublikasi Prezidentining Osiyo, Okeaniya va Amerika boʻyicha maslahatchisi etib tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер